“Haqiqiy do‘stni ajrata olishga undaydi”: “Chumoli” jamoasining “Do‘st” filmi premyera qilindi

Instagram’ning o‘zbek segmentida hayotiy muammolarni ko‘rsatishi orqali mashhurlikka erishgan “Chumoli” jamoasi katta masshtabli loyihaga qo‘l urdi. Ular o‘zining “Do‘st” nomli ilk filmini suratga oldi. Afisha.uz muxbiri do‘stlik, hasad va insonlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida hikoya qiluvchi filmning Magic Cinema’da bo‘lib o‘tgan premyerasidan reportaj tayyorladi.
Jamoa mualliflari Jasur Rustamov va Bahodir Rahimov film g‘oyasi, Qozog‘istondagi suratga olish jarayonlari, aktyorlar, byudjet va film ustidagi qariyb yarim yillik ish haqida so‘zlab berdi.
“Bu illatlarni ko‘proq his qilganmiz”
“Chumoli” jamoasi Instagram’dagi qisqa videolardan katta kinoga o‘tishni avvaldan maqsad qilgan. Jamoa mualliflaridan biri Jasur Rustamovning aytishicha, Instagram’dagi uch yarim yillik faoliyat kino industriyasiga qaytish rejasining bir qismi bo‘lgan.
“Biz kino sohasidan chiqqan ijodkorlarmiz. Instagram’dagi faoliyatimizni yana kino industriyasiga qaytishga bo‘lgan bir reja desa ham bo‘ladi. Shu maqsadda kattaroq va boshqacharoq nom bilan kinoga qadam tashlashga harakat qilyapmiz”, — deydi Rustamov.

Jasur Rustamov.
Filmning dastlabki ikki qismi shorts formatida Instagram’da e’lon qilingan. Tomoshabinlar ularning davomini so‘ray boshlagach, jamoa hikoyani katta ekranga olib chiqishga qaror qildi. Filmning asosiy mavzusi — do‘stlik. Shu bilan birga, asarda hasad, boshqalarning yutug‘ini ko‘ra olmaslik kabi holatlar ham ko‘tarilgan.
“Hasad yoki shunga o‘xshagan har xil illatlarga o‘zimizning fikrimiz, javobimiz bor. Qolaversa, erkaklar jamoasi bo‘lganimiz uchun bu mavzu bizga begona emas, uni ko‘proq his qilganmiz”, — deydi Rustamov.

Jamoaning yana bir muallifi Bahodir Rahimov esa filmda aynan erkaklar o‘rtasidagi do‘stlik asosiy o‘rinda turishini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, film tomoshabinni atrofidagi insonlarga e’tiborli bo‘lish va haqiqiy do‘stni ajrata olishga undaydi.
Film posterida ham “Eng sodiq do‘st — bu o‘lim” degan yozuv bor. Rahimov bu iborani filmning falsafiy mazmuni bilan bog‘laydi.
“Atrofingizdagilarga ehtiyot bo‘ling, haqiqiy do‘stni toping. Shunaqa ma’noda”, — deydi u.
Jamoa film voqealari rivoji tomoshabin uchun kutilmagan bo‘lishini ham ta’kidlaydi. Asar davomida turli burilishlar bo‘lib, oxirida ham voqealar kutilmagan tarzda yakunlanadi.
Qozog‘istondagi suratga olish
“Do‘st"ning taxminan 70 foizi Qozog‘istonning Olmaota shahrida suratga olingan. Filmning ayrim sahnalari nima uchun xorijda ishlangani esa syujet bilan bog‘liq.
Rahimovning tushuntirishicha, filmdagi qahramonlardan biri O‘zbekistondan qochib ketgan va mamlakatga qayta olmaydi. Shuning uchun voqealar mantig‘iga ko‘ra, ayrim sahnalarni qo‘shni davlatda suratga olish zarurati paydo bo‘lgan.
“Syujet tomonidan kelib chiqib, bitta qahramon O‘zbekistondan qochib ketgan va u O‘zbekistonga kira olmas edi. Shuning uchun ham syujet jihatdan chetda olishimiz kerak edi”, — deydi Rahimov.

Qozog‘istondagi suratga olish jarayonida jamoa uchun eng qiyin sahna ham aynan filmning yakuniy qismidagi dron ishtirokidagi epizod bo‘lgan. Ob-havo yomon kelganiga qaramay, sahnani suratga olish kerak edi.
Bundan tashqari, jamoaning Toshkentga qaytish uchun belgilangan reysiga ham ikki soat qolgan. Shu sababli asosiy guruh aeroportga jo‘natilgan, Raximov va bir necha jamoa a’zosi esa sahnani tugatish uchun joyida qolgan.
Nega deyarli taniqli aktyorlar suratga tushmagan?
Filmda taniqli aktyor va aktrisalarning deyarli jalb etilmagani esa jamoaning asosiy maqsadi — g‘oyani ekranga olib chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Rustamovning aytishicha, jamoa shunga qaramay, ayrim rollar uchun mashhur aktyorlarni jalb qilishga harakat qilgan. Xususan, filmning katta qismi Olmaotada suratga olingani sababli, qozog‘istonlik tanilgan aktyorlar bilan ham hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Biroq gonorar masalasida kelishuvga erishilmagan.
“Ularning katta gonorar so‘raganiga hech qanday e’tirozimiz yo‘q. Albatta, ular bunga arziydi. Balki, nasib qilsa, keyingi loyihalarda hamkorlik qilarmiz”, — deydi Rustamov.
Byudjet — 300 million so‘m
“Do‘st"ni suratga olish uchun taxminan 300 million so‘m sarflangan. Rustamov bu mablag‘ni katta kino byudjetlari bilan solishtirganda unchalik katta emasligini, ammo jamoa uchun sezilarli summa ekanini ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, “Chumoli” jamoasi uchun film faqat bir martalik loyiha emas. Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, Instagram’dan kino formatiga o‘tish rejasi hali ham davom etmoqda. U bugun boshqa blogerlar ham shu yo‘nalishda harakat qilayotganini qayd etadi.

U Mittivine, Ozodbek Vines jamoalari va Zebo Rahimova bilan ishlanayotgan kinoloyihalarni misol qilib keltirib, “Chumoli"ning ham asosiy maqsadi o‘zbek kinosi rivojiga hissa qo‘shish ekanini aytdi.
“Oliy maqsadimiz — o‘zbek kinosini qo‘limizdan kelgancha jonlantirish”, — deydi Rahimov.
Filmning suratga olish jarayonlari ikki oy davom etgan. Keyingi bosqichda eng ko‘p vaqt ovozlashtirishga sarflangan — bu jarayon taxminan uch oy davom etgan. Shundan so‘ng montaj va dublyaj ishlari bajarilgan.
Shu tariqa “Do‘st” filmini yaratish jarayoni boshlanganidan yakunigacha qariyb yarim yil vaqt olgan.
Filmni iTV platformasida tomosha qilish mumkin.