Jonni Depp “Karib dengizi qaroqchilari” franshizasiga qaytishi mumkin

Amerikalik aktyor Jonni Depp “Karib dengizi qaroqchilari” franshizasining oltinchi qismida Jek Chittak roliga qaytish ehtimoli haqida fikr bildirdi. U Entertainment Tonight nashriga bergan intervyusida bunday taklifni hech qachon rad etmasligini ta’kidladi.
“Men istaydigan yagona narsa — shunchaki yuqori notada xayrlashish. Men prodyuser Jerri Brukxaymer bilan ertagayoq, istalgan loyiha ustida ishlashga tayyorman. Nima bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Agar bu Jerri bo‘lsa, men unga ishonaman. Bizning do‘stligimiz mustahkam”, — dedi aktyor.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, oltinchi film franshizaning qayta ishlangan talqini bo‘lib, asosiy e’tibor Jek Chittakning o‘g‘liga qaratiladi. Ssenariy ustida “1917” filmi bilan tanilgan Kristi Uilson-Kerns ishlagan.
Suratga olish ishlari va premyera sanasi hozircha noma’lum. Franshizaning ilk filmi 2003-yilda chiqqan bo‘lib, beshta film jahon prokatida jami 4,524 milliard dollar daromad keltirgan.