Netflix “Emili Parijda” serialining so‘nggi mavsumi chiqish sanasini e’lon qildi

E’lon qilingan sana: · 253
Netflix “Emili Parijda” serialining so‘nggi mavsumi chiqish sanasini e’lon qildi

Emili nigohi bilan Parijga qilgan sayohatimiz yakuniga yetmoqda: oltinchi mavsum serialning so‘nggisi bo‘ladi. Endi Emilining his-tuyg‘ulariga oydinlik kiritish (bu oson emas), Gretsiyaga sayohat qilish va yorqin, noodatiy obrazlarga boy butun bir davr bilan xayrlashish qoldi.

24-dekabr kuni “Emili Parijda” serialining oltinchi va yakuniy mavsumi birinchi qismi namoyish etiladi. E’lon qilingan tizerda ijodkorlar Lili Kollinz ijrosidagi bosh qahramonning Parijdagi sarguzashtlarini esga oladi va uning navbatdagi sayohati qayerga olib borishini ko‘rsatadi. Bu safar odatiy manzillarga Gretsiya plyajlari va Monako ham qo‘shiladi.

*Quyida beshinchi mavsumga oid spoylerlar bo‘lishi mumkin.

Rimdagi voqealardan so‘ng Emili Parijga qaytadi. Uning Marchello bilan munosabatlari yakunlanadi: Marchello oilaviy kompaniyani boshqarish uchun Italiyada qoladi, Emili esa o‘z karyerasini tanlaydi. Emilining yana yolg‘iz ekanini bilgan Gabriel uni Gretsiyaga taklif qiladi. Bu sayohat qahramonlarga munosabatlariga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi. Biroq serial yaratuvchisi Darren Star hozircha baxtli yakunni va’da qilmayapti.

Rasmiy tavsifga ko‘ra, yangi qismlarda ishdagi ziddiyatlar va shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar Emilini kelajagini qanday tasavvur qilishi haqida qaror qabul qilishga undaydi. U kasbiy maqsadlari, his-tuyg‘ulari va Parijda qurishga ulgurgan hayoti o‘rtasida tanlov qilishi kerak bo‘ladi.

Boshqa qahramonlarning ham hal etilmagan masalalari yig‘ilib qolgan. Mindi Nikolaning turmush qurish taklifini qabul qilgan, ammo u bilan Alfi o‘rtasidagi o‘zaro tortishish hali ham saqlanib qolgan. Agence Grateau agentligida esa kuchlar muvozanati o‘zgaradi: yirik investitsiyalardan so‘ng malika Jeyn Silvining biznes hamkoriga aylanadi. Demak, yangi mavsumdagi intrigalar faqat sevgi uchburchaklari bilan cheklanmaydi.

Suratga olish ishlari Parij, Monako va Gretsiyada, jumladan, Mikonos orolida olib borilgan. Starning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy mavsum serial tarixidagi eng keng ko‘lamli sayohat sifatida rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Fransiya poytaxti voqealarning muhim qismi bo‘lib qoladi, Monakoga safar sababi esa tomoshabinlar uchun syurpriz bo‘lishi kerak.

Serialda Lili Kollinz, Eshli Park, Filippin Lerua-Bolye, Lukas Bravo, Lyusen Laviskont, Samuel Arnold, Bruno Gueri va Pol Forman o‘z rollariga qaytadi. Davomida malika Jeyn rolini ijro etgan Minni Drayver ham paydo bo‘ladi.

Sentyabr oyida Kollinz Emili rolidagi so‘nggi suratga olish kuni haqida xabar bergan edi. Xayrlashuv murojaatida aktrisa ijodiy jamoa va tomoshabinlarga minnatdorlik bildirib, qahramoni bilan xayrlashish unda turli his-tuyg‘ularni uyg‘otayotganini, serial ustidagi ish esa hayotini butunlay o‘zgartirganini tan olgan.

Ilk tizer ham xayrlashuv kayfiyatiga asoslangan. Gabriel bilan tanishuv, ishdagi sarguzashtlar va Emilining to‘satdan peshona sochini kestirishi aks etgan lavhalar yaxtalar, plyaj klublari va bazmlar tasvirlari bilan almashadi. Bir necha mavsum davomida Emili vaqtinchalik sarguzasht deb hisoblagan sayohat uning kundalik hayotiga aylandi. Endi serial bu hayotda Parij qanday o‘rin egallashiga javob berishi kerak.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling