Jessi Ayzenberg A24 studiyasi uchun madaniy urushlar haqida serial suratga oladi

E’lon qilingan sana: · 102
Jessi Ayzenberg A24 studiyasi uchun madaniy urushlar haqida serial suratga oladi

Jessi Ayzenberg A24 studiyasi uchun serial tayyorlamoqda. U loyihada ssenariy muallifi, rejissyor va ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etadi. Bu haqda Deadline xabar berdi.

Serial voqealari 2002-yil kuzida sodir bo‘ladi. Syujet markazida qarashlari yangi g‘oyalar va munosabatlar ta’sirida sinovdan o‘tadigan 18 yoshli qiz turadi. Ssenariy allaqachon tayyor boʻlgan. Unga Ayzenbergning hikoyalaridan biri asos bo‘lgan.

Rejissyor Londonda bo‘lib o‘tgan “Debyut” filmining festival premyerasida serial madaniy urushlarning paydo bo‘lishi haqida bo‘lishini ma’lum qilgan. Hozircha loyiha nomi oshkor etilmagan.

A24 yaqin haftalarda serialni potensial xaridorlarga taklif qilishi kutilmoqda. Ular orasida studiya bilan hamkorlik qilayotgan Netflix ham bor. Xususan, striming platformasi A24 bilan birgalikda “Beef” serialini namoyish etgan.

Loyihaning yana bir ijrochi prodyuseri — Disney va Fox kompaniyalarining sobiq rahbarlaridan biri, yaqinda Netflix kontent direktori etib tayinlangan Piter Rays. U A24 bilan tuzilgan kelishuv doirasida serialni ishlab chiqishda qatnashgan. Yangi lavozimi sababli Rays endi loyiha ustida bevosita ishlamasligi mumkin, biroq ijrochi prodyuser maqomini saqlab qoladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling