“Golden Globes” ilk bor o‘tkaziladigan “Silk Road Tribute Gala” marosimining olti nafar sovrindorini e’lon qildi

15-oktyabr kuni “Oltin globus” (Golden Globes®) 23−24 oktyabr kunlari Toshkentda ilk bor bo‘lib o‘tadigan “Golden Globes Silk Road Tribute Gala” tantanali marosimining olti nafar sovrindorini e’lon qildi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va Armaniston vakillaridan iborat sovrindorlar ro‘yxati:
- Gulchehra Jamilova,
- Ali Hamrayev,
- Tahmina Rafaella,
- Levan Koguashvili,
- Shugila Yeshen
- Samvel Tadevosyan.

Mukofotlar uchta nominatsiya boʻyicha topshiriladi:
- “Meridian” mukofoti (Golden Globes Meridian Award);
- “Birinchi qadam” mukofoti (Golden Globes Trailblazer Award);
- “Mayoq” mukofoti (Golden Globes Beacon Award).
Ikki kunlik tadbir dasturi tarixiy Ipak yo‘li mintaqasidagi kino va televideniye vakillarining yuksak yutuqlarini e’tirof etishga bag‘ishlanadi. Shuningdek, unda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarini asrlar davomida bog‘lab kelgan boy madaniy meros hamda ijodiy almashinuvga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, MDHning boshqa mamlakatlari vakillari, jumladan, rossiyalik kinoijodkorlar ham alohida taqdirlanishi ma’lum bo‘ldi. Ularning ismlari tashkilotchilar tomonidan keyinroq e’lon qilinadi.
“Ijodi Markaziy Osiyo va Kavkazning boy madaniyati, ijodkorlik salohiyati hamda o‘ziga xos hikoya qilish an’analarini aks ettiruvchi ushbu iste’dodli san’atkorlarni e’tirof etish biz uchun katta sharaf”, — dedi “Oltin globus” mukofoti prezidenti Helen Hyone. “Sovrindorlarning har biri kino, televideniye va san’atga qo‘shgan shaxsiy hissasi orqali mintaqa hikoyalari va ijodkorlarining ovozini nafaqat o‘z yurtida, balki butun dunyoda tomoshabinlarga yetkazishga yordam berdi. Ularning yutuqlarini Toshkentda nishonlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz”.
Meridian mukofoti kino, televideniye va sanʼat tarixida muhim iz qoldirgan Oʻzbekistonlik ikki taniqli shaxsga beriladi.
Gulchehra Jamilova — oltmish yildan ortiq umrini ijodga bag‘ishlagan taniqli o‘zbek kino, televideniye va teatr aktrisasi. Uning eng mashhur rollaridan biri Abdulla Qodiriyning romani asosida suratga olingan “O‘tkan kunlar” filmidagi Kumush obrazidir. 1992-yilda Jamilovaga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berilgan.
Ali Hamrayev — oltmish yildan ortiq umrini san’atga bag‘ishlagan taniqli o‘zbekistonlik rejissyor, ssenariynavis va prodyuser. Uning filmografiyasidan 20 dan ortiq badiiy va 30 ta hujjatli film o‘rin olgan. Markaziy Osiyo kinematografiyasining yetakchi namoyandalaridan biri bo‘lgan rejissyor o‘z ijodida inson qadr-qimmati, erkinlik va Sharq ayollari taqdiri mavzularini tadqiq etgan. Bu mavzular uning novatorlik ruhidagi “Oq, oppoq laylaklar”, “Qo‘rquvsiz”, “Triptix” va “Bo Ba Bu” filmlarida o‘z aksini topgan. Hamroyev “istern” janrining asoschilaridan biri hisoblanadi. U “Yettinchi o‘q”, “Inson qushlar ortidan boradi” va “Tansoqchi” kabi filmlar orqali ushbu janrga Markaziy Osiyoga xos o‘ziga xos qarashlarni olib kirgan. Rejissyorning mashhur filmlari qatoridan “Men seni eslayman” va “Orzular bog‘i” kartinalari ham joy olgan. Rejissyor kinematografiyaga qo‘shgan hissasi uchun xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. U bugungi kunda ham ssenariylar yozish va filmlar suratga olishda davom etib, kinoijodkorlarning yangi avlodiga ilhom bag‘ishlamoqda.
“Golden Globes Silk Road Tribute Gala” tantanali marosimi mintaqaning ijodiy merosini xalqaro maydonda namoyish etish uchun muhim imkoniyatdir", — dedi Vivid Strategies hammuassisi Georgiy Rsxiladze. “Biz „Oltin globus“ bilan hamkorlik qilishdan faxrlanamiz. Ushbu hamkorlik bayramni Toshkentda o‘tkazish va Sharq hamda G‘arb o‘rtasida madaniy almashinuv uchun maydon yaratish imkonini bermoqda. Kino, televideniye va san’atga bo‘lgan umumiy muhabbat orqali ushbu ijodiy hamjamiyatlarni birlashtirishga hissa qo‘shish biz uchun katta sharaf”.
“Birinchi qadam” mukofoti dadil ijodiy qarorlari va ishlari orqali mintaqaning kino hamda televideniye sanoati rivojiga hissa qo‘shgan san’atkorlarga topshiriladi.
Tahmina Rafaella — ozarbayjonlik rejissyor, ssenariynavis va aktrisa. U Biennale College Cinema dasturi doirasida ishlab chiqilgan va 79-Venetsiya xalqaro kinofestivalida namoyish etilgan “Banu” filmi bilan to‘liq metrajli kino rejissyori sifatida debyut qilgan. Uning “Ayol” qisqa metrajli filmi ilk bor Palm Springs xalqaro qisqa metrajli filmlar festivalida namoyish etilgan va BendFilm festivalida eng yaxshi badiiy qisqa metrajli film mukofotini qo‘lga kiritgan.
Levan Koguashvili — gruziyalik rejissyor, ssenariynavis va prodyuser. U “Brayton 4”, “Ko‘cha kunlari”, “Ko‘r-ko‘rona uchrashuvlar” va “Gogitaning yangi hayoti” filmlari orqali xalqaro miqyosda tanilgan. Uning “Brayton 4” filmi Tribeca kinofestivalida eng yaxshi xalqaro badiiy film mukofotiga sazovor bo‘lgan. Rejissyorning so‘nggi “Guriya” filmi premyerasi 2026-yilda Venetsiya xalqaro kinofestivalida bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, ushbu kartina Gruziya tomonidan “Oskar” mukofotiga rasman nomzod sifatida ilgari surilgan.

“Mayoq” mukofoti kino va televideniyedagi iste’dodlarning yangi avlodini namoyon etayotgan, faoliyatini endi boshlagan mintaqa ijodkorlariga topshiriladi.
Shugila Yeshen — qozog‘istonlik yosh teatr va kino aktrisasi. U 2025-yilda “Altyn Saqa” yangi sahna asarlari va spektakllar festivalining “Ümit” (“Umid”) nominatsiyasida, 2026-yilda esa “Milliy klassikadagi obraz” nominatsiyasida taqdirlangan. Aktrisa “SHEKER. So‘nggi imkoniyat” filmidagi roli uchun “Qozog‘iston kinotanqidchilari tanlovi” mukofotining eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan. Uning filmografiyasidan “Ғашықпын саған”, “7 қарақшы”, “7 ата”, “ШЕКЕР. Последний шанс”, “Қайтадан”, “Дерт”, “Алматы, я тебя люблю”, “Дни”, “Шулама” va “Сағындым сені” kabi kartinalar o‘rin olgan.
Samvel Tadevosyan — kino, televideniye va teatrdagi rollari bilan tanilgan armanistonlik aktyor. “Hayot va kurash” harbiy dramasidagi bosh roli unga mamlakat miqyosida e’tirof olib kelgan. Jumladan, u ushbu roli uchun Armaniston Respublikasi Davlat mukofoti hamda Armaniston Milliy kinoakademiyasining “Anait” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Aktyor teatr sahnasidagi ijrosi, xususan, “Egoist” monospektaklidagi roli uchun ham e’tirof etilgan.
Afisha.uz Golden Globes Silk Road Tribute Gala tantanali marosimining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.