“Monstr: Lizzi Bordenning tarixi” serialining ilk tizeri chiqdi

Syujet XIX asrdagi AQShning eng mashhur jinoyat ishlaridan biriga asoslangan.
Netflix Rayan Merfining “Monstr” antologiyasining “Lizzi Bordenning tarixi” deb nomlangan to‘rtinchi mavsumining ilk tizerini taqdim etdi.
Syujet XIX asrdagi AQShning eng mashhur jinoyat ishlaridan biriga asoslangan. 1892-yilda Lizzi Borden Massachusets shtatining Fol-River shahridagi uyida otasi Endryu va o‘gay onasi Ebbi qotilligida ayblangan. Sudda u oqlangan, jinoyat tafsilotlari esa hanuzgacha bahsli bo‘lib qolmoqda. Shu sababli “Monstr"ning avvalgi mavsumlaridan farqli ravishda, ijodkorlar jinoyatchining tasdiqlangan tarjimai holi emas, balki ko‘plab noma’lum jihatlar saqlanib qolgan voqeaga murojaat qilgan.
Bosh rolni Ella Bitti ijro etgan. Serialda Charli Hennam, Rebekka Xoll, Viki Krips, Billi Lurd, Jessika Barden, Joey Pollari va Sara Polson ham suratga tushgan. Lizzi antologiya markazida turgan ilk ayol qahramon bo‘ladi.
Premyera 17-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.