Tom Hardi ishtirokidagi “Gangsterlend” seriali uchinchi mavsumga uzaytirildi

Paramount+ “Gangsterlend” (MobLand) kriminal dramasini uchinchi mavsumga uzaytirdi.
Tom Hardi bosh rolga qaytadi, shuningdek, Xelen Mirren va Pirs Brosnan ham o‘z qahramonlarini ijro etishda davom etadi. Serialning ikkinchi mavsumi premyerasi hali bo‘lib o‘tmasidan turib, loyihani davom ettirishga qaror qilingan. Yangi mavsum 18-sentabr kuni Paramount+ platformasida namoyish etiladi.
Serial markazida London jinoyat olamida manfaatlari to‘qnashadigan ikki jinoiy oila — Harriganlar va Stivensonlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik turadi. Tom Hardi professional vositachi va “muammolarni hal qiluvchi” Garri Da Souzani, Pirs Brosnan oila boshlig‘i Konrad Harriganni, Xelen Mirren esa uning xavfli va ta’sirchan rafiqasi Meyvni gavdalantiradi.
“Gangsterlend” serialini Gay Richi yaratgan va ssenariysini yozgan. U loyiha ijrochi prodyuseri sifatida ham ishlagan. Mazkur serial Paramount+ platformasining e’tiborga molik original dramalaridan biriga aylangan. Uchinchi mavsumga uzaytirilgani esa platformaning loyiha muvaffaqiyatiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.