Davron Kabulov bilan duet, zaldagilarni yig’latgan “Otajon”, hashamdor liboslar: Nilufar Usmonova konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 8 010
Davron Kabulov bilan duet, zaldagilarni yig’latgan “Otajon”, hashamdor liboslar: Nilufar Usmonova konsertidan reportaj

Taniqli estrada xonandasi Nilufar Usmonova 24−26-noyabr kunlari “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim qilmoqda. Afisha.uz muxbirlari “Erkalaydi” nomli konsertning ilk kunida mehmon bo`lib, reportaj tayyorladi.

Ustazoda san`atkor Nilufar Usmonova bu yil ikkinchi marotaba yakkaxon konsertini namoyish etmoqda. Uch blokdan iborat dasturda 21 ta tarona ijro qilinyapti. Ular orasida “Uchar qiz”, “Kel ikkimiz”, “Xatlar” kabi xit qo`shiqlardan tashqari, bir qancha premyera taronalar ham bor.

“Bu safargi konsertimga ham astoydil tayyorgarlik ko`rdik. Muxlislarim yaxshi kayfiyatda hordiq chiqarishlarini istab, jamoamiz bilan tayyorgarlikka ko`p vaqt va kuch sarfladik. O`ylaymanki, zaldagi tomoshabinlarga bu konsertim ham juda yoqadi va unutilmas taassurotlar qoldiradi. Bahoni esa albatta, ular beradi”, — dedi Nilufar Usmonova OAV vakillariga bergan intervyusida.

Nilufar Usmonova bu gal ham sahna liboslariga alohida urg`u berib, har bir blokda hashamdor ko`ylakda sahnaga chiqdi. Konsertda raqslarni baletmeyster Zarina Ahmedova rahbarligidagi “Navro'z” raqs ansambli yigit va qizlari ijro etmoqda.

Xonanda 8 yoshida aytgan “Otajon” nomli qo`shig'ini konsertida kuylashga qaror qilgani, tarona muallifi onasi Yulduz Usmonova ekanligini ta’kidlab, qo`shiqni ko`zida yosh bilan ijro etdi.

“Hozirgi davrda buzilib ketayotgan oilalar ko`p, ikkinchi, uchinchi turmushdan farzandlar ko`p. Bilingki, har bitta farzand ota mehriga zor bo`ladi. Ota mehri baribir boshqacha bo`ladi. Har bir ota-ona kelisholmagan taqdirda ham bolalarini bemehr qilib, e`tibordan chetda qoldirmasligi kerak. Ota-ona farzandini tirikligicha o`ldirmasligi kerak, deb o`ylayman. Hozir otam bilan munosabatlarim juda yaxshi, gaplashib turamiz. Lekin bolalikda ko`rmagan mehrimni haligacha ta`siri bor shekilli. Hech kim otam, onam demasin, hamma baxtli bo`lsin ilohim”, — dedi xonanda.

Shuningdek, Nilufar Usmonova qadrdon do`sti, shoumen Davron Kabulov hamda yosh xonanda Aziz Yo`ldoshevlar bilan duet ham kuyladi.

“Nilufar Usmonova bitta zo`r an`anani buzdi. Bizning mahallada qo`shiq aytmagan men, dadam va go`rkov qolgandi. Endi ikki kishi qoladigan bo`ldi. Men professional qo`shiqchi emasman. Biz harakat qildik. Agar qandaydir kamchiliklar bo`lsa, to`g`ri tushunasizlar. Nilufar san`at yo`lida topgan eng yaxshi va samimiy do`stlarimdan biri. Uning navbatdagi konsertining bir bo`lagiga aylanayotganimdan xursandman”, — dedi Davran Kabulov.

Konsertga Nilufar Usmonovaning o`g`il farzandlari hamda taniqli san`atkorlar mehmon sifatida tashrif buyurdi. Xususan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Alisher Fayz va Ulug`bek Rahmatullayev, aktrisa Rayhon Ulasenova, aktyor Dilshodbek Kattabekov va boshqalar zalda o`tirib, hamkasbini qo`llab-quvvatladi.

“Nilufar ikkimiz hayotda nafaqat do`st, balki qadrdon opa-singildekmiz. Uning o`tgan yilgi ilk konserti menga juda ham ma`qul kelgandi. Shu sababli bu yil ham konsertiga tushib, qo`llashga qaror qildim. „Shaytonga bo`ysunmas yuraklar“ nomli duet qo`shig`ini juda sevib eshitaman. Ammo bu konsert repertuariga sig`may qolibdi. Nilufar singlimni 2023-yilgi konserti ham omadli o`tishiga ishonaman”, — dedi taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova.

Konsertdan batafsil reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ