"Hayot pulti", "Zoʻraki millioner", "Baxtiyor Gilmor": Adam Sendler rol ijro etgan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 200
"Hayot pulti", "Zoʻraki millioner", "Baxtiyor Gilmor": Adam Sendler rol ijro etgan 10 ta film

Bugun, 9-sentyabr kuni oʻzining tugʻilgan kunini nishonlayotgan Adam Sendlerni tanqidlar ostida oʻsgan aktyor deyish mumkin. U hozirgi vaqtgacha shunchalik koʻp filmlarda “turli” rollarni ijro etganki, ularni bemalol adashtirib yuborish mumkin. Uning komediyalari yillar davomida tanqidchilardan past baholar olib, hatto “Oltin malina” nominatsiyalarida muntazam ko‘rinish bergan. Ammo bu Sendlerga o‘z auditoriyasini topish, filmlarini kassabop qilish va komediya janrining eng taniqli aktyorlaridan biriga aylanishiga xalaqit bermagan.

Aktyorning filmografiyasida sodda hazillar, romantika va absurd vaziyatlar ortida ulg‘ayish, oila, do‘stlik, sevgi va hayotdagi muhim narsalarni kech anglash kabi mavzular yashiringan. Instagram’dagi kinoblogerlardan biri hazil tariqasida uni buyuk rus rejissyori Andrey Tarkovskiy bilan solishtirgani ham aktyorning ommaviy madaniyat uchun qoʻshgan xissasi ulkan ekanini koʻrsatadi.

Afisha.uz ushbu maqolada 60 yoshga kirgan aktyor rol ijro etgan eng yaxshi filmlarni bir yerga jamladi.

Happy Gilmore

Adam Sendler 1996-yilda premyera qilingan “Happy Gilmour” filmigacha ham bir qator loyihalarda ishtirok etgan. Ammo bu aktyorga katta mashhurlik olib kelgan kinokartinalardan biri hisoblanadi.

Gilmor bolaligidan xokkeyni yaxshi ko‘rardi, ammo unda to‘pga zarba berishdan tashqari, bu o‘yinda kerak boʻladigan “haqiqiy erkaklar” qobiliyati yo‘q edi. Tasodif Gilmorning qo‘liga golf klyushkasini tushib qoladi va uning zarbasi yigit nafratlanadigan bu sport turi tarixidagi eng kuchli zarba bo‘ladi. Ammo birgina nafrat bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi, golfda esa yutish mumkin boʻlgan sovrinlar koʻp.

Filmni tomosha qilish.


Big Daddy

Ha, Adam Sendler bu roli uchun “Eng yomon aktyor” nominatsiyasida “Oltin malina” mukofotiga loyiq koʻrilgan. Biroq “Big Daddy” komediyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kassa boʻyicha xitga aylangan. Biroq keyinchalik film baribir takror-takror koʻriladigan klassikaga aylangan. Tanqidchilarning salbiy baholariga qaramay, film optimizm, ta’sirchan syujet va bosh qahramonlarning jozibasi tufayli tomoshabinlarga manzur bo‘lgan.

Sonni 32 yoshda, lekin o‘zini xuddi bolalardek tutadi. U o‘z hayoti, ayniqsa, boshqalarning hayoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamaydi. Ammo uning vaqtincha shahardan ketgan do‘sti Sonnidan kichkina o‘g‘li Julianga qarab turishni so‘raydi. Shunday qilib, hayotining maqsadi va ma’nosi bo‘lmagan bekorchining mas’uliyatli va g‘amxo‘r otaga aylanishi boshlanadi. Muammo shundaki, Julian do‘stining o‘g‘li va bir kun kelib haqiqiy otasining yoniga qaytishi kerak.

Filmni tomosha qilish.


Punch-Drunk Love

Adam Sendlerning tanqidchilar tomonidan iliq qabul qilingan ilk rollaridan biri esa rejissyor Pol Tomas Andersonning “Punch-Drunk Love” kinokartinasiga toʻgʻri keladi. Aktyor 2003-yilda ushbu obrazi uchun “Oltin Globus” sovriniga ham nomzod boʻlgan.

Barri Iganning omadi chopmagan. Oilada yetti nafar qiz farzanddan keyin sakkizinchi farzand boʻlib tugʻilgan. Bu juda kuchli iroda talab etadi. Opa-singillarining soyasida qolib ketgan tirranchaning g‘irt asabiy va bir dunyo komplekslar bilan ulg‘aygani ajablanarli emas. Ular Barri kim bilandir ishqiy munosabat qurishga urinsa bas, bunga qat’iy to‘sqinlik qiladi. Barri o‘ttizdan oshgan, to‘satdan tutib qoladigan asabiylashishdan aziyat chekadi va odamlar bilan, ayniqsa, ayollar bilan sira til topisha olmaydi. Ammo taqdir Barridan hali yuz o‘girgani yo‘q — bir kuni u hayotini ostin-ustun qilib yuboradigan g‘alati bir qizni uchratadi.

Filmni tomosha qilish.


Mr. Deeds

Ammo yuqoridagi film bilan Sendlerning “Oltin malina” mukofoti bilan munosabatlari toʻxtab qolmadi. Oʻzbek tiliga “Zoʻraki millioner” deya tarjima qilingan kinokartina yuzaki hazillar va “ahmoqona” personajlar sabab koʻplab tanqidlarga uchragan. Aslida “Zoʻraki millioner” 1936-yildagi filmning remeyki hisoblanadi. Original film oʻz vaqtida “Eng yaxshi rejissyura” nominatsiyasida Oskar mukofotiga loyiq koʻrilgan.

Longfello Didsning ikkita iste’dodi bor — u shahardagi eng mazali pitsani tayyorlaydi va eng kulgili tabriknomalarni yozadi. Ammo kunlarning birida uning osoyishta hayoti tugaydi — amakisi Preston Bleyk unga 40 milliard dollar, media imperiya, futbol va basketbol jamoalari hamda shaxsiy vertolyotini meros qilib qoldiradi. Bu voqea darhol tanishlarning hasadini uyg‘otadi va matbuotning e’tiborini tortadi, shu jumladan, jurnalist Beyb Bennet ham baxtli yigitni ilintirishga qaror qiladi. Ammo o‘zining sodiq yordamchisi Emilio yordamida Didz barcha muammolarni hal qiladi va pul ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkinligini tushunadi. Biroq hamma narsani ham emas…

Filmni tomosha qilish.


Anger Management

2003-yilda, shuningdek, rejissyor Piter Sigalning “Anger Management” filmi ham ekran yuzini koʻrgan. Unda bosh rollarni Adam Sandler va Jek Nikolson ijro etgan. Komediyada shuningdek, Vudi Harelson ham rol oʻynagan.

Deyv yaxshi va mehribon yigit, lekin u juda uyatchan va ko‘pincha bundan aziyat chekadi. Kunlarning birida uning ichida g‘azab to‘planadi va u samolyotdagi styuardessaga g‘azabini sochadi, buning uchun uni salbiy his-tuyg‘ularni, xususan, g‘azabni boshqarish kursidan o‘tishga majbur qilishadi. Shunday qilib, Deyv doktor Baddi Raydell huzuriga keladi, ammo uning o‘zi ruhiy jihatdan beqaror ekanini tezda tushunadi. Deyvga terapiya kerak emas, ammo doktor boshqacha fikrda va yigit o‘zini nazorat qilishni o‘rganishi uchun Baddi bilan bir uyda yashaydi.

Filmni tomosha qilish.


50 First Dates

2004-yilda premyera qilingan ushbu film rejissyori ham Piter Sigal hisoblanadi. Film avvaliga yengil komediyadek koʻrinsa-da, yakunda katta falsafa ustiga qurilganini sezish mumkin.

Genri Rot jozibali qiz Lyusini sevib qoladi. Kichik to‘siqlarga qaramay, kechqurun qat’iyatli Romeo go‘zalning javobini olishga muvaffaq bo‘ladi. Yoshlar baxtli va ularning muhabbati abadiy davom etishiga ishonishadi. Afsuski, avtohalokat oqibatlari tufayli qiz ertalab kechagi voqealardan hech narsani eslay olmaydi. Bu uzoq yillardan beri davom etib kelayotgandi. Shunga qaramay, Genri taslim bo‘lmoqchi emas va o‘z sevgisi uchun kurashmoqchi, hatto buning uchun har kuni Lyusini sevib qolishiga to‘g‘ri kelsa ham!

Filmni tomosha qilish.


Spanglish

Bu film ham 2004-yilda premyera qilingan boʻlib, Adam Sendler bosh rollardan birini ijro etgan. Bu aktyorning mashhur filmlari sirasiga kirmasa-da, bugungi kundagi aktual muammolardan biri ustiga qurilgani bilan ajralib turadi.

Meksikalik Flor tashlab ketgan eri uchun yigʻlab, kichkina qizi bilan Amerika chegarasini kesib oʻtadi va toʻgʻridan-toʻgʻri Los-Anjelesga yoʻl oladi, u yerda lotin amerikasidan kelganlar aholining deyarli yarmini tashkil qiladi.

Filmni tomosha qilish.


Click

Oʻzbek tomoshabini Adam Sendlerni, asosan, ushbu “Hayot pulti” film bilan assotsiatsiya qiladi. 2006-yilda premyera qilingan fentezi komediya ham chuqur ma’noga egaligi bilan maqtana oladi.

Mehnatsevar arxitektor Mayklning qo‘liga masofadan boshqarish pulti tushib qoladi, uning yordamida hayotiy vaziyatlarni qayta yashash yoki to‘xtatib qo‘yish mumkin. Lekin texnika texnikaligicha qolaveradi va uning doim qandaydir kutilmagan sovg‘asi bo‘ladi. Tezlashtirilgan lahzalarni eslab qolgan pult o‘zboshimchalik bilan Mayklning hayotini o‘zgartira boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


Grown Ups

Adam Sandler, Kevin Jeyms, Kris Rok, David Speyd va Rob Shneyder bosh rollarni ijro etgan “Grown Ups” bolalikdagi doʻstlar uzoq yillardan keyin qayta uchrashadigan filmlar sirasiga kiradi. Eski hazillar, oilaviy muammolar, bolalikdagi raqobat va “biz qachon bunday ulg‘ayib qoldik?” degan savol aralashgan film syujetidan ko‘ra, besh eski do‘stning bir-birini ayamasdan masxara qilishi va yozgi ta’til atmosferasi bilan esda qoladigan yengil komediya hisoblanadi.

Bolalikda doʻst boʻlgan 5 nafar erkak 30 yildan so‘ng, Mustaqillik kunida (4-iyul) dam olish kunlari ko‘l bo‘yidagi yozgi uyda uchrashadi. Ular bu yerga maktab basketbol murabbiyi xotirasini yod etish va birgalikda g‘alaba qozongan chempionatning o‘ttiz yilligini nishonlash uchun oilalari bilan kelgan.

Filmni tomosha qilish.


Just Go with It

“Just Go with It” filmida Adam Sandler bilan birgalikda “Friends” serialidagi Reychel roli bilan mashhur boʻlgan Jennifer Eniston ijro etgan. Soxta nikoh, uydirma farzandlar va Gavayigacha yetib borgan yolg‘onlar zanjiri filmni yengil romantik komediyadan haqiqiy xaosga aylantiradi.

Plastik jarroh yoshgina o‘qituvchini sevib qoladi. U o‘z ahmoqligi tufayli tushib qolgan noqulay vaziyatdan qutulish uchun sodiq yordamchisidan o‘zini go‘yo ajrashmoqchi bo‘lgan xotini qilib ko‘rsatishni so‘raydi. Bir yolg‘on ketidan ikkinchisi keladi va mana endi hamkasblarining bolalari ham bu voqeaga aralashib qolаdi, endi ularning barchasi dam olish kunlari Gavayiga jo‘nab ketishi kerak.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling