Mr.Presidentdan “Yalla”gacha: Toshkentdagi retrofestivaldan reportaj

E’lon qilingan sana· 4 748
Mr.Presidentdan “Yalla”gacha: Toshkentdagi retrofestivaldan reportaj

Humo Arena majmuasida 8-sentyabr kuni 90-yillar yulduzlari retrofestivali bo’lib o’tdi. Unda Doctor Alban, Haddaway, Mr.President, In-grid, Nana Darkman singari o’nlab dunyo yulduzlari hamda o’zbekistonlik  taniqli “Yalla” ansambli va “Bolalar” guruhi o’z qo’shiqlarini ijro etdi. Afisha.uz muxbirlari mazkur gala-retrofestivaldan reportaj tayyorladi.

90-yillarda o’zining hit taronalari bilan o’sha davr yoshlarining kumiriga aylangan jahonga mashxur san’atkorlarning o’ndan ziyodi Toshkentda jam bo’ldi. Jonli ijroda kechgan konsertga asosan, 40−55 yoshlar oralig’idagi tinglovchilar tashrif buyurdi. Ular orasida qo’shni mamlakatlar: Tojikiston va Qozog’istondan kelganlar ham bor.

Dasturda ishtirok etgan afsonaviy “Yalla” ansambli rahbari, O’zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov bunday retrokonsertlar tez-tez o’tkazilishini ta’kidladi.

“Mana shunday dasturlar bo’lishiga ijobiy qarayman. Mehmon san’atkorlar Bishkekda ham konsert taqdim etishar ekan. Bu qanday yaxshi? Bunday bayramlar davomiy bo’lsin”, — dedi Farruh Zokirov.

Dunyo yulduzi, “Coco Jambo” qo’shig’i bilan mashhur Mr.President konsert bahona Toshkentga birinchi marta kelganini aytdi.

“O'zbekistonga birinchi marta keldim. Bugungi dasturda ko’pchilikning xursand ekanligini, bizga qo’shilib qo’shiq aytganini ko’rib quvondim. Xalqingiz juda mehmondo’st ekan. Bizning muxlislarimiz haligacha ko’p ekanligidan, ularga quvonch ulashganimdan mamnunman”, — dedi Mr.President.

Retrofestivalda 1994-yilda yaratilgan La Bouche guruhi vakili amerikalik reper Leyn MakKrey ham mehmon sifatida ishtirok etdi.

“Toshkentga yana qaytish juda yoqimli. Taxminan 3−5 yil oldin yopiq tarzda o’tkazilgan bayram kechasida qatnashib, qo’shiq aytganman. O’shanda bozorga borib, qo’g’irchoq va yog’ochdan qilingan turli narsalar xarid qilgandim. Muzeyga ham borgandim. Ot go’shti va guruch ham yegandim. Bu safar ham meni yaxshi kutib olishdi. Bugungi konsertda muxlislar va ulardagi energiya ajoyib edi, ijodkorga kuch beradi. O’zbekistonlik muxlislar biz bilan 30 yil birga bo’lganligi uchun rahmat aytmoqchiman”, — dedi Leyn MakKrey.

Eslatib o’tamiz, konsertda 90-yillarning afsonaviy yulduzlari: Mr.President, Doctor Alban, Haddaway, Snap, La Bouche, Nana Darkman, Fly Project, In-grid, “Yalla” va “Bolalar” ishtirok etdi.

Ko’proq fotosuratlarni fotojamlanmada tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ