Jeyms Ganning DC Studios’dan ketishining taxminiy sabablari ma’lum bo‘ldi

The Hollywood Reporter nashri Jeyms Gann va Piter Safranning DC Studios rahbarligidan ketishi tafsilotlarini ma’lum qildi.
Insayderlarga ko‘ra, Ganning filmlari kutilgan natijalarni bermagan. Jumladan, “Super qiz” o‘z byudjetini qoplay olmagan, 700 million dollardan ortiq daromad keltirgan “Supermen” esa ommaviy madaniyatda yetarlicha katta ta’sirga ega bo‘lmagan. “Kleyfeys” filmidan keyin horror filmlar yo‘nalishiga o‘tish ham Skydance kompaniyasining yangi rahbariyati tomonidan muhim deb hisoblanmagan.
Warner Bros. va Paramount birlashishidan avval Gann va Safran bevosita Warner Bros. rahbari Devid Zaslavga bo‘ysungan. Biroq ularning rejalaridagi shaffoflik yetishmasligi va mustaqil faoliyat yuritishi Skydance kinobo‘limi rahbarlari Josh Grinstayn va Dana Goldbergni qoniqtirmagan. Natijada kompaniya rahbari Devid Ellison topshirig‘i bilan DC kino olamiga Jeremi Letcham yangi rahbar etib tanlangan.
Gann muxlislarni “Supermen” filmining davomi — “Ertangi kun odami” ustidagi ishlarni yakunlashga ulgurishiga ishontirgan. Film AQSHda 2027-yil iyulida namoyish etiladi. Robert Pattinson ishtirokidagi Mett Rivzning “Betmen” trilogiyasi yakunlanishi esa hozircha noma’lum.