2019-yilga sayohat: “COVID-19” pandemiyasidan oldingi so‘nggi yil va internetni egallagan trendlar

E’lon qilingan sana: · 835
2019-yilga sayohat: “COVID-19” pandemiyasidan oldingi so‘nggi yil va internetni egallagan trendlar

“Avengers: Endgame” — o‘sha mashhur film 7 yildan so‘ng, 24-sentyabrdan yana kinoteatrlarda namoyish etilmoqda. Shu munosabat bilan, Afisha.uz 2019-yilda dunyo va internet trendlari olami qanday boʻlgani, qaysi hit musiqalar ommaviy ravishda tinglangani, qaysi serial katta mashhurlikka erishgani hamda qanday kinolar tomosha qilinganini eslaydi.

Keling, o‘sha yilda yana nimalar bo‘lganini eslasak. Masalan, ushbu yil koronavirus pandemiyasidan oldingi (koʻpchilikning fikricha, baxtli hayot kechirilgan) so‘nggi davr edi. Bu 2019-yilga qisqa sayohat qilish uchun ham yaxshi bahona boʻladi.

O‘sha paytda kinoteatrlar milliard dollarlik blokbasterlar bilan to‘lib-toshgan, Billi Aylishning “bad guy” qo‘shig‘i deyarli har bir yoshning pleylistidan joy olgan va quloqchinlarida takror-takror yangragan, odamlar “FaceApp” orqali keksaygan suratlarini ulashgan, DC esa “Joker"ni katta ekranlarga chiqargan edi.


“Cinnamon Girl"dan “bad guy"gacha

2019-yil saundtrekini birgina trek bilan ifodalab bo‘lmaydi, albatta. Masalan, o‘sha yilda Billi Aylishning “bad guy” qo‘shig‘i hamda unga ishlangan klipning oʻzgacha tasvirlari va kreativ talqini hukmronlik qilgan. Undagi Billining kinoyali ijrosi esa trekni yilning eng taniqli hitlaridan biriga aylantirgan.

Jony ijodi ham 2019-yilning asosiy musiqiy kashfiyotlaridan biriga aylandi — uning romantik ohangdagi “Аллея” va “Комета” hit treklari musiqiy platformalarni egallab, xonandaga MDH bo‘ylab katta mashhurlik olib kelgan edi.

Shuningdek, Zivertning “Life”, Artik & Astining “Грустный дэнс”, Gaullinning “Moonlight”, Aaron Smith & Luvlining “Dancin”, Havana & Yaarning “I Lost You”, Drenchill & Indiiananing “Freed from Desire”, Shawn Mendes va Camila Cabelloning “Señorita”, Post Malone va Swae Leening “Sunflower”, Tones and I’ning “Dance Monkey” qo‘shiqlari ham 2019-yil nostalgiyasini eng kuchli his qildiradigan musiqalar qatorida hisoblanadi.

Ushbu yilda Lana Del Reyning “Cinnamon Girl” treki ham mashhur bo‘ldi va keyinchalik ham yanada ommalashdi. Shu bilan birgalikda, bu musiqa hozirgacha ham maxsus trendlardan o‘rin olib keladi. Bundan tashqari, uning melanxolik ohangdagi “Doin' Time” qo‘shig‘i 2019-yil yozining asosiy saundtreklaridan biriga aylangan edi.

Demak, 2019-yilga qaytish uchun ba’zan eski suratlarni varaqlash ham shart emas, shunchaki, o‘sha yilgi pleylistni qoʻyishning oʻzi kifoya.


Oʻzbek estradasidagi 2019-yil hitlari

Quyidagi aynan ushbu top-10 musiqalar Oʻzbekistondagi 2019-yilda eng koʻp tinglangan va yil davomida trenddan tushmagan edi.

1. Rayhon — “Mayli manda”, “Ayt nega”;

2. Shohruhxon — “Yurak”;

3. Yulduz Usmonova — “Sanamey”;

4. Imron — “Yomon qiz”;

5. “Bojalar” va Via Marokand — “Tanimadingmi”;

6. Ziyoda — “Tamara”;

7. Shahzoda — “Sog‘inib”;

8. Munisa Rizayeva — “Yomg‘ir”;

9. Sardor Tairov — “Sevmasam”;

10. Janob Rasul — “Super”.


Qoʻshimcha ravishda esa, Sevara Nazarxonning eng katta muxlisi boʻlgan maqola muallifi ro‘yxatga afsonaviy ijodkorning 2019-yilgi mashhur musiqalarini ham alohida kiritishga qaror qildi.

Ijodkor 2019-yilda, 11 ta kompozitsiyadan iborat, yilning o‘z nomini olgan “2019” albomi ni taqdim etgan. Undan, muxlislari hanuzgacha sevib tinglab keladigan shedevrlar: “Meni sev”, “Yurak”, “Izhori Ishq”, “Dunyongda boryapman”, “Kunlar”, “Sen yashar”, “Sevilmoqlik”, “Iltijo”, “Bilarsan”, “Magar” va “Menga ham o‘rgating” kabi qo‘shiqlari Sevaraga xos chuqur lirika, milliy ohanglar va betakror ovoz uyg‘unlashuvi bilan joy olgan edi.

Bundan tashqari, hozirgacha takror-takror tomosha qilinadigan, ajoyib hislar bilan qayta-qayta tinglanadigan oʻsha muhtasham “Humo Arena, 2019” konserti ham, aynan manashu yil mahsulidir.

Shu ma’noda, yil yakunida u oʻzbek estradasi tarixida ilk marta Humo Arenada simfonik orkestr va xor jo‘rligida ketma-ket uch kun konsert berib, 2019-yilni o‘z ijodidagi eng yorqin sahifalardan biriga aylantirdi. Yana bir qiziq tomoni esa, dastlabki ikki kunda konsertga chiptalar tugagach, uchinchi konsert xonandaning tug‘ilgan kuniga toʻgʻri kelsada, qo‘shimcha ravishda oʻtkazilgan.

Sevaraning ashaddiy muxlisi sifatida aytishim mumkinki, usiz 2019-yil musiqiy manzarasi haqidagi bu xotiralar to‘liq bo‘lmasdi.


Dunyo e’tiborini tortgan voqealar

Qora tuynukning ilk real tasviri

2019-yil 10-aprel kuni, M87 galaktikasi markazidagi qora tuynukning ilk tasviri e’lon qilindi. Bu ilm-fan tarixidagi katta voqea boʻlib, insoniyatda ilgari faqatgina tasavvur qilgan narsasining real tasvirini ilk bor ko‘rish imkoniyati paydo boʻlgandi.

2019-yilning eng esda qolarli suratlaridan biri “Black Hole"ning biroz xira tasviri: yorqin olovrang halqa va uning o‘rtasidagi qorong‘i soya edi. Yerdan taxminan 55 million yorug‘lik yili uzoqlikdagi M87 galaktikasidan olingan bu tasvirda qora tuynukning soyasi va uni o‘rab turgan yorqin halqa ko‘rinardi. Dunyoning turli nuqtalaridagi radioteleskoplarni birlashtirgan kuzatuvlar ilgari faqat nazariyalar va tasviriy talqinlar orqali tanish bo‘lgan manzarani ko‘rish imkonini berdi.

Internet esa bunday jiddiy voqeada ham hazil uchun joy topdi: kimdir tasvirni ponchikka, yana kimdir “Uzuklar hukmdori"dagi Sauronning ko‘ziga o‘xshatdi. Shu tariqa olimlarning tarixiy yutug‘i ba’zi memlar orasidan ham joy oldi.


Greta Tunberg — “Yil odami”

Greta Tunbergning “How dare you?” — (Sizlar bolaligimni oʻgʻirladinglar, bunga qanday jur’at etdingiz?!) degan murojaati ham bu yilning eng esda qolarli voqealaridan biri edi.

16 yoshli shvetsiyalik ekofaol BMTning Nyu-Yorkdagi iqlim sammitida dunyo yetakchilarini keskin tanqid qilgan. Greta ularning quruq va’dalari hamda “Iqlim va Ekologiya muammolari” yuzasidan yetarli choralar ko‘rmayotgani haqida gapirib, buning oqibatlari yosh avlod zimmasiga tushishini ta’kidlagan. Minbardagi ushbu hayajonli nutq o‘sha yilning unutilmas kadrlaridan biriga aylangandi.

2019-yilda Greta Tunberg xalqaro iqlim harakatining eng taniqli insonlaridan biriga aylandi.

O‘sha yilning oxirida esa TIME jurnali Gretani “Yil odami” deb e’lon qildi — u bu nomga sazovor bo‘lgan eng yosh shaxs edi. 2019-yil xotiralarida uning ovozi kelajagi haqida kattalardan javob talab qilayotgan avlodning ramzi bo‘lib qoldi.


Kinoteatrlar hukmronlik qilgan yil

2019-yil kinoteatrlar uchun chinakam sermahsul davr bo‘ldi. Xoakin Feniks ijrosidagi “Joker” komiks filmi kino chegaralaridan chiqib, yolg‘izlik, jamiyat va zo‘ravonlik haqida katta bahslarni boshlab berdi. Film bir milliard dollardan ortiq daromad yig‘gan ilk R-reytingli kartina bo‘ldi. Shuningdek, “Qirol Sher”, “Muzyurak II”, “Oʻyinchoqlar tarixi 4” va “Aladdin” esa bolalik xotiralarini yangi texnologiyalar va tanish qo‘shiqlar bilan qaytardi.

O‘sha yil “Bir paytlar Gollivudda”, “Parazitlar”, “Kichkina xonimlar” va “1917” kabi filmlar ham namoyish etildi. Pon Jun Ho ishlagan “Parazitlar” keyingi yil “Oskar” tarixida eng yaxshi film deb topilgan ilk ingliz tilida bo‘lmagan kartinaga aylandi. Bir yilning o‘zida ham ulkan franshizalar, ham mualliflik kinosi katta madaniy hodisaga aylana olgan edi.


Afsonaviy seriallar bilan xayrlashuvlar

2019-yilda ommaviy madaniyatdagi eng katta suhbatlardan biri “Taxtlar oʻyini” finali atrofida kechdi. 8 fasl davom etgan serial yakuni tomoshabinlarni ikki guruhga bo‘ldi: kimdirlar uni “hammasi haqli va mantiqan tugadi”, deya himoya qilgan bo‘lsa, boshqalar finalni qayta suratga olishni talab qilgan petitsiyaga qo‘shildi. Qanday bo‘lmasin, bir necha hafta balki oylar davomida “Ajdarholar onasi”, “Temir taxt”, “Jon Snow” va “Vesteros” internetdagi deyarli barcha muhokamalarning markazida turdi. Va hattoki, bu film finali haqidagi munozaralar hozirgacha davom etadi.

“Avengers: Endgame” 2019-yilda Marvel olamining uzoq davom etgan katta hikoya bosqichini yakunladi. “Game of Thrones” bilan bir yilda kelgani sababli, 2019-yilni pop-madaniyatdagi katta xayrlashuvlar yili deya aytish mumkin.

Ma’lumot uchun, “Avengers: Endgame” uchun chiptalarni Afisha.uz orqali sotib olish mumkin.

“The Big Bang Theory” ham 12 fasldan so‘ng tomoshabinlar bilan xayrlashdi. Shu bilan birga, “Euphoria"ning ilk fasli Zendayani yangi avlodning asosiy ekran yulduzlaridan biriga aylantirdi, “Mandaloriyalik” esa oʻsha mashhur Baby Yoda — keyinchalik Grogu nomi bilan tanilgan qahramonni internet olamiga olib kirdi.

Shuningdek, “Chernobil” va “Yigitlar"ning ilk fasllari ham aynan 2019-yilda namoyish etilgandi.


2019 — Yil memlari

2019-yilda internetda har qanday vaziyat uchun mos mem topish mumkin edi. Kim bilandir bahslashib qoldingizmi — jahli chiqqan ayol va mushuk yordamga shay edi. Navbatdagi muammo boshlandimi — CJ yana o‘sha mashhur ko‘chadan yurib kelardi.

“Woman Yelling at a Cat” — Bir tomonda yig‘lab, barmog‘ini bigiz qilayotgan ayol, ikkinchi tomonda esa stol qarshisida hayron bo‘lib o‘tirgan oq mushuk — 2019-yilning eng taniqli memlaridan biri aynan shu ikki kadrdan yaraldi. Aslida ular bir-biriga mutlaqo aloqasiz edi: ayol tasviri “The Real Housewives of Beverly Hills” realiti-shousidan, Smudge laqabli mushukning surati esa Tumblr’dan olingan. Internet foydalanuvchilari ularni birlashtirib, tortishuvlar, tushunmovchiliklar va o‘ta keskin reaksiyalarni ifodalovchi universal memga aylantirdi.

“Ah sh*t, here we go again” — “Grand Theft Auto: San Andreas” o‘yinining boshida CJ aytgan “Ah sh*t, here we go again” jumlasi 2019-yilda yangi hayotga ega bo‘ldi. Qahramonning ko‘cha bo‘ylab ketayotgan kadri takror-takror sodir bo‘ladigan muammolar, dushanba tongi, imtihonlar yoki yana qaytib kelgan eski munosabatlarni ifodalash uchun ishlatildi. Oradan 15 yil o‘tgan bo‘lsa-da, aynan 2019-yilda CJ internetning asosiy reaksiya qahramonlaridan biriga aylangandi.

“Nobody: Absolutely Nobody” — 2019-yilda mem yaratish uchun ba’zan surat ham shart emasdi. “Nobody:” yoki “Absolutely nobody:” deb boshlanuvchi postlarda hech kim so‘ramagan bo‘lsa-da, noodatiy ish qiladigan yoki o‘z fikrini bildirishga shoshiladigan, soʻralmagan maslahatlar berishga ishtiyoqmand insonlar hazil ostiga olinardi. Qolipning sodda tuzilishi uni filmlar, mashhurlar, o‘qish va kundalik hayot haqidagi minglab hazillarga moslashtirish imkonini berdi.

  • false
  • false

“Baby Yoda” — “Mandaloriyalik” serialida paydo bo‘lgan mitti yashil qahramonning haqiqiy ismi o‘sha paytda ma’lum emasdi, shu sabab internet uni darhol “Baby Yoda” deb atay boshladi. Uning katta quloqlari, sho‘rva ichishi va atrofga hayrat bilan qarashi 2019-yil oxiridagi eng yoqimtoy memlarni yaratdi. “Baby Yoda” bir necha hafta ichida serial doirasidan chiqib, butun internetning sevimli qahramoniga aylandi.

  • false
  • false
  • false

“Joker” — Yil oxiriga kelib esa, Jokerning zinada raqsga tushishi internetning deyarli barcha burchaklariga yetib bordi.

2019-yil memlari nafaqat kulgi ulashdi — ular o‘sha davrdagi internet tilini yaratdi va hatto ayrimlari hozirgacha kundalik yozishmalarda yashashda davom etmoqda.

Xoʻsh, O‘zbek internetidachi?

2019-yilda O‘zbekiston internetida ham mem madaniyati shakllanishni boshlagandi. Biroq mahalliy memlarning aksariyati film yoki seriallardan emas, mamlakatdagi shov-shuvli yangiliklar, teleko‘rsatuvlar va amaldorlarning esda qolarli gaplaridan tug‘ilgandi.

“Jumanazar aka va o‘zga sayyoraliklar” — 2019-yil oktyabrida MY5 telekanaliga intervyu bergan Jumanazar aka o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgani va ularning sayyorasiga borib kelgani haqida gapirdi. Video qisqa vaqt ichida internetga tarqalib, turli parodiyalar, fotomontajlar va “Jumanoidlar” haqidagi hazillarni yuzaga keltirdi. Jumanazar aka shu tariqa 2019-yil o‘zbek internetining eng ko‘p muhokama qilingan qahramonlaridan biriga aylandi.

“Ravon mingim kelyapti, paxta tergim kelyapti” — Andijonlik shoir Sharofiddin Boltaboyevning “Ravon mingim kelyapti, paxta tergim kelyapti” misralari va undan keyin shoirga avtomobil sovg‘a qilinishi ham ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Foydalanuvchilar she’rga o‘z variantlarini yozib, istaklarini “…qilgim kelyapti” shaklida ifodalay boshladi. Oddiy misralar qisqa vaqt ichida 2019-yilning eng mashhur mahalliy iboralaridan biriga aylandi.

“2,5 million so‘m besh kishilik oilaga yetadi” — Saylovoldi debatlaridan birida Xalq demokratik partiyasi rahbari 2,5 million so‘m oylik oladigan bir nafar boquvchi besh kishilik oilani ta’minlay olishi haqida fikr bildirdi. Bu gap internet foydalanuvchilarini oila byudjetini hisoblashga undadi: kimdir jiddiy hisob-kitob qildi, boshqalar esa 2,5 million so‘mga nimalar xarid qilish mumkinligi haqida memlar yaratdi.

“Shessekund” — Toshkent shahar sobiq hokimining jurnalistlar bilan suhbatidan tarqalgan audioyozuvdagi “shessekund” — iborasi ham 2019-yil internet lug‘atidan joy olgandi. Asl voqea jiddiy va tahdidli mazmunga ega bo‘lsa-da, foydalanuvchilar bu so‘zni biror ishni juda tez bajarish yoki kimnidir hayotini tezda “hal qilish” haqidagi kinoyali memlarda qo‘llay boshladi.

“Bir yil davom etgan „umrbod“ taqiq” — O‘zbekiston futbol terma jamoasining sobiq murabbiyi Samvel Babayanga 2018-yilda futbol sohasida ishlash uchun umrbod taqiq qo‘yilgandi. Oradan bir yil o‘tib uning “Lokomotiv” klubiga qaytishi internetda “O‘zbekistonda umrbod — bir yil” mazmunidagi hazillarni keltirib chiqarib, shu ma’nodagi memlar yaralishiga sabab boʻldi.

Shunday qilib, 2019-yilda O‘zbekiston internetidagi memlar nafaqat odamlarni kuldirdi, balki jamiyatdagi muammolar, bahsli qarorlar va esda qolarli bayonotlarga munosabat bildirish vositasiga ham aylandi.


TikTok katta kuchga aylangan davr

2019-yilda TikTok shunchaki yangi ilova bo‘libgina qolmay, pop musiqa dunyosini o‘zgartira olgan platformaga aylandi. Biror qo‘shiqning 15 soniyalik parchasi millionlab videolarga tarqalib, istalgan noma’lum ijrochini bir kechada mashhur qilishi mumkinligi aynan shu davrda yaqqol ko‘rindi.

“FaceApp” filtri orqali esa mashhurlar ham, oddiy foydalanuvchilar ham o‘zining keksaygan ko‘rinishini ijtimoiy tarmoqlarda ulashishi ommalashdi.

O‘zbekistonda TikTok davrining boshlanishi

O‘zbekistonda TikTok’ning haqiqiy portlashi 2020-yilgi karantin davriga to‘g‘ri kelsada, ammo yangi avlod blogerlarining ilk katta to‘lqini aynan 2019-yilda ko‘rina boshlagandi. 2019-yil TikTok uchun mahalliy auditoriyaga kirib kelgan va kelajakdagi sezilarli ta’siriga poydevor qo‘ygan davr bo‘lgan. Shu yilning kuz fasliga kelib ilova O‘zbekistonda iOS va Android uchun eng ko‘p yuklangan dasturlar beshligidan ilk bor joy olgan. O‘zbekistonlik yoshlar qisqa raqslar, chellenjlar va kulgili sahnalar orqali global trendlarga qo‘shila boshlagandi.

O‘sha yilning oktyabrida esa #uzbekistan xeshtegi ostidagi videolar 125 milliondan ortiq, #uzbekistantiktok esa 2,5 million marta tomosha qilingandi. Platformaning dastlabki mahalliy auditoriyasini asosan 16−20 yoshli yigit-qizlar tashkil etar, ayrim o‘zbekistonlik tiktokerlar esa allaqachon minglab obunachilar to‘plagandi.

TikTok O‘zbekistonda endigina shakllanayotganiga qaramay, uning an’anaviy ijtimoiy tarmoqlardan farqli ravishda oddiy foydalanuvchini ham birgina video orqali mashhur qila olishini ko‘rsatdi.


Insonlar o‘sha yilda nimalarni kutayotgan edi?

2019-yil yakunida odamlar yangi o‘n yillikni hayajon bilan kutayotgandi. Disney+ endigina ishga tushgan, “Mandaloriyalik” — (Baby Yoda) uning birinchi katta hitiga aylangan, 5G kelajak texnologiyasidek ko‘rinayotgan va Instagram ayrim mamlakatlarda layklar sonini yashirishni sinayotgan edi.

  • false
  • false

Ushbu yil oxiriga kelib esa, 31-dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Xitoyning Uxan shahridagi noma’lum pnevmoniya holatlari haqida xabar berildi. Ammo dunyoning katta qismi, bu yangilik kelgusi oylar mobaynida insoniyat tarixidagi yangi bir davrni boshlab berishini hamda turmush tarzi va kundalik hayotini butunlay o‘zgartirib yuborishini hali bilmasdi. Shu sabab bugun 2019-yil xotiralarda nafaqat musiqalar, memlar va filmlar bilan, balki katta uzilishdan oldingi so‘nggi “oddiy” davr, hamda odamlarni “normal, baxtli hayotining oxirgi yili” sifatida ham qolgan.


Oddiy kunlarning qadri

“Avengers: Endgame” kartinasining finalida qahramonlar vaqt bo‘ylab sayohat qilib, yo‘qotilganlarni qaytarishga urinadi. Filmning yetti yil o‘tib kinoteatrlarga qaytishi ham tomoshabinga shunga o‘xshash imkoniyat beradi: ya’ni, uch soatga bo‘lsa-da, 2019-yilgi zalga, yon-atrofdagi odamlarning hayajonli kunlariga qaytish.

  • false
  • false
  • false

2019-yilda sevimli qo‘shiqlarimizni qayta-qayta tinglab, yangi memlarni bir-birimizga yuborayotganimizda bu davrga tez orada nostalgik ruhdagi sog‘inch bilan qarashimizni bilmasdik, albatta. Oradan yillar o‘tib, o‘sha filmlar, musiqalar va internet hazillari pandemiyagacha bo‘lgan so‘nggi yilning o‘ziga xos vaqt kapsulasiga aylandi.

Aynan oʻsha yildagi suratlaringizni ochib ko‘ring. Suratga tushayotgan paytingizda bu kunlarning alohida ahamiyati bo‘lmagandir. Shunchaki uchrashuv, shunchaki sayr, shunchaki oddiy bir kun. Bugun o‘sha kadrlarga boshqacha nigoh va entikish bilan qaraymiz. Ularning ortidan esa yodimizga karantin, masofaviy darslar, bekor bo‘lgan safarlar va ekran orqali uchrashuvlar kelishini bilamiz. Suratdagi biz esa hali bundan bexabarmiz. Keyingi yozga reja tuzyapmiz, biror joyga borishni ortga suryapmiz, do‘stimiz bilan xayrlashayotib bemalol “yana ko‘rishamiz” demoqdamiz.

Balki, 2019-yilni eslaganda qo‘shiqlar, filmlar va memlar bilan birga, shu oddiy begʻubor betashvish erkinlik ham sog‘inilar. Eski suratdagi odamlarni, o‘sha davrdagi o‘zimizni. Va suratga olishga ham arzimaydi deb o‘ylagan, bugun esa qayta yashab ko‘rgimiz keladigan odatiy bir kunni.

Real olib qaraganda esa, ha, chindan ham vaqt bo‘ylab sayohat qilish imkonsizdir, ammo ba’zan tanish filmning boshlanishi yoki biror nostalgik musiqaning ilk notalari, yo eski bir mem yoki katta ekranda yangragan “Avengers, assemble!” jumlasi, bizni oʻtmishning butun bir davriga bir lahzada qaytarishga qodir.

Muallif
Durdona Karimqulova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
2019-yilga sayohat: “COVID-19” pandemiyasidan oldingi so‘nggi yil va internetni egallagan trendlar — Toshkent Afishasi