Duetlar va premyeralarga boy dastur: Vohidjon Isoqov konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 5 806
Duetlar va premyeralarga boy dastur: Vohidjon Isoqov konsertidan reportaj

O’zbek estradasining taniqli xonandasi Vohidjon Isoqov 7−8-oktabr kunlari o’zining navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. Poytaxtdagi “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida bo’lib o’tgan dasturdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Xonanda Vohidjon Isoqovning ikkinchi marotaba o’tkazilgan yakkaxon konsertida ham zal deyarli to’lganiga guvoh bo’ldik. 3 ta blokdan iborat dasturda jami 22 ta tarona ijro etildi. Shundan, 10 tasi yangi qo’shiqlar bo’lib, 3 tasi duetdan iborat.

Vohidjon Isoqov hamkasbi Jasur Umirov bilan “Yomonlama”, Xamdam Sobirov bilan “18 yosh”, Gulinur bilan esa “Bilmay qoldim” nomli duet qo’shiqlarni kuyladi.

“Bir necha yillik mehnatlarim mevasini konsertimda premyera qilishni niyat qilgandim. Shu sababli dastur repertuariga 10 ta yangi taronamni tavakkal kiritib, ijro etdim. Bundan tashqari, hitga aylangan qo’shiqlarimni ham kuyladim. Duetlar ham bor. Qisqasi, konsertni muxlislarim uchun qiziqarli va kutilmagan yangiliklarga boy tarzda o’tkazishga harakat qildik. Duet ijro etish taklifimni rad etmay, yonimda qo’llab-quvvatlab turgan hamkasb do’stlarim: Jasur, Xamdam va Gulinurga alohida minnatdorchilik bildiraman”, — deydi Vohidjon Isoqov.

Konsertda Vohidjon Isoqovning otasi Abdurashid Isoqov ham sahnaga chiqib, “Onajonginam” nomli qo’shiqni jonli ijroda kuyladi.

“O'zim hofiz bo’lganim uchun o’g’lim Vohidjon ham san’at yo’lidan ketdi. Rafiqam ikkimiz farzandimizning qo’shiqlarini ilk tinglovchisi hamda tanqidchisi hisoblanamiz. U men yozib bergan taronalarni ham ijro etadi. Vohidjonning „Salom, sevgi“, „Eslagin“ kabi qo’shiqlarini muxlis sifatida ko’p eshitaman. Keyingi konsertlarida ota-o'g'il duet aytish niyatimiz bor, albatta”, — deydi Abdurashid Isoqov.

Taniqli opa-singil raqqosalar Muhabbat va Malika Qurbonovalar asos solgan “Malika” raqs ansambli ijodkorlari dasturdagi qo’shiqlarga raqs ijro etdi.

“Vohidjon aka bilan ancha yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Nafaqat konsertlarida, balki kliplarida ham suratga tushganmiz. Ular bilan qalin do’stmiz. O’tgan yilgi konsertida ham birga ishlaganmiz. Bu yil raqslarni yana-da chiroyli chiqarishga va ishonchlarini oqlashga harakat qildik. Liboslarga alohida ahamiyat qaratdik. Ansambldagi 18 nafar yigit-qizlarning har birini konsert uchun tanlab olib, jiddiy tayyorlandik”, — deydi O’zbekistonda xizmat ko’rsargan artist Muhabbat Qurbonova.

Konsertda “Qahqaha” kulgi jamoasi a’zolari Tohir Rahimov va Sohib Hasanov o’zining hazil chiqishlari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.

Shuningdek, dasturda O’zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, O’zbekistonda xizmat ko’rsargan artist Farhod Abdullayev hamda boshqa mashhurlar mehmon sifatida tomoshabinlar bilan birga zalda o’tirib, konsert tomosha qildi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ