HBO “Garri Potter” serialidan ilk to‘liq parchani namoyish etdi

Bir yarim daqiqalik lavhada birinchi kurs o‘quvchilari fakultetlarga taqsimlanganidan so‘ng Xogvartsning Katta zalida o‘tkazilgan bayramona kechki ovqat aks etgan.
HBO “Garri Potter va falsafa toshi” serialidan ilk to‘liq sahnani e’lon qildi. Bir yarim daqiqalik parchada birinchi kurs o‘quvchilari fakultetlarga taqsimlanganidan keyin Xogvartsning Katta zalida bo‘lib o‘tgan bayramona kechki ovqat namoyish etiladi.
Serialning birinchi mavsumi sakkiz qismdan iborat bo‘lib, Joan Roulingning “Garri Potter va falsafa toshi” romaniga asoslanadi. Unda Dominik Maklaflin (Garri Potter), Jon Litgou (Albus Dambldor), Alaster Staut (Ron Uizli), Arabella Stenton (Germiona Greynjer), Nik Frost (Rubeus Hagrid), Paapa Essiedu (Severus Snegg) va Uorvik Devis (Filius Flitvik) suratga tushgan.
Serialning shouranneri Francheska Gardiner bo‘lib, bir nechta qismga Mark Maylod rejissyorlik qilgan.
Serial premyerasi 25-dekabr kuni HBO va HBO Max platformalarida bo‘lib o‘tadi.