“Odamlar ucha olar”: Konstaning ilk katta konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 6 986
“Odamlar ucha olar”: Konstaning ilk katta konsertidan reportaj

25-noyabr kuni “Alpomish” muz saroyida taniqli reper Konstaning ilk katta konserti bo‘lib o‘tdi. Unda “Kulrang” albomi taqdimotidan tashqari, Munisa Rizayeva, Shokir, Dilnoz, Timur Alixonov, Alinurlar bilan duet chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz reperning mazkur konsertidan katta va yorqin reportaj tayyorladi.

Hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan Konsta taxallusi ostida ijod qiluvchi reper, hip-hop ijrochisi Sharif Abdullayev bunday yirik konsertni ilk marta o‘tkazdi. Sharif Abdullayev Afisha.uz'ga bergan intervyusida 15-noyabr holatiga ko‘ra, fanzonaning 90 foizi, tribunalar chiptalarining 75 foizi sotilib bo‘lganini aytgandi. Konsertda joylar deyarli to‘lganini ko‘rish mumkin edi. Muz saroy esa 5−6 ming kishiga mo‘ljallangan edi.

Konstaning bundan oldingi konsertlari barlarda, kichik konsert zallarda bo‘lib o‘tgan, undan ko‘pi bilan 1,5−2 ming odam to‘plangan.

Ushbu konsert “Alximik” albomidagi treklar bilan boshlanib, doimgidek Konstaning tashrif qog‘oziga aylangan “Gulim” qo‘shig‘i bilan tugadi. Konsert davomida reper yopiq kanalda sotilgan “Kulrang” albomining taqdimotini o‘tkazdi. Pleylistda “Diplom”, “Xaloyiq”, “No shukur”, “Gulistonim” kabi treklar o‘rin olgandi. Hozirgacha ushbu albomni 2100 dan ortiq tinglovchi sotib olgan.

Konsert davomida bir necha duetlar ham kuylandi. Masalan, Shokir (MillyMallymoe), Ulug‘bek Ismatov, Alinur, Timur Alixonov va Dilnoz Hakimovalar bilan xit qo‘shiqlar kuylandi. Munisa Rizayeva bilan yangi qo‘shiq taqdim etildi. Afisha.uz Munisa Rizayevadan ushbu kollab qanday yaralgani haqida so‘radi.

“Biz Konstaga taklif bildirdik va u bizni rad etmadi, o‘zini hissasini qo‘shib, umuman boshqa yo‘nalishda boshqa ashula qilib tashladi. To‘g‘risini aytsam, bu boladan men shokdaman. Chunki, haqiqatdan, bilasizmi, o‘zini ustida ishlaydigan, juda talantli inson ekan. Men ham, meni erim ham eshitadi o‘zi Konstani, biz oilaviy tinglovchimiz”, — dedi Munisa Rizayeva.

Konsert davomida taxminan 350−400 kishi to‘plangan fanzona umuman tingani yo‘q. Konstaning ashaddiy muhlislaridan biri, fanklub a’zosi biz bilan suhbatda konsertdan oldin guruh bo‘lib fanzonani “yondirishga” kelishib olishganini ta’kidlagandi va buni qaysidir ma’noda uddalashdi ham.

2023-yilning asosiy xitlaridan biriga aylangan “Odamlar nima deydi” trekidagi Konstaning sherigi bo‘lgan bloger Timur Alixonov bilan ham suhbatlashdik. U reper bilan yangi duet tayyorlanayotgani, yangi yildan so‘ng taqdim etilishini aytib o‘tdi. Bloger Timur Alixonov o‘z chiqishlaridan so‘ng sevgan qizining qo‘lini so‘radi (Yunetta rozi bo‘ldi!).

Bundan tashqari, ushbu konsertga bir nechta mashhur shaxslar ham tashrif buyurgandi. Afisha.uz muharriri stendap komiklar Mirshakar Fayzulloyev va Islom Karimovdan konsert va Konstaning ijodi haqida so‘radi. Ularning fikri va Sharif Abdullayev sahnada bo‘lgan payt uning telefonida tushilgan selfini YouTube kanalimizdagi (sifatli ovozdagi) to‘liq reportajda tomosha qilishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ