Ayol qadri haqida film: "Qurtlagan olma" psixologik trilleri premyera qilindi

Instagram’ning o‘zbek segmentida turli mavzulardagi vaynlari bilan tanilgan “Bek_vines” jamoasi “Qurtlagan olma” nomli ilk filmini suratga oldi. Psixologik triller-drama janridagi filmda xotin-qizlarni qadrlash, kechirish va zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaslik mavzulari ko‘tarilgan. Afisha.uz muxbiri “Qurtlagan olma"ning Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tgan premyerasidan reportaj tayyorladi.
Filmda Ozodbek Manapov, Senur (Sevinch Boboqulova), Ibrohim Erkinjonov, Mirsulton Marufov, Zuhra Soliyeva, Nigina Jabborova kabi aktyor va aktrisalar ishtirok etgan.
“Ichidan qurtlagan odamlar ham bor”
“Bek_vines” jamoasi sardori Ozodbek Manapov rejissyorligida suratga olingan film markazida 10 yoshli Madinaning taqdiri turadi. Ruhiy jarohat olgan qizaloq odamlar bilan munosabat o‘rnatishda qiynaladi, oila qurishdan qo‘rqadi. Atrofidagilarning munosabati esa bu holatni yanada og‘irlashtiradi.
Madinaning hayotiga ayollarni o‘zidan past ko‘radigan Jasurning kirib kelishi voqealarni keskinlashtiradi. Ularning to‘qnashuvi orqali filmda ayollarga munosabat, zo‘ravonlik va inson xatolariga qanday qarash kerakligi haqida so‘z boradi.

Film nomi ham shu g‘oya bilan bog‘liq. Ozodbek Manapov “qurtlagan olma"ni insonning ichki dunyosiga qiyos sifatida ishlatgan.
“Kinoda „Qurtlagan olmadan emas, ichidan qurtlagan odamlardan qo‘rqqin“, degan jumla ishlatilgan. Shu ma’noga ishora qiluvchi bir nechta epizod ham bor va ularning mazmuni voqealar rivoji davomida ochiladi. Tan olish kerak, oramizda ichidan qurtlagan odamlar ham yo‘q emas”, — deydi u.
Madina rolini ijro etgan Sevinch Boboqulova ham film nomini metafora bilan izohlaydi. “Olmaning yaxshi va qurtlagani bo‘lganidek, insonning ham tashqi ko‘rinishi uning ichki dunyosi bilan har doim bir xil emas”, — deydi aktrisa.

“Aybi bor odamlarni ham kechirish kerak”
Filmning yana bir asosiy g‘oyasi — kechirimli bo‘lish. Manapovning fikricha, jamiyatda odamlar bir-biriga nisbatan toqatsiz va agressiv bo‘lib bormoqda.
“Odamlar kechirimli emas, agressiv. Har bir odamning aybi bor. Shunaqa aybdor odamlarni kechiringlar, ular ham yashashga haqli. Balki u ayb uning o‘z xohishi bilan bo‘lmagandir, kimdir sababchi bo‘lgandir”, — deydi rejissyor.
Shu orqali film insonga yana bir imkoniyat berish, xotin-qizlarni hurmat qilish va zo‘ravonlikka ko‘z yummaslikka chaqiradi.

Instagram`da asosan quvnoq va yumorga boy kontentlari bilan tanilgan Sevinch Boboqulova uchun esa filmdagi Madina obrazi jiddiy sinov bo‘lgan. Aktrisa rol uni ruhan ancha qiynaganini aytadi.
“Ruhan menga shunchalik zarba bo‘lganki, tushimda bitta aktyorni pichoqlaganimni ko‘rdim”, — deydi u.
Boboqulovaning fikricha, qahramonning boshidan kechiradigan holatlarini tomoshabin ekranda his qilishi kerak.

Aktrisa uchun filmning asosiy g‘oyasi esa ayol qadri bilan bog‘liq.
“Kinoning asl ildizi ayol qadri haqida. Ayollarning hozirgi jamiyatdagi o‘rni, ehtiyot bo‘lishi kerakligi, erkaklarning bilib-bilmasdan qilgan har bir ishi nimalarga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatib berilgan”, — deydi u.
Instagram’dan katta ekranga
“Qurtlagan olma” — Ozodbek Manapovning kinodagi ilk ishi. Bir necha yil davomida Instagram uchun qisqa roliklar tayyorlagan ijodkor uchun to‘liq metrajli film suratga olish yangi tajriba bo‘ldi.
Manapov film olishga birinchi marta 2024-yilda uringan. Ssenariylar tayyorlangan, ammo o‘sha paytda bu ishni boshlashga jur’at yetmagan. 2026-yilga kelib, u qarorini o‘zgartirdi.
“Qilmasang bo‘lmaydi, bu sening ichingdagi olov, qilishing kerak. Nima bo‘lsa bo‘ldi — pulga kuyasanmi, odamlarning kulgisiga qolasanmi yoki balki olqishiga qolarsanmi, degan narsa meni to‘xtata olmadi”, — deydi rejissyor.
Shu tariqa Instagram vaynlaridan katta ekranga qadam qo‘yildi.

Manapovning aytishicha, “Qurtlagan olma"ga taxminan 50 ming dollar sarflangan. Ayrim ishlar esa hamkorlar va tanishlarning ko‘magi bilan amalga oshirildi.
“Kinoga 50 ming dollarga yaqin pul ketdi. Ko‘p narsa “rahmat"ga bitdi”, — deydi u.
Rejissyorning ta’kidlashicha, film uchun sarflangan mablag‘ni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatishdan ma’no yo‘q.
“Birinchi ishda har doim xato bo‘ladi”

Manapov “Qurtlagan olma"ni mukammal ish deb hisoblamaydi. Aksincha, filmni birinchi tajriba sifatida qabul qilib, tomoshabinlarning tanqidiga ham tayyor.
Filmda professional aktyorlar ham ishtirok etgan. Rejissyorning umidi — ssenariy va aktyorlar ijrosi birinchi ishdagi ayrim kamchiliklarni qoplay olishi.
“Hech qaysi ish bittada ideal bo‘lmaydi. Men hozir bu kinoyimizda xato yo‘q, biz eng zo‘rimiz demayman. Birinchi ishda har doim xato bo‘ladi”, — deydi u.
Manapov filmni ko‘rgan yaqinlaridan ham kamchiliklarni ochiq aytishni so‘ragan. Uning fikricha, bu tanqidlar keyingi ishlar uchun tajriba bo‘ladi.
“Qurtlagan olma” esa ijodkorlar uchun nafaqat birinchi film, balki Instagram’da shakllangan auditoriyani katta ekranga olib chiqishga qilingan ilk urinish bo‘ldi.