“Muzlik davri 6” multfilmining yangi treyleri chiqdi

“Muzlik davri” animatsion franshizasining oltinchi qismi uchun asosiy treyler taqdim etildi. Yangi multfilmda mamontlar Menni va Elli, yalqov Sid, yo‘lbars Diyego, olmaxon Skret va boshqa qahramonlar Yo‘qolgan dunyoga sayohat qiladi.
U yerda ular dinozavrlar va ulkan Yura davri Skreti kabi turli xavf-xatarlarga duch keladi. Qahramonlarga yana Rey Romano, Kuin Latifa, Jon Leguizamo, Denis Liri va Saymon Pegg ovoz bergan. Multfilmga avvalgi qismlarda prodyuser sifatida ishlagan Jon S. Donkin rejissyorlik qilgan.
“Muzlik davri” franshizasi 2002-yilda boshlangan bo‘lib, dunyo bo‘ylab jami 3,2 milliard dollar daromad keltirgan. Uning 2016-yilda chiqqan “To‘qnashuv muqarrar” nomli so‘nggi filmi tanqidchilar tomonidan salbiy baholangan va Rotten Tomatoes saytida 18 foizlik reyting olgan.
Animatsion franshizaning “Qaynash nuqtasi” deb nomlangan oltinchi qismi 2027-yil 5-fevralda premyera qilinadi.