Javohir Zokirov 2006-yilda olgan "To‘ylar muborak 2" filmini namoyish etdi. U kino tarixi haqida gapirdi

Taniqli aktyor Javohir Zokirov 20 yil avval rejissyor sifatida suratga olgan “To‘ylar muborak 2” filmini o‘zining YouTube kanalida e’lon qildi. Komediya janridagi kinoda bosh rolni Javohir Zokirov va aktrisa Ra’no Shodiyeva ijro etgan.
Afisha.uz muxbiri rejissyor bilan bog‘lanib, 70 ming dollar sarflangan, ammo daromad keltirmagan film tarixi haqida so‘zlab berishini so‘radi.

Javohir Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, “To‘ylar muborak 2” filmi 2006-yilda Toshkentda suratga olingan. 2008-yilda kinoteatrda taxminan o‘n kun namoyish etilgan xolos.
“Bir kompaniya uni suratga olishga juda katta mablag‘ ajratgan. Hamma pulni, ya’ni 70 ming dollarni beminnat kinoga sarflaganman. Ammo bu filmdan bir tiyin ham foyda olmaganman. Chunki o‘sha vaqtda rejissyor Said Muhtorov “Faryod” nomli filmini suratga olgandi. U 7 ming dollar tikib, o‘n barobar ko‘proq foyda topgan. Mening filmim esa kassabop bo‘lmagan. “Faryod"da dard borligi bois butun kassaning pulini olib ketgan”, — deydi Javohir Zokirov.

“To‘ylar muborak 2"da jo‘ralari bilan kelin xonadoniga yo‘l olgan kuyov turfa sarguzashtlarni boshdan kechiradi. U shaharning turli joylarida bo‘lib, har xil insonlar bilan bog‘liq holatlarga duch keladi. Bu vaqtda uni qarindoshlari va kelin tomoni qidiradi. Kun davomidagi voqealardan so‘ng kuyov nihoyat to‘yi o‘tayotgan joyga — “Bahor” restoraniga yetib keladi.

Filmda o‘sha davrdagi Toshkent manzaralari ham aks etgan. Jumladan, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi, “Bodomzor” metro bekati atrofidagi binolar kabi joylarni ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, ayrim sahnalar “Bahor” restorani va Turkuaz (hozirgi “Chorsu savdo markazi”)da ham syomka qilingan.

“To‘ylar muborak 2"da ko‘plab taniqli san’atkorlar, xususan, Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirova, Elyor Nosirov, Yulduz Hamidova, Xosiyat Husanova, Farhod Abdullayev, Said Muxtorov suratga tushgan. Shuningdek, Mavluda Asalxo‘jayeva, Ruslan Sharipov, Radius-21 va boshqa xonandalarni ham ko‘rish mumkin.

Javohir Zokirov rejissyorlik faoliyatini “To‘ylar muborak-2” filmi bilan boshlaganini aytdi.
“Bu rejissyorlikdagi birinchi ishim bo‘lgan. Hech qanday qiyinchilik bo‘lmagan. Hamma san’atkorlar taklifimga ko‘ngan. Kimgadir pul berganman, kimdir bepul ishtirok etgan. Mavluda opa bepul chiqqan. Qolganlarning hammasiga haqini to‘laganman”, — deydi Zokirov.

U rejissyor sifatida 2017-yilda “Toshkentim onam” nomli ikkinchi filmini olgani, shuningdek, “Qo‘chqor akaning sarguzashtlari” filmida ham rejissyor yordamchisi bo‘lganini ta’kidladi.
Javohir Zokirov so‘nggi yillarda ijoddan tashqari, YouTube orqali o‘z hayoti va o‘tmishiga oid videolarni ham taqdim etmoqda.
“O‘zim haqimda ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan holatlarni, o‘tmishimni, turli lokatsiyalarni tanishtiryapman. Bu hayot g‘animat. Ertaga bormi yoki yo‘qmi — noma’lum. Bolalarimning o‘lib ketganimdan keyin „Otam qayerlarda nima qilgan ekan?“, degan savollariga javob topishi uchun shu ishlarni qilayapman. Odam o‘zini tanishga urinsa, Allohni ham ko‘proq tanir ekan. Keyin bu dunyoning o‘tkinchi ekanini ham tushunib qolarkan”, — deydi u.

“To‘ylar muborak 2” filmini to‘liq holatda YouTube orqali tomosha qilish mumkin.