Bahrom Nazarovning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 5 729
Bahrom Nazarovning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

O’zbek estrada xonandasi Bahrom Nazarov 1−5-noyabr kunlari “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Xonandaning 10 yillik yubiley konsertidan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Bahrom Nazarovning joriy yilgi besh kunlik konserti uch blokdan iborat bo’lib, jami 22 ta tarona ijro etilmoqda. Ular orasida “Hijron”, “Pari”, “Nahotki” singari mashhur ijod mahsullardan tashqari, premyera qo’shiqlar ham bor.

“Ijodimni boshlaganimga, sahnaga chiqqanimga 10 yil bo’ldi. Mazkur yubiley munosabati bilan taqdim etayotgan ushbu konsertimda asosan, o’tgan vaqt davomida muxlislar qalbiga kirib borgan hit taronalarni ijro etaman. Bundan tashqari, turli mavzularda 5−6 ta yangi qo’shiqlar ham tayyorladik”, — deydi xonanda.

Oxirgi paytlarda o’zbek xonandalari o’z konsertida bir qancha duet qo’shiqlar ham kuylab, dastur rang-barangligiga alohida urg’u bermoqda. Ammo Bahrom Nazarov konsertida birorta ham duet tarona yo’q. Xonanda bunga shunday izoh berdi:

“Ijodiy faoliyatim yo’lga qo’yilganidan beri biror marta duet tarona yaratmadik. Sababi hali menda xohish paydo bo’lgani yo’q. Shuning uchun konsertimdan ham duet taronalar o’rin olmagan. Balki keyinchalik bo’lib qolar, buni vaqt ko’rsatadi”, — dedi u.

Xonandaning aytishicha, hozirgi kunda zalga odam to’ldirish ham qiyinlashib bormoqda. “Konsert bu — xalq oldidagi juda ham mas’uliyatli jarayon. Bunga jiddiy qarash kerak. Har gal konsert yaxshi o’tishi uchun butun jamoamiz bilan astoydil harakat qilamiz. Bu safargi dasturimiz ham muxlislarga manzur keladi, degan umiddaman”, — deydi Bahrom Nazarov.

Konsertning birinchi kunida taniqli xonandalar — Anvar Sanayev, Dilshod Rahmonov, “Dizayn” kulgi jamoasi a’zolari hamda boshqalar tashrif buyurdi.

“Bahrom o’zimizning ukamiz, shogirdlarimizdan biri, ham juda qadrdonmiz. Xursandchilik kunida ko’plab san’atkorlar qatori qo’llab-quvvatlagani keldim. Birinchi qo’shiqlarini yozayotgan paytlarda maslahatlar so’ragan, yo’l-yo'riqlar ko’rsatganmiz. Boshidan ijodi bizga yoqadi, doim qo’llaymiz va omad tilaymiz”, — deydi Anvar Sanayev.

Dasturda qiziqchi Jamshid Normatov o’z repertuari bilan tomoshabinlarga kulgi ulashmoqda.

Eslatib o’tamiz, konsert 5-noyabrgacha davom etadi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ