Ben Van yangi “X-odamlar” filmida Muz odam rolini ijro etishi mumkin

Marvel va Sony Pictures studiyalarining “X-odamlar” (X-Men) franshizasini qayta ishlash loyihasida Muz odam rolini ijro etishi mumkin bo‘lgan aktyor ma’lum bo‘ldi. Deadline xabariga ko‘ra, “Karatechi bola: Afsonalar” filmi bilan tanilgan Ben Van loyiha ijodkorlari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Mazkur rolga Gabriel LaBell, Jekson Kelli va Renzi Feliz ham da’vogarlik qilgan. 2000-yillarda suratga olingan “X-odamlar” filmlarida Muz odam obrazini Shon Eshmor gavdalantirgan. Asl ismi Robert Dreyk bo‘lgan qahramon ilk bor 1963-yilda komikslarda paydo bo‘lgan. Uning asosiy superqobiliyati qor va muz hosil qilishdan iborat.
Yangi filmda Sedi Sink (Jin Grey), Samara Uiving (Emma Frost), Kit Konnor (Siklop), Indi Navarretti (Rog), Kristofer Ebbott (Professor X) va Adam Drayver (Mister Sinister) ham ishtirok etishi kutilmoqda. Rejissyorlikni “Momaqaldiroqlar” filmi bilan tanilgan Jeyk Shrayyer o‘z zimmasiga oladi.