Roblox’ning mashhur o‘yini “O‘rmonda 99 kecha” asosida film suratga olinadi

E’lon qilingan sana· 83
Roblox’ning mashhur o‘yini “O‘rmonda 99 kecha” asosida film suratga olinadi

Ekranlashtirish huquqini 20th Century Studios sotib oldi.

“O‘rmonda 99 kecha” nomli mashhur Roblox o‘yini asosida to‘liq metrajli badiiy film suratga olinadi. Ekranlashtirish huquqini avvalroq 20th Century Studios sotib olgan. Ssenariyni “O‘yinchoqlar tarixi 4” va “Transformers: Boshlanishi” filmlari rejissyori Josh Kuli yozadi. Prodyuserlar esa Sem Reymi (“Yovuz murdalar”) va Rob Tapert bo‘ladi.

“O‘rmonda 99 kecha” — voqealari qorong‘i o‘rmonda kechadigan survival horror janridagi o‘yin. O‘yinchilar 99 kecha davomida omon qolishi, qarorgoh qurib, uni saqlab turishi, resurslar to‘plashi va bedarak yo‘qolgan to‘rt nafar bolani topishi kerak. O‘rmonda qahramonlarga turli maxluqlar, jumladan, asosiy raqiblardan biriga aylanuvchi bug‘u ham qarshi chiqadi.

O‘yinni Yangi Zelandiyaning Grandma’s Favourite Games jamoasi ishlab chiqqan va u 2025-yil mart oyida Roblox platformasida chiqarilgan. Birinchi yilidayoq platformadagi eng mashhur o‘yinlardan biriga aylangan. 20th Century Studios ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil bahorida “O‘rmonda 99 kecha” Roblox tarixidagi eng mashhur o‘yinlar orasida yettinchi o‘rinni egallab, qariyb 26 milliard marta tashrif buyurilgan.

Filmning premyera sanasi, rejissyori va aktyorlar tarkibi hozircha ma’lum qilinmagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling