"Isyankar"dan "Arabasi var"gacha: Mustafa Sandalning Toshkentdagi konserti qanday o'tdi?
23-oktyabr kuni “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida Turkiyaning eng taniqli xonandalaridan biri — Mustafa Sandalning katta konserti bo’lib o’tdi. Afisha.uz muharrirlari mazkur musiqiy tadbirda ishtirok etib, reportaj tayyorladi.
Konsertni boshlovchi, taniqli aktyor Akmal Nazarov olib bordi. Mustafa Sandal chiqishidan avval turkiyalik mehmonlar — Nurten Ünsev va Murat Saradjev o’z qo’shiqlari bilan tomoshabinlarni xushnud etdi.
“Toshkentga birinchi marta kelishim. Juda go’zal, zamonaviy shahar ekanligiga guvoh bo’lyapman. Binolar juda chiroyli. Choyxonada bo’ldik, o’zbek taomlaridan chuchvara juda yoqdi”, — deydi Nurten Ünsev muharrirlarimiz bilan suhbatda.
Xonanda Mustafa Sandal ijodini aynan shlyager qo’shiqlari uchun alohida hurmat qilishini ta’kidlab o’tdi. Haqiqatdan ham Mustafa Sandal desa ko’pchilikning xayoliga 90-yillarning oxiri, 2000 yillarning boshidagi mashhur xit taronalar keladi.
“Uni eshitib katta bo’lganmiz, bolaligimni eslatadi. „Isyankar“, „Kavrulduk“ qo’shiqlarini rossa tinglaganmiz. O’zi Mustafa Sandalning konsertlariga tashrif buyurish boshqacha zavq bag’ishlaydi, chunki u hamisha yosh ko’rinadi, chiroyli raqsga tushadi, tomoshabinlar bilan bemalol va ochiq muloqot qiladi”, — deydi muxlislardan biri.
Tomoshabinlarning ta’kidlashicha, Sandalning konsertlari “san'atkor va muxlis” degan baryerni yo’q qiladi. U deyarli har bir qo’shiqdan so’ng tomoshabinlarga yuzlanadi, turli savollar beradi, kerak bo’lsa 5−10 daqiqalab suhbat qurishi mumkin. Biz ham shunga bir necha marotaba guvoh bo’ldik.
Mustafa Sandal sahnaga chiqishi bilan tomoshabinlarning qarsagi va ovozi butun saroyni boshga ko’taradigan darajadek edi go’yo.
“Toshkent, bu bizning birinchi uchrashuv emas. Har safar ushbu zaminga o’zgacha kayfiyat bilan tashrif buyuraman, qardosh xalqlarmiz. Har bir kelgan muxlis uchun ta’zimdaman, rahmat”, — deya Mustafa Sandal “İndir” qo’shig’i bilan konsertni boshlab berdi.
“Konsertda shunchaki o’tirishingizni istamayman. Raqsga tushing, zavqlaning. Lirik qo’shiqlardan ko’ra, sho’xroq taronalarni ijro etishga harakat qilamiz”, — deya kulib qo’ydi xonanda.
Dastur davomida “Gidenlerden”, “Gel bana”, “Isyankar”, “Tesir Altında”, “Pazara Kadar”, “Gel Askim”, “Demo” singari mashhur qo’shiqlar yangradi.
“Istersen daglar daglar yerinden oynar oynar
Sabirsiz kalbim bir tek askina isyankar…”
Afsonaviy “Isyankar” qo’shig’iga navbat kelganida Sandalning ijodi bilan batafsil tanish bo’lmaganlar ham “jonlanib” ketdi. Chunki ushbu tarona 2000-yillarning boshida deyarli har bir xonadonlardagi magnitofonga qo’yilgan kassetalarda, radio, televideniye orqali muntazam ravishda yangrar edi.
Dastur ijodkorning yana bir eng mashhur qo’shiqlaridan biri — “Arabasi Var” bilan yakunlandi.
Konsert dasturidan yorqin reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling: