Bollivud yulduzi Shohrux Xon O‘zbekistonga kelishi mumkin

Hindistonlik mashhur aktyor Shohrux Xon va prodyuser Karan Joharning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAVga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida madaniy aloqalar, ayniqsa, kino sohasida, uzoq tarixga ega boʻlib, ikki mamlakat ijodkorlari ishtirokida yangi filmlar suratga olish rejalashtirilmoqda.
“Bir paytlar hind va o‘zbek ijodkorlari hamkorligida olingan filmlar bugun ham qardosh xalqlarimiz uchun qadrli. Shu tajribani qayta shakllantirish maqsadimiz bor. Kelgusida har ikki xalqqa, kerak bo‘lsa, butun dunyoga qiziq bo‘ladigan darajadagi qo‘shma filmlarni suratga olish rejalashtirilyapti”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, Hindiston kino yulduzi Shohrux Xon va prodyuser Karan Joharning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Nazarbekovning qayd etishicha, Shohrux Xonning O‘zbekistonga kelib, mahalliy kinoijodkorlar bilan uchrashuv va mahorat darslari o‘tkazishi, shuningdek, katta maydonda konsert berishi bo‘yicha takliflar bildirilgan.
“Ularning O‘zbekistonga kelishga qiziqishi juda yuqori. Hatto Shohrux Xonning o‘zi yosh kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar, mahorat darslari o‘tkazish va kattaroq maydonda konsert berish bo‘yicha taklif bildiryapti. Hozir shu ishlar ustida muzokaralar olib boryapmiz”, — deydi vazir.
U hozircha Shohrux Xonning tashrifi bo‘yicha aniq kelishuvga erishilmaganini ta’kidladi.
“Katta gapirib qo‘ymaylik, chunki xalqimiz Shohrux Xonni juda yaxshi ko‘radi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha kutadi. Agar kelishuvga erishsak, buni, albatta, xalqimizga e’lon qilamiz”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.
"Bollivud qiroli" 58 yoshda: Shohrux Xon filmlaridagi mashhur saundtreklar
Ko‘pchilik Hindiston deganda Toj Mahal yoki milliard aholisi bor mamlakatni emas, hind kinolari, ulardagi raqslarni ko‘z oldiga keltirishi tabiiy. Hind kinolarida bir shaxs bor, aktyor. Aksariyat odamlar — yoshu qari uni juda yaxshi taniydi, ayniqsa o‘rta yoshdagilar u rol ijro etgan kinolarni sevib tomosha qilgan. U butun boshli hind kinolaridan-da ustun turar balki. Uning ismi Shohrux Xon (“va u terrorchi emas”). U bugun, 2-noyabr kuni 58 yoshga to‘ldi.