“Bravo” kulgi jamoasi konsertining ilk kunidan reportaj

E’lon qilingan sana· 5 378
“Bravo” kulgi jamoasi konsertining ilk kunidan reportaj

O‘zbekistondagi taniqli kulgi jamoalardan biri “Bravo” 14-21-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini muxlislariga namoyish etmoqda. Afisha.uz muxbirlari har gal o‘ziga xos tarzda dastur taqdim qiladigan “Bravo”ning joriy yilgi konsertining ilk kunidan reportaj tayyorladi. 

“Bravo” kulgi jamoasi a’zosi Umid Umarovning aytishicha, konsertga tayyorgarlik bir yil avval boshlangan. Yil davomida yozib borilgan ssenariy asosida dasturga ikki oy qolganida repetitsiya jarayonlariga start beriladi.

“Bu safar ham xalq ko‘rgan va bilgan voqealarni kulgili qilib sahnaga olib chiqdik. Masalan, oilaviy, futbol, san’atkorlar va boshqa mavzulardagi hammani ranjitgan yoki kuldirgan holatlarni olib chiqishga qaror qildik. Bugungi kunda kulgi jamoalar va vaynerlar ko‘p, raqobat kuchli. Shu sababli biz ham kuchli tayyorlanishga, tesha tegmagan mavzularga qo‘l urishga harakat qildik. Xolis bahoni baribir tomoshabinlar beradi”, — deydi u.

Jamoa a’zolarining ta’kidlashicha, repetitsiya jarayonlari asosan, kechqurun boshlanib, tongga qadar davom etgan. “Ko‘pchilik kunduzi ijodiy faoliyati yoki boshqa ishlari bilan band bo‘lganligi tufayli tunda tayyorgarlik ko‘rish hammamizga qulay variant edi”, — deydi ular.

Jamoa vakili Otabek Mirzaxolovning so‘zlariga ko‘ra, bu safargi konsertning oldingilarga nisbatan mas’uliyati juda yuqori bo‘lmoqda.

“Chunki bu yil dasturimiz to‘liq jonli ijroda o‘tkaziladi. Avvalgi konsertlarda ham hazillar jonli ijroda bo‘lgan, lekin sahna ko‘rinishlari orasidagi musiqalar dijey tomonidan boshqarilardi. Joriy yil orkestr bilan ishlayapmiz, o‘nlab sozandalar musiqalarni jonli ijro etishmoqda. Jonli ijrodagi konsertga kelgan muxlislar maza qilib dam olib, jonli emotsiyalar bilan qaytishadi”, — deydi Otabek Mirzaxolov.

“Bravo"ning 2022-yilgi konsertiga oz fursat qolganda Shahlo Zoirova jamoani tark etgan edi. Uning o‘rniga kino aktrisalar: Nargiza Salmonova va Durdona Qurbonova jamoa safiga qo‘shilgandi. Joriy yilgi konsertda faqat Durdona Qurbonova ko‘rinish berdi. Jamoa vakillari Shahlo Zoirovaning jamoani tark etishi va u haqidagi savollarimizga javob qaytarishdi.

“Shahlo oilaviy sabablar bilan jamoadan ketdi. Oila baribir birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Uning qarorini to‘g‘ri tushundik va qo‘llab-quvvatladik. U jamoani butunlay tark etmagan. Hozircha tanaffus qilib turay, degandek gap qilgan. Balki keyingi konsertlarimizda sahnaga chiqib qolar. Jamoaga qaytishini niyat qilib qolamiz, qaytsa xursand bo‘lamiz, chiqmasa, majburlay olmaymiz. “Bravo"da kichkinagina rolni o‘ynaydigan odamning ham o‘rni bilinadi. Hammaning ham o‘ziga yarasha o‘rni bor. Shahloning ham o‘rni bilinyapti. Uning o‘rniga yaxshi aktrisa Durdona Qurbonovani chaqirdik. Ko‘z tegmasin, u hozircha yaxshi ketyapti”, — deydi jamoa vakili Ahmad Temurov.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ