Cyberpunk 2077 video oʻyini asosida filmi suratga olinadi

E’lon qilingan sana: · 335
Cyberpunk 2077 video oʻyini asosida filmi suratga olinadi

Paramount Pictures kompaniyasi Cyberpunk 2077 olami asosida badiiy film yaratish ustida ish boshladi. Film animatsion emas, balki haqiqiy aktyorlar ishtirokida suratga olinadi. Loyihaga “Transformerlar” va “G.I. Joe” filmlari bilan tanilgan Lorenso di Bonaventura prodyuserlik qiladi. Filmni yaratishda o‘yinni ishlab chiqqan va franshiza huquqlariga egalik qiluvchi Polshaning CD Projekt Red studiyasi ham ishtirok etadi.

Loyiha hozircha ishlab chiqishning dastlabki bosqichida. Ssenariynavis, rejissyor va aktyorlar tarkibi hali e’lon qilinmagan. Premyera sanasi ham noma’lum. Shuningdek, film Cyberpunk 2077 o‘yini syujetini bevosita ekranlashtiradimi yoki ayni olamda kechadigan yangi voqeani hikoya qiladimi — hozircha aniq emas.

Cyberpunk 2077 o‘yini voqealari kelajakdagi yirik megapolis — Nayt-Sitida bo‘lib o‘tadi. Bu shaharda hokimiyat yirik korporatsiyalar qo‘lida. O‘yinning bosh qahramoni, yollanma jangchi Vi muvaffaqiyatsiz o‘g‘rilikdan so‘ng miyasiga rok-musiqachi va terrorchi Jonni Silverhend ongining raqamli nusxasi joylashtirilgan implantni o‘rnatib oladi. O‘yinda Jonni Silverhend obrazini Kianu Rivz ijro etgan va unga ovoz bergan.

Cyberpunk 2077 o‘yini 2020-yilda chiqarilgan bo‘lib, keng ko‘lamli yangilanishlardan so‘ng ancha ijobiy baholarga sazovor bo‘lgan. Hozirga qadar o‘yin 40 million nusxadan, uning Phantom Liberty qo‘shimchasi esa 15 million nusxadan ortiq sotilgan. 2022-yilda Netflix o‘yin asosida alohida syujetga ega “Kiberpank: Chegara bo‘ylab yuguruvchilar” (Cyberpunk: Edgerunners) animatsion serialini taqdim etgandi.

Paramount kompaniyasi ayni paytda bir nechta videoo‘yinlarni ekranlashtirish ustida ishlamoqda. Ular orasida 2028-yilda chiqishi kutilayotgan Call of Duty filmi hamda premyerasi 2026-yil oktabriga rejalashtirilgan “Ko‘cha jangchisi” (Street Fighter) ham bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling