"Xalqimiz jonli ijroni qadrlay boshlabdi". Ozoda Nursaidova konsertidan reportaj

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 15−22-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. To‘liq jonli ijroda o‘tayotgan konsertda san’atkor repertuaridagi eski va sevimli retro qo‘shiqlar ham, yaqin bir necha yil ichida hitga aylanganlari ham, hali hech qayerda premyera qilinmagan taronlar ham kuylanmoqda. Afisha.uz muxbirlari o‘ziga xos shou konsertdan eksklyuziv foto va video reportaj tayyorlashdi.
Ozoda Nursaidovaning bu galgi konserti “Vatan” qo‘shig‘idan boshlanib, “Ketma” taronasi bilan yakunlanmoqda. Xonanda dastur davomida jami 19 ta ijod namunasini to‘liq jonli ijroda aytmoqda.
“Konsert repertuarini shakllantirishda juda qiynaldim. Muxlislarim orasida turli yoshdagilar borligi uchun qo‘shiqlarni ham yaratilgan yillariga qarab, saraladim. Masalan, 20 yil oldingi qo‘shiqlarimni o‘sha davrda o‘smir bo‘lganlar hozir nostalgiya sifatida qabul qiladi. Yaqin uch, to‘rt yildagi taronalarimni esa bugungi zamonaviy yoshlar ko‘proq eshitadi. Shu bois eski qo‘shiqlarimni ham, yaqin yillarda hitga aylanganlarini ham ijro etyapman. Bir qancha yangi qo‘shiqlarim sahnada premyera qilinyapti”, — deydi san’atkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek xalqi jonli ijroni qadrlashni, eshitishni boshlagan.
“Xalqimiz jonli ijroni qadrlay boshlabdi. Bundan judayam xursandman. Kamchiliklarga qaramay, ijobiy baho beryapti. Odamlarimiz jonli ijroni tinglayotgani, qadrlayotgani biz kabi san’atkorlarni albatta, quvontiradi. Qo‘shiqlarimni birgalikda kulashayotgani ham menga kuch beryapti. Konsert o‘zim kutganimdan ham a’lo darajada o‘tmoqda. Muxlislarimning har biri men uchun qadrli”, — deydi Ozoda Nursaidova.
Xonanda konsertidan avval muxlislari o‘rtasida chellenj o‘tkazgan edi. Shartga ko‘ra, ishtirokchi san’atkorning uchta mashhur taronasidan birini jonli ijroda kuylab, videoga olib yuborishi belgilangan. Ozoda Nursaidova mazkur chellenj va uning g‘oliblari haqida gapirdi.
“Ko‘pchilik yaxshi biladiki, aksariyat san’atkorlar konsert dasturlarida taniqli hamkasblari bilan duet kuylaydi. Bu safar hayotda qiynalib, izlanayotgan, hali omma tanimaydigan iste’dodlarni xalq ichidan tanlab, katta sahnaga olib chiqishga qaror qildim. Ularni yuzaga chiqishiga, o‘z yo‘lini topib ketishiga turtki bo‘lish maqsadida chellenj o‘tkazdik. Unga 500 dan ziyod odam qantashdi. Biz uchtasini saralab oldik va bu oson kechmadi. Uchala yoshlar konsertda har kuni men bilan sahnaga chiqib, duet aytishyapti. Juda hayajon bosyapti, ammo ularga maktab bo‘lyapti, shu tarzda toblanib borishadi. Zaldagi muxlislarim ham xalq ichidan chiqqan haqiqiy iste’dodlarni qarsaklari bilan qo‘llab-quvvatlayapti”, — deydi san’atkor.
Ozoda Nursaidova bu safargi konsertida kiyimlar masalasiga ham alohida ahamiyat qaratgan. U dastur davomida besh xil obrazda namoyon bo‘lmoqda. Kiyimlar masalasida Iroda Agzamxo‘ja va boshqa taniqli dizaynerlar bilan hamkorlik qilgan.
Konsertda O‘zbekistondagi birinchi ayol stend-up komediyachisi Indira Miftahova hamda “Dizayn” kulgu jamoasi a’zosi Dilshod Musabekov boshlovchilik qilmoqda.
Dasturda har kuni taniqli san’atkorlar mehmon sifatida muxlislar bilan zalda o‘tirib, konsert tomosha qilmoqda. Konsertning 3-kuni aktrisa Rayxon Ulasenova, vayner va boshlovchi Husnoraning mehmon sifatida tashrif buyurganiga guvoh bo‘ldik.
To’liq videoreportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling:

