Avaz Oxunning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 6 897
Avaz Oxunning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

Taniqli qiziqchi Avaz Oxun 13−20-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari qiziqchining 10 yillik yubiley konsertining ikkinchi kunida mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Avaz Oxunning ta’kidlashicha, u ilk konsertini 2013-yilda “Turkiston” san’at saroyida namoyish etgan. Shundan so‘ng har yili konsert berishni odatga aylantirgan. Joriy yilgi yubiley dasturga ham alohida tayyorgarlik ko‘rgan.

“Bugungi kunda qiziqchilar va kulgi jamoalari ko‘p. Tajribam bo‘lsa-da, lekin repertuar topish juda qiyin. Bizning sohamizda dramaturgiya yo‘q desa ham bo‘ladi. Qiziqchilarning deyarli hammasi repertuarini o‘zi yozib, shakllantiradi. Yozuvchilar bilan birga ishlaydiganlar kamchilikni tashkil etadi. Ammo men biror yozuvchiga taklif bilan chiqmaganman. Chunki repertuarimni o‘zim yozmasam yaxshi chiqmasligini bilaman, ko‘nglim to‘lmaydi. Xalq ichida yurib, odamlarning real hayotidagi holatlar va voqealarni yil davomida daftarga yozib yuraman. Konsertga yaqin ularni tahrirlab, saralayman. 10 yillik yubiley konsertimga ham tayyorgarlikni erta boshlaganman”, — deydi Avaz Oxun.

Qiziqchi har gal konsertida jamiyatdagi bir qancha muammolarni olib chiqadi. Xususan, 2022-yilgi dasturida tibbiyot va dori-darmonga oid masalalarni ko‘targan edi. Bu yil ham an’anani davom ettirgan holda, qator muammolarni nishonga olgan. “Bu konsertda ham satira bor. Satira bo‘lmasa bo‘lmaydi. Har yilgidek asosli bo‘lgan tanqidiy hazillarni repertuarimga kiritganmiz”, — deydi u.

Avaz Oxunning 10 yildan buyon taqdim etib kelinayotgan har bir konsertiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist O‘tkir Siddiqov boshlovchilik qilib keladi. Ammo bu safargi konsertning ikkinchi kunida O‘tkir Siddiqov sahnada ko‘rinish bermadi.

“Katta sahnada O‘tkir akaga to‘n kiydirishni niyat qilgandim. Ammo sog‘lig‘ida biroz muammo borligi uchun kecha va bugun sahnaga chiqqani yo‘q. Konsertning keyingi kunlaridagi seanslarda ustoz yonimizda bo‘lib, bizni qo‘llab-quvvatlaydi degan umiddamiz”, — deydi qiziqchi.

Konsert mehmoni taniqli xonanda Botir Qodirov bo‘lib, u har kuni zaldagi tomoshabinlarga “Oshiq bo‘l”, “Oyning 15 yorug‘” singari bir qancha qo‘shiqlarini ijro etib bermoqda.

“Avaz Oxun ikkimiz bir-birimizning konsertimizda chiqish qilib, o‘zaro qo‘llab-quvvatlab kelamiz. Men hamma qiziqchilar, so‘z ustalarini hurmat qilaman, barchasining o‘ziga xos yo‘nalishi va muxlisi bor. Avazning ham o‘z yo‘li bor va bu xalqqa manzur keladi. U bilan ancha yildan beri qadrdonmiz. Oilamiz bilan har bir konsertini tomosha qilamiz, muxlismiz. Uning ijodiy faoliyatiga omad tilayman”, — deydi Botir Qodirov.

Dasturga nafaqat vodiy va voha viloyatlaridan, balki qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham muxlislar kelganiga guvoh bo‘ldik.

Eslatib o‘tamiz, Avaz Oxunning 10 yillik yubiley konserti 20-noyabrgacha davom etadi.

Konsertdan tayyorlangan videoreportajni YouTube kanalimizda tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ