“Naruto” filmining suratga olish ishlari 2027-yilda boshlanadi

“O‘rgimchak odam: Yangi kun” filmi rejissyori Destin Daniel Kretton “Naruto” mangasining to‘liq metrajli ekranizatsiyasi ustidagi ishlarni davom ettiradi. The Hollywood Reporter ma’lumotlariga ko‘ra, film suratga olish ishlari 2027-yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.
Kretton “Naruto” loyihasi ustida “O‘rgimchak odam: yangi kun” filmiga rejissyor etib tayinlanishidan avval ham ishlagan. Marvel filmi ustidagi ishlar yakunlangach, u Lionsgate uchun tayyorlanayotgan ekranizatsiyaga qaytadi.
Film Masashi Kishimoto tomonidan 1999−2014-yillarda yaratilgan manga asosida suratga olinadi. Unda Yashirin Barg qishlog‘ida yashovchi yosh ninja Naruto Uzumaki haqida hikoya qilinadi. Naruto qishloqning eng kuchli va hurmatli ninjasi — Xokage bo‘lishni orzu qiladi.