“Ilon — yadroviy bomba”: Ilon Mask haqidagi hujjatli film tizeri e’lon qilindi

E’lon qilingan sana· 274
“Ilon — yadroviy bomba”: Ilon Mask haqidagi hujjatli film tizeri e’lon qilindi

Rejissyor Aleks Gibning Ilon Mask haqidagi yangi hujjatli filmining ilk tizeri namoyish etildi. “Mask” deb nomlangan filmning jahon premyerasi 8-sentyabr kuni 83-Venetsiya kinofestivalida bo‘lib o‘tadi. Filmning davomiyligi qariyb 4 soatni tashkil qiladi.

48 soniyalik tizerda SpaceX raketalarining parvozlari aks etgan kadrlar fonida Mask haqida turli fikrlar yangraydi: “Ehtimol, u zamonamizning eng buyuk ixtirochisidir. U haqiqiy Temir odam. U barcha davrlarning eng buyuk bunyodkorlaridan biridir”.

Biroq rolik davomida Mask haqidagi ta’riflar tobora keskinlashadi: “U tarixdagi eng buyuk kapitalist. U tartibsiz, oldindan aytib bo‘lmaydigan, o‘zboshimcha, ochiqchasiga shafqatsiz va xudbin. U fashist”. Tizer yakunida esa: “Ilon — bu yadroviy bomba”, degan jumla yangraydi. Ayni shu lahzada kosmik kema yerga qulab, portlab ketadi.

Aleks Gibni film ustida ishlayotganini 2023-yil martida e’lon qilgan. O‘shanda Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida rejissyor u haqda “fosh qiluvchi material” tayyorlayotganini taxmin qilgandi.

Film uchun “Talking Heads” guruhi solisti Devid Birn maxsus “Let Me Sell You a Dream” deb nomlangan qo‘shiq yozgan va ijro etgan.

Gibnining o‘zi 2008-yili “Taxi to the Dark Side” hujjatli filmi uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Rejissyor shuningdek, Mixail Xodorkovskiy haqidagi “Fuqaro X”, “Stiv Jobs: Mashina ichidagi odam”, “Armstrong yolg‘oni” va “Ixtirochi” kabi hujjatli filmlarni ham suratga olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling