Theranos asoschisi haqidagi hujjatli film 100 mln dollardan ortiq daromad keltirdi

Elizabet Holms qamoqxonaga jo‘nashidan 34 kun oldin suratga olish guruhiga o‘z hayotini tasvirga olishga ruxsat berdi. U haqidagi film so‘nggi yillarning eng ko‘p daromad keltirgan hujjatli loyihalaridan biriga aylandi.
Box Office Mojo ma’lumotlariga ko‘ra, Theranos asoschisi Elizabet Holms haqidagi “Barchasi ravshan” hujjatli filmi jahon prokatida 102,9 mln dollar yig‘di. Ushbu mablag‘ning qariyb 91 foizi Shimoliy Amerika hissasiga to‘g‘ri kelgan, u yerda kartina ilk dam olish kunlarida 15,6 mln dollar daromad keltirgan. Variety hisob-kitoblariga ko‘ra, film budjeti qariyb 7 mln dollarni tashkil etgan.
Filmni Neytan Filder va Lens Oppengeym suratga olgan. A24 taqdim etgan annotatsiyaga ko‘ra, Holms qamoq jazosini o‘tashni boshlashidan 34 kun oldin suratga olish guruhiga o‘zining kundalik hayotini hujjatlashtirishni taklif qilgan. Natijada uch yillik davrni qamrab oluvchi, qariyb uch soat davom etadigan film yaratildi. Jahon premyerasi oldindan e’lon qilinmasdan Tellurayd kinofestivalida bo‘lib o‘tdi.
Holms bir necha tomchi qon yordamida ko‘plab tahlillarni o‘tkazishni va’da qilgan Theranos startapiga asos solgan. 2022-yilda AQSH sudi uni kompaniya investorlariga nisbatan firibgarlik sodir etganlikda ayblab, 11 yil-u uch oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.