Yulduz Usmonovaning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 227
Yulduz Usmonovaning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 16-fevral kuni jonli ijrodagi navbatdagi konsert dasturiga start berdi. Afisha.uz muxbirlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgan musiqiy kechada mehmon bo‘lib, foto va video reportaj tayyorladi.

Yulduz Usmonovaning 2023-yildagi konserti 28-fevralga qadar bo‘lib o‘tadi va unda 17 ta seans mavjud. San’atkor o‘z an’anasiga ko‘ra, bu yil ham qo‘shiqlarni to‘liq jonli ijroda kuylaydi.

Konsert muharriri, shoira Lola Sobirovaning so‘zlariga ko‘ra, dastur uchta blokdan iborat. Ikkita blokga san’atkorning yaqin yillar ichida aytgan va hali premyera qilinmagan qo‘shiqlari kiritilgan bo‘lsa, uchinchi blokda esa nostalgiya, ya’ni 80—90-yillardagi xit taronalar o‘rin olgan.

“Zaldagi muxlislar retro taronalarni tinglab, 80—90-yillarga xayolan qaytadi. Hammasi xalq sevgan qo‘shiqlar bo‘lgani uchun saralash juda qiyin bo‘ldi. Yulduz opani o‘zi odamlar yuragiga kirib borgan, raqsbop retro qo‘shiqlaridan 8 tasini tanladi”, — dedi u.

Lola Sobirova bu yilgi konsert dasturi nima uchun fevral oyida bo‘lib o‘tayotgani haqida gapirarkan, “Martda Ramazon oyi kirib keladi, 8-martgacha bayram dasturlari bo‘ladi. Shu sababli 13 kun kechki, 4 kun kunduzgi seans qo‘yilgan”, — deya izoh berdi konsert muharriri.

Konsertda qiziqchi va aktyor Shukurullo Isroilov boshlovchilik qilmoqda. U repertuaridan joy olgan psixologlar, oilaviy masalalarga oid hazillari bilan zaldagilarga kulgi ulashmoqda.

“Yulduz Usmonovaning konsertlarida 2017-yildan beri ishtirok etib, boshlovchilik qilaman. Konsertlari har yili o‘zgacha, turli va qiziqarli o‘tadi. Olti yil ichida birorta dasturi sust yoki yomon o‘tganini ko‘rganim yo‘q, eshitganim ham yo‘q. Uning energiyaga boy ekanligi meni qoyil qoldiradi. Sahnada qo‘shiq ham aytadi, raqs ham tushadi. Energiya zo‘r, ko‘z tegmasin. Yulduz Usmonova haqiqatdan bizning, elimizning faxri hisoblanadi, qo‘shiqlari va san’ati zo‘r. Shuning uchun bu insonni faqat san’atidan baxramand bo‘lishimiz kerak”, — dedi Shukurullo Isroilov.

Konsert davomida Yulduz Usmonova raqqosalar o‘rtasida kasting o‘tkazganini ta’kidlab, sportchi qizning raqslarini xalqning o‘zi tanlaganini va u konsertda raqs tushayotganini aytdi.

“Yulduz Usmonova kasting o‘tkazayotgani haqida internet orqali xabar topib, darrov raqs ijro etib, videoni telegram manzilga yubordim. Oradan ikki kun o‘tib, kastingdan o‘tganim haqida xabar keldi. Keyin Yulduz opaning oldiga borib, raqs ijro etib berdim. Ular mendan raqqosamisan, deb so‘radi. Sportchi ekanligim, raqsga tushishni yaxshi ko‘rishimni aytdim. „Senda harakat bor, ammo buni kuchaytirishing kerak, sahnaga chiqqanda yonishing kerak. Konsertda „Sanamgina“ qo‘shig‘iga raqs tushasan, yaxshilab tayyorlan“, dedi va o‘zi ham qo‘l, oyoq harakatlarini o‘rgatdi. Yulduz opam, Halima opam, Zarina opamlar menga dalda berishdi, tayyorlandim va hozir sahnadaman”, — dedi Go‘zal Bahromova.

To’liq reportajimizni YouTube sahifamizda tomosha qiling:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Fotosuratchi: Madina A'zam
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ