Ko‘rib bo‘lgach, uyga qo‘ng‘iroq qilgingiz keladi: ota-onalar haqida 12 ta film

Bolalikda ota-onamiz barcha savollarga javobni biladigandek tuyuladi. Ulg‘ayganimiz sari esa ularning ham qo‘rqishi, xato qilishi, ayrim qarorlarni qiynalib qabul qilishini tushuna boshlaymiz. Ba’zan g‘amxo‘rlik ortidagi xavotirni, qattiqqo‘llik ortidagi yaxshi niyatni yoki oddiy bir harakatdagi shunchaki sof mehrni anglash uchun yillar kerak bo‘ladi.
Kinoda bu munosabatlar turlicha hikoya qilinadi: kimdir farzandini izlab okeanni kezadi, kimdir uning kelajagi uchun boshqa galaktikaga yo‘l oladi. Quyidagi filmlarda ana shunday ona va otalar bor — ular mukammal emas, ammo ularning hikoyalarida ta’sirli tanish tuyg‘ularni topish mumkin.
Onalar haqida
“Xona” — Room

Film 7 yil davomida kichkina xonada asirlikda saqlangan ayol va o‘sha xonada tug‘ilib o‘sgan o‘g‘ilning ozodlikka chiqishi va tashqi dunyoni kashf etishi haqida. Voqealar 5 yashar Jek nomli bola tilidan hikoya qilinadi. U uchun butun dunyo bitta xonadan iborat.
Jek tashqi hayotni ko‘rmagan. Onasi ikkalasi tutqunlikda yashayotgan bo‘lsa ham, o‘yinlar, suhbatlar va kundalik mashg‘ulotlar orqali bolasiga imkon qadar bolalik quvonchini berishga urinadi. Ammo Jek ulg‘aygani sari bu kichik makon ichida yashash tobora qiyinlashadi.
“Xona"dagi onalik ulkan va’dalarda emas, har kuni qayta kuch topishda namoyon bo‘ladi. Film onaning o‘zini ham yordamga, mehrga va xavfsizlikka muhtoj inson sifatida ko‘rsatadi. Uning o‘g‘li bilan munosabatida esa bir-biriga suyanish hissi juda kuchli: ona bolaga dunyoni tanitadi, bola ham onasining hayotida umid manbaiga aylanadi.
“Sheryurak qiz” — Brave

Malika Merida kamondan o‘q otishni, otda yurishni va taqdirini o‘zi belgilashni istaydi. Onasi, qirolicha Elinor esa uni saroy qoidalari va kelajakdagi mas’uliyatlariga tayyorlamoqchi. Ikkalasi ham o‘zini haq deb biladi, suhbatlari esa tobora tortishuvga aylanadi. Meridaning vaziyatni sehr yordamida o‘zgartirishga urinishi kutilmagan oqibatga olib keladi: endi ona va qiz muammoni birgalikda hal qilishi kerak.
Bu animatsiyada ko‘plab oilalarga tanish savol bor: farzandiga yaxshilik istagan ona uning o‘z xohishlarini qanchalik eshityapti? Qiz esa onasining xavotirlarini tushunishga tayyormi? Sarguzasht davomida har ikkisiga ham o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. “Jasur” — onalar va o‘smir qizlar birgalikda ko‘rib, keyin suhbatlashishi mumkin bo‘lgan hikoyadir. Unda mehr bilan birga bir-birining mustaqilligini tan olish ham muhim.
“Almashtirilgan bola” — Changeling

Kristin Kollinz ishga ketadi, uyga qaytganida esa o‘g‘li yo‘qolganini biladi. Oradan besh oy o‘tib, politsiya unga bola topilganini ma’lum qiladi. Uchrashuv paytida Kristin qarshisidagi bola o‘z o‘g‘li emasligini anglaydi. Biroq uning e’tirozlarini eshitish o‘rniga, ayolni politsiya taqdim etgan voqeaga ishonishga majburlashadi. Endi u farzandini izlash bilan birga, o‘z so‘zining rostligini ham isbotlashi kerak.
Anjelina Joli ijrosidagi qahramonning qat’iyati filmga alohida kuch bag‘ishlab turadi. Film ona muhabbati mavzusini adolat va insonning tinglanish huquqi bilan bog‘laydi.
“O‘gay ona” — Stepmom

Ota-onasi ajrashgan Anna va Ben uchun otasining hayotida paydo bo‘lgan Izabelni qabul qilish oson emas. Fotograf bo‘lib ishlaydigan yosh ayol bolalar bilan til topishishga urinadi, ularning onasi Jeki esa bu urinishlardan ko‘ngli to‘lmaydi. Ikki ayolning tarbiya va mas’uliyat haqidagi qarashlari to‘qnashayotgan bir paytda, Jekining og‘ir kasalligi oilani yanada murakkab vaziyatga olib keladi.
Filmning eng ta’sirli jihati — ikki ayol o‘rtasidagi kelishmovchilik ortida bolalarning hayotidagi o‘rnini yo‘qotish qo‘rquvi turganida. Biri farzandlari uchun o‘rnini hech kim bosolmasligini istaydi, ikkinchisi esa ularning hayotida o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. “O‘gay ona” oila tarkibi o‘zgarganda mehr va ishonch qanday shakllanishi haqida o‘ylantiradi. Unda yaqin insonni qabul qilish ham vaqt, sabr va jasorat talab etadi.
“Hamma narsa, har yerda va birdaniga” — Everything Everywhere All at Once

Evelin ish, soliq tekshiruvi va oiladagi muammolar orasida qolgan. Turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari murakkablashgan, qizi Joy bilan esa bir-birini tushunish tobora qiyinlashmoqda. Kutilmaganda u parallel olamlar mavjudligini bilib qoladi va turli hayotlardagi o‘ziga duch keladi. Biroq bu g‘aroyib sarguzashtning markazida Evelin va uning qizi o‘rtasidagi uzilib borayotgan aloqa turadi.
Filmda janglar, absurd hazillar va noodatiy tasvirlar ko‘p. Ularning orasidan esa juda tanish oilaviy vaziyat ko‘rinadi: ona qizining kelajagidan xavotirda, qiz esa o‘zini boricha qabul qilishlarini istaydi. Evelinning boshqa hayotlarni ko‘rishi o‘z oilasiga boshqacha qarashiga ham sabab bo‘ladi. Bu hikoya mehrimiz borligini his qilish bilan uni yaqinimiz tushunadigan tarzda ifodalash o‘rtasidagi farq haqida. Ba’zan bir-birini eshitish uchun ikkala tomon ham odatiy e’tirozlaridan chekinishi kerak.
“English Vinglish”

Shashi ro‘zg‘or yuritadi, farzandlariga qaraydi, buyurtmaga shirinliklar tayyorlaydi. Ammo oilasida uning bu mehnatidan ko‘ra ingliz tilini bilmasligi ko‘proq tilga olinadi. Eri va qizining kesatiqlari bora-bora o‘ziga bo‘lgan ishonchini yemiradi. Qarindoshining to‘yiga Nyu-Yorkka borgan Shashi qahvaxonada buyurtma berolmay, noqulay vaziyatga tushgach, til o‘rganishga qaror qiladi. U oilasidagilarga bildirmay ingliz tili kursiga yoziladi.
Shridevi ijrosidagi Shashining hikoyasi onaning oiladagi o‘rni va qadri haqida. Uyda uning xatolari kulgiga sabab bo‘lsa, til kursida fikrini tinglaydigan, urinishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar topiladi. Bu munosabat Shashiga o‘z qobiliyatlarini qayta kashf etish imkonini beradi. Til o‘rganish esa uning hayotida mustaqil qaror qabul qilish va o‘ziga ishonchni tiklash yo‘liga aylanadi.
Otalar haqida
“Kramer Kramerga qarshi” — Kramer vs. Kramer

Ted Kramer ishiga shu qadar berilganki, o‘g‘lining kundalik hayotidagi ko‘p narsani xotiniga topshirib qo‘ygan. Joanna oiladan ketgach, olti yoshli Billiga qarash uning zimmasida qoladi. Endi Ted ishdagi uchrashuvlar bilan bolaning nonushtasi, maktabi va ehtiyojlarini birga olib borishni o‘rganishi kerak.
Bu filmda otalik kundalik mas’uliyat orqali ochiladi. Ted bolasining yonida qancha kam bo‘lganini unga qarashni boshlagach anglaydi.
“Bog‘bon”

Raj va Puja Malxotra butun umrini to‘rt o‘g‘lini voyaga yetkazish, o‘qitish va oyoqqa turg‘azishga bag‘ishlaydi. Raj nafaqaga chiqqach, er-xotin qolgan umrini farzandlari va nabiralari davrasida o‘tkazishni istaydi. Ammo o‘g‘illarining uyida ikkisi uchun birga joy topilmaydi: ular ota-onasini alohida-alohida olib ketib, navbat bilan yashashga kelishadi. Qirq yil birga yashagan Raj va Puja endi farzandlarining xonadonida bir-biridan uzoqda kun kechirishga majbur.
Amitabh Bachchan va Hema Malini bosh rollarni ijro etgan filmda ota-onaning qarishi bilan oiladagi munosabatlar qanday o‘zgarishi ko‘rsatiladi. Farzandlar uchun oddiy ro‘zg‘or tashvishidek ko‘ringan qaror ortida ikki insonning yolg‘izligi, sog‘inchi va qadr-qimmati turadi. “Bog‘bon"ning ta’sirli tomoni Raj va Pujaning o‘zaro munosabatida ham namoyon bo‘ladi: bolalari ulg‘ayib, har kim o‘z hayoti bilan band bo‘lganida, ular bir-birining suhbatiga va mehriga avvalgidek muhtoj. Film ota-onaga g‘amxo‘rlik qilishda ularning istaklarini ham hisobga olish masalasini o‘rtaga qo‘yadi.
“Baxt ortidan quvib” — The Pursuit of Happyness

Kris Gardner o‘zi va kichik o‘g‘li uchun yaxshiroq hayot qurishga urinadi. Moliyaviy muammolar kuchayib, ular yashash joyidan ham ayriladi. Shu paytda Kris brokerlik kompaniyasida haq to‘lanmaydigan amaliyotga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Bu kelajak uchun umid, ammo bugungi ovqat va tunash joyi masalasini hal qilmaydi. U bir vaqtning o‘zida ish o‘rganishi, daromad topishi va bolasiga qarashi kerak.
Real voqealardan ilhomlangan filmni muvaffaqiyatga erishish hikoyasi sifatida ko‘rish mumkin. Lekin uning eng esda qoladigan lahzalari ota va o‘g‘il birga o‘tkazadigan og‘ir kunlarda. Kris o‘z qo‘rquvi va charchog‘i bilan kurashayotgan paytda ham farzandining ishonchini asrashga urinadi. Uill Smit va Jeyden Smit ijrosidagi munosabat bu voqeaga iliqlik beradi: bola otasining barcha muammolarini tushunmaydi, ammo uning yonida ekanini doim his qilib turadi.
“Hayot go‘zal” — La vita è bella

Quvnoq Gvido hayotidagi qiyinchiliklarni hazil va topqirlik bilan yengishga odatlangan. Biroq oilasi natsistlar ta’qibiga uchrab, konslagerga olib ketilgach, bu xususiyatlari butunlay boshqa ahamiyat kasb etadi. U kichik o‘g‘lini atrofdagi dahshatdan asrash uchun yuz berayotgan voqealarni murakkab o‘yin sifatida tushuntirishga urinadi.
Urush va Holokost bu oilaning hayotini tubdan o‘zgartiradi. Roberto Benini yaratgan hikoyada otaning kulgisi og‘ir mas’uliyatni yashiradi. Tomoshabin vaziyatning qanchalik dahshatli ekanini tushunadi, bola esa uni otasi bergan izohlar orqali qabul qiladi. Shu sabab ayrim kulgili sahnalar ham yurakni ezadi. “Hayot go‘zal” farzandining xavfsizligi va ruhiyatini asrashga urinayotgan otani ko‘rsatadi.
“Interstellar”

NASAning sobiq uchuvchisi insoniyatga yangi makon izlab uzoq kosmik safarga chiqishi kerak. Kuper uchun bu safar bolalarining kelajagini saqlab qolish imkoniyati bo‘lsa, Myorf uchun esa otasidan ayrilishdek tuyuladi.
“Interstellar"da ota va qizning bir-biriga bog‘liqligi butun voqealar rivojini belgilaydi. Kuper uchun ortga qaytish — Myorfga bergan va’dasini bajarish, qizi uchun esa otasini kutish sog‘inch va alam bilan kechadi.
Kristofer Nolanning filmidagi kosmik manzaralar va vaqt haqidagi murakkab g‘oyalar ortida juda insoniy iztirob turadi: farzandingni ulg‘ayish davrlarida uning yonida bo‘lolmaslik. Kuperning uyidan kelgan yillar kesimidagi videoxabarlarni tomosha qilishi masofaning og‘irligini har qanday izohdan kuchliroq yetkazadi. “Interstellar"da ota muhabbati ayriliq, sog‘inch va berilgan va’da orqali ifodalanadi.
“Nemoni izlab”

Nemo ismli baliqcha yo‘qolib qolishi ortidan otasi uni topish uchun okean bo‘ylab yo‘lga chiqadi. Safarda unga tez unutuvchan, lekin yordam berishga shay ajoyib Dori hamrohlik qiladi. Rang-barang suvosti sarguzashti davomida Marlinning o‘zi ham o‘zgaradi.
Ushbu multfilm otaning bolasiga bo‘lgan mehrini juda sodda savol bilan sinaydi: uni hamma narsadan asrashga urinib, mustaqil bo‘lishiga to‘sqinlik qilmayapsizmi? “Nemoni izlab” bolalarga sarguzasht zavqini bersa, kattalarni g‘amxo‘rlik va ortiqcha nazorat chegarasi haqida o‘ylantiradi.
Yuqoridagi filmlar ota-ona va farzand munosabatlarini turli taqdirlar, tanlovlar va sinovlar orqali yoritadi. Bu hikoyalar dam olish kunlarida oilaviy kino oqshomi uchun yaxshi tanlov bo‘la oladi.