"Uzoq tanaffusdan so‘ng, yana diydorlashish": Gulsanam Mamazoitovaning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

E‘lon qilindi· 961
"Uzoq tanaffusdan so‘ng, yana diydorlashish": Gulsanam Mamazoitovaning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova 6−9-may kunlari poytaxtdagi Xalqaro forumlar saroyida o‘zining navbatdagi konsert dasturini namoyish etdi. 2016-yildan buyon yakkaxon konsert borasida tanaffus qilgan san’atkorning to‘rt kunlik musiqiy kechasi to‘liq jonli ijroda o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari dasturda mehmon bo‘lib, foto va video reportaj tayyorladi.

Konsert rejissyori Sa’dulla Abdullayevning aytishicha, uchta blokdan iborat dasturdan jami 21 ta tarona o‘rin olgan.

“Ko‘rib turganingizdek, konsert to‘liq jonli ijroda o‘tyapti. Dasturni kuzatib bordim, zaldagilar yaxshi qabul qildi. Dasturga milliy va vatanparvarlik mavzusidagi qo‘shiqlar ham, raqsbop taronalar ham kiritilgan. Tomoshabinlar ba’zan qarsak chalgan bo‘lsa, kerakli vaqtda ko‘zidan yosh chiqdi, raqslarga ham tushgan holatlar bo‘ldi. Gulsanam Mamazoitova xit darajasiga ko‘tarilib, o‘z tinglovchilarini topgan ijod namunalarini kuyladi. Bir qancha qo‘shiqlarini premyera ham qildi”, — deydi Sa’dulla Abdullayev.

Gulsanam Mamazoitova nima uchun 2016-yildan buyon konsert namoyish qilmaganini quyidagicha izohladi:

“Inson ulg‘aygani sari har bir ishini o‘ylab qilarkan. Bir yil ichida yaxshi konsert qo‘yish ham, yaxshi qo‘shiqlarni jamlash ham qiyin. Yaxshi dasturga munosib qo‘shiqlar tayyorgangach, keyin konsert qo‘yaman, degan fikrda yurdim. Shuning uchun ham ko‘p vaqt o‘tkazib yubordim. Muxlislar bilan diydorlashib, jonli konsert qo‘yish orzum 2023-yilning may oyida amalga oshdi. Bundan faqat xursandman”, — deydi san’atkor.

Uning ta’kidlashicha, dastur repertuarini shakllantirish biroz qiyin kechgan.

“2016-yildan buyog‘iga juda ko‘plab qo‘shiqlar yozdik, telekanallarda saundtreklar ham ijro etdim. Lekin ularning birortasini bugungi dasturga kiritolmadik. Chunki qo‘shiqlar juda ko‘pligi uchun saralash oson kechmadi. Shu bilan birga konsertga eski qo‘shiqlardan ham qo‘shishimiz, premeralar ham qilishimish kerak edi. Hammasini inobatga olgan holda dastur qildik. Bu oson bo‘lmadi, albatta. Ammo dastur rejasini xalqni talabiga qarab har kuni o‘zgartirib bordik”, — deydi Gulsanam Mamazoitova.

Xonandaning “Yo‘limga intizor mening onam bor” nomli taronasi ilk bor mazkur konsertda ijro etilib, premyera qilindi.

Konsertga qiziqchi Jamshid Normatov hamda instabloger, qiziqchi Elmurod Haqnazarov boshlovchilik qilib, o‘zlarining hazillari bilan muxlislarga kulgi ulashdi.

Dasturdagi qo‘shiqlarga raqslarni “Tumor” raqs ansambli ijodkorlari ijro etdi.

Batafsil videoreportajni YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov