«Biz uchun uzoq kutilgan musiqiy kecha». Xonanda Shohruhxon konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 994
«Biz uchun uzoq kutilgan musiqiy kecha». Xonanda Shohruhxon konsertidan reportaj

Xonanda Shohruhxon 9−14-fevral kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘zining “Ey yor” deb nomlangan yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari dasturda mehmon bo‘lib, musiqiy kechadan foto va video reportaj tayyorladi.

O‘zbek estradasida o‘ziga xos yo‘nalishga ega xonanda Shohruhxonning navbatdagi konsert dasturi film bilan boshlandi, ya’ni avval suratga olingan kino konsert jarayonida monitor orqali namoyish qilindi. Orada xonanda qo‘shiqlar aytadi.

Shohruhxon o‘z musiqiy kechasida qo‘shiqlarni nafaqat fonogramma orqali, balki jonli ijroda ham kuylamoqda. Ayniqsa, retro taronlarini muxlislari bilan birga jonli aytganiga guvoh bo‘ldik.

Konsert ssenariysidan uchta duet ham o‘rin olgan. Shohruhxon o‘z ukasi Muhammadali Navruzov bilan “Necha bora ketarding?”, hamkasbi Afruza bilan “Esingdami?” hamda yaqin do‘sti Nilufar Usmonova bilan “Yoqasan” nomli duet qo‘shiqlarni kuyladi.

Oxirgi marta 2019-yilda konsert bergan xonanda nega salkam to‘rt yil davomida biror marta ham konsert taqdim etmaganini shunday izohladi.

“2020-yilda pandemiya bo‘ldi. O‘zim ketma-ket uch marta koronavirusga chalindim. Men uchun juda ham og‘ir kechdi. Uch yil ichida ikki marta otalik baxtiga erishdim. Bu juda boshqacha tuyg‘u ekan. Balki bu o‘zgarishlar sabab ham joriy yilgi konsertimizda boshqacha yo‘nalishlar paydo bo‘lgandir, deb o‘ylayman. Uch yillik tanaffus vaqtida konsert berishni albatta, sog‘indim. Endi buyog‘iga har yili ko‘rishib turish nasib qilsin. Kinolarda ham ko‘rinaman, hozir yangi loyihalar ustida ishlar olib boryapmiz. Qisqasi, Shohruhxon o‘zgarmoqda”, — dedi xonanda.

Aktrisa, Shohruhxonning rafiqasi Asal Shodiyevaning so‘zlariga ko‘ra, ular birgalikda duet ijro etishi reja qilingan. Ammo konsertga yaqin bu fikrdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan.

“Uch yildan beri Shohruh aka o‘z muxlislari bilan diydorlasha olmadilar. Buning o‘ziga xos turli sabablari bor: dunyodagi har xil voqealar, koronavirus va boshqalar. Bu yilgi konsert biz uchun judayam kutilgan edi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, qo‘shiqlarning yarmi jonli ijro etildi. Bu albatta, ko‘p vaqt va mehnat talab qildi. Konsertda birga duet aytish rejamizda bor edi. Ammo ikkimiz ham juda hayajonlanganimiz uchun duet kuylamaslikka qaror qildik. Men har kuni tomoshabinlar qatori zalda qo‘llab-quvvatlab turibman. Muxlislar bilan sog‘-salomatlikda ko‘rishganimizdan judayam xursandmiz”, — dedi Asal Shodiyeva.

Shohruhxonning ko‘p yillik do‘sti, xonanda Nilufar Usmonova ham konsertga tashrif buyurib, hamkasbi bilan birga duet ijro etdi.

“Xonning o‘ziga xos dunyosi bor, uning hayolidagi obrazi bor. U san’atda ijodkor, oilada farzand, er va ota bo‘lsa-da, ammo sahnada boshqa olamda yashaydi. Nima uchun uni insonlar yaxshi ko‘radi yoki muxlislari ko‘p? Chunki u holatga kirib, ichidagi his-tuyg‘ularini kuyga soladi, ichki dunyosini muxlislariga taqdim etadi. Shohruhxon o‘z ishini juda yaxshi ko‘radi, mas’uliyatli. Agar biror narsa o‘xshamasa, juda qattiq ranjiishi mumkin, qalbigacha og‘ir botadi. U bilan hayotda do‘st, san’atda juftlik bo‘lsak-da, lekin oddiy tinglovchi sifatida uning haqiqiy muxlisiman”, — dedi Nilufar Usmonova.

Eslatib o‘tamiz, 9-fevral kuni start olgan konsert 14-fevralda yakunlanadi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Fotosuratchi: Madina A'zam
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ