"The Mosquito Bowl" harbiy dramasining treyleri e'lon qilindi

Netflix “Lone Survivor” va “Deepwater Horizon” filmlaridagi ishlari bilan tanilgan Peter Berg rejissyorligidagi “The Mosquito Bowl” filmining yangi treylerini e’lon qildi.
Film 2022-yilda nashr etilgan Baz Bissingerning “The Mosquito Bowl: A Game of Life and Death in World War II” nomli hujjatli kitobiga asoslangan. Asarda 1941-yil dekabr oyida Yaponiyaning Pyorl-Harborga hujumidan so‘ng sportdagi faoliyatini tark etib, AQSh dengiz piyodalari korpusi safiga qo‘shilgan to‘rt nafar taniqli amerika futboli o‘yinchisi haqida hikoya qilinadi.
Filmda bosh rollarni Nikolas Galitsin, Bill Skarsgard, Rey Nikolson va Tom Frensis ijro etgan. Film nomi 1944-yil 24-dekabrda Gvadalkanal orolida bo‘lib o‘tgan haqiqiy futbol uchrashuviga ishora qiladi. Unda AQSh dengiz piyodalari korpusi harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan ikki jamoa o‘zaro bahslashgan.
Film 30-oktyabrdan boshlab cheklangan miqdordagi kinoteatrlarda namoyish etiladi, 25-noyabrdan esa Netflix platformasida tomosha qilish mumkin bo‘ladi.