Nilufar Usmonova – yangi konserti, taqiqqa tushgan davri va ayollar zo‘ravonligi haqida

E’lon qilingan sana· 2 765
Nilufar Usmonova – yangi konserti, taqiqqa tushgan davri va ayollar zo‘ravonligi haqida

Taniqli o‘zbek estrada xonandasi Nilufar Usmonova 24−26-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz konsert arafasida xonanda bilan intervyu uyushtirdi.

Biz Nilufar Usmonova bilan konsertga tayyorgarlik jarayonlari, bugungi xit qo‘shiqlari, nega kinolarda suratga tushmayotgani, farzandlar tarbiyasi, ayollar zo‘ravonligi va boshqa mavzularda suhbatlashdik.


Onangiz O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova har bir yakkaxon konsertiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishidan xabarimiz bor. Siz ham bu an’anani davom ettirib, konsertga juda jiddiy hozirlik ko‘rayapsiz, bunga hozir bir soatdan ortiq vaqt davomida shaxsan guvoh bo‘ldim. Joriy yilgi dasturingizda muxlislaringizni nimalar kutyapti, rejalar qanday?

— Konsertga juda ham tezkorlik bilan tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Chunki imtihonga vaqt oz qoldi. Repertuarimda hit qo‘shiqlar anchaginani tashkil qiladi, ular bilan bemalol ikkita konsert qo‘ysam bo‘ladi. Lekin bugungi kunda ijod qilayotgan xonanda bo‘lganim uchun konsertda albatta, yangi taronalarimni ham kuylayman. Aslida ko‘plab yangi qo‘shiqlar yozgandik. Lekin yarmidan ko‘pi rejaga sig‘madi, eng saralarini tanlab oldik. Konsertda jami 21 ta qo‘shiq ijro etiladi. Ular ichida duetlar ham bor. Do‘stimiz Davron Kabulov hamda yosh xonanda Aziz Yuldashev bilan duet aytaman. O‘ylaymanki, hamkorlikdagi bu ijod mahsullari ham muxlislarimga ma’qul keladi.

Xullas, ko‘rib turganingizdek jamoamiz bilan konsertga tayyorgarlikni to‘xtatganimiz yo‘q. Har kuni shu yerda — “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyidamiz, to‘rt, besh soat vaqtimizni repititsiyaga sarflayapmiz.

Siz Angliyada ham ta’lim olgansiz, ingliz tilini yaxshi bilasiz. Ammo nima uchun inglizcha qo‘shiqlar aytib, xalqaro darajada tanilishga intilmaysiz?

— Ikki, uchta inglizcha qo‘shiqlar yozganmiz. Lekin hamma yurtni o‘z san’atkori bor. Men o‘zbek san’atkorlarining oilasida tug‘ilib, o‘zbekona muhitda tarbiya topgan qizman. Shu paytgacha oilamizni, onamni va meni o‘zbek xalqi boqqan hamda tan olgan. O‘zbekcha qo‘shiqlar kuylasam ham meni butun dunyodagi o‘zbeklar tinglaydi, muxlislik qiladi. Ammo siz aytgandek, xorijga chiqish va boshqa tillarda qo‘shiq aytishga hech qiziqmagan ekanman.

Bir paytlar “Muhabbat sinovlari”, “Bo‘rilar” singari kinolarda suratga tushib, aktrisa sifatida ham tanilgansiz. Lekin keyinchalik filmlarda ko‘rinmay qoldingiz. Sababi nima: kinodan ko‘nglingiz qoldimi yoki takliflar bo‘lmadimi?

— Vaqtim yo‘q. Ertalabdan kechgacha kamera qarshisida o‘tirishga toqatim yo‘q. Shuningdek, men aktyor emasman, bu yo‘nalishda tahsil olmaganman. Hamma ham aktyor bo‘lolmaydi, buning uchun avvalo, mahorat va sabr kerak.

Bugungi kunda o‘zbek qo‘shiqchiligida raqobat kuchli: yoshlar kirib kelyapti, xohlagan odam qo‘shiq aytyapti. Reytingni ushlab turish qiyin. Siz esa so‘nggi yillarda ketma-ket xit taronalarni ommaga taqdim etyapsiz…

— Bulardan ham zo‘r, odamlar qalbiga kirib bora oladigan ma’noli va xit darajasiga ko‘tariladigan qo‘shiqlarim bo‘lgan. Lekin shunchaki davri kelmagan. U paytlarda ayam taqiqda bo‘lgan, men taqiqda bo‘lganman. Keyinchalik vaqt o‘tib, mana, endi zamoni keldi. Xudoga shukur, qilayotgan ijodimizni muxlislar qabul qilyapti. Muxlislarim soni borgan sari ortyapti. Bu ham xursand qiladi, ham mas’uliyat yuklaydi.

Nilufar Usmonova besh farzandining tarbiyasida qanday usullarni qo‘llashi, buvisi bilan bog‘liq xotiralari, Instagram orqali ayol muxlislari va yosh opera xonandalariga o‘z liboslarini hadya qilgani, uning O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlariga munosabatini bilish uchun YouTube kanalimizdagi to‘liq intervyuni tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov