Rayhonning soʻnggi yakkaxon konserti qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 11 703
Rayhonning soʻnggi yakkaxon konserti qanday oʻtdi?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva 19−21-yanvar kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini namoyish etdi. Haqiqiy shou darajasida o‘tgan musiqiy kechadan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Ijodiy faoliyati davomida har bir konsertini o‘ziga xos va shou ko‘rinishida o‘tkazgan Rayhon bu safar ham an’anani davom ettirib, zaldagilarga yorqin lahzalarni tuhfa etdi. U konsert boshida yuqoridan sahnaga tushdi va tabiiyki bu holatni muxlislar olqishlar hamda qichqiriqlar bilan kutib oldi.

“Bugungi kunni uch yil kutdim. Sizlarni judayam sog‘inganman. Uch kun davomida siz aziz muxlislarimga qalbimdagi hamma sirlarni ochishga qaror qildim. Chunki 25 yildan beri meni doim qo‘llab-quvvatlab kelgansizlar, oilamdek bo‘lib qolgansizlar. Umid qilamanki, shu yillar mobaynida ijodim orqali sizlarga bo‘lgan sevgimni his qilgansiz. Konsertimni esa ijodimdagi ilk qo‘shiqlarimni aytishdan boshlayman”, — dedi xonanda.

Shundan so‘ng u “Azoblaysan”, “Baxtli bo‘laman”, “Sevgilim” singari hitga aylangan retro taronalarini ijro etdi.

“Ijodimni endi boshlagan paytlarda san’atkorlarning hayoti faqat gullar, qarsaklar, muxlislar, sahna va baxtli kunlardan iborat, deb o‘ylardim. Lekin bularning ortida qancha mehnat, qiyinchiliklar, sabr, g‘iybat, aldovlar borligi hayolimga ham kelmagan. Afsuski, hayotimda ko‘p aldandim”, — dedi Rayhon va “Alda” qo‘shig‘ini hamda oxirgi yillarda yaratgan sho‘x ijod mahsullarini ketma-ket kuyladi.

Konsertda jami 25 ta qo‘shiq jarang sochdi. Ular orasida eski taronalar ham, yangi ijod mahsullari ham bor. Yillar davomida ko‘plab ayol va erkak hamkasblari bilan hit duetlar ijro etgan Rayhon bu galgi shouda faqat erkak xonandalar bilan duetlar aytdi. Xamdam Sobirov bilan “Qizil ko‘ylagim” qo‘shg‘ini kuylagan bo‘lsa, Shohruhxon hamda Jahongir Poziljonov bilan yangi duetlarni premyera qildi.

“Rayhon juda ham mehnatkash inson, biz buni yillar davomida ko‘rdik. Har doim yangi qo‘shiqlar va kliplari bilan bizni xursand qilib keladi. Bugungi konsertida ham muxlislarini xursand qilish uchun ancha ter to‘kdi. Men ham ijodiy kechasini chiroyli o‘tishida hissa qo‘shganimdan xursandman. Rayhon bilan duet aytishimizga muxlislar sababchi bo‘ldi, ular ancha yildan beri ijtimoiy tarmoqlar orqali talab qilib kelishardi. Hamkorlikda qo‘shiq yaratish bu yilga nasib etgan ekan, ilk marta Rayhonning konsertida kuyladik”, — dedi Shohruhxon.

“Hamkasbim Rayhon bilan ko‘p yillik do‘stmiz, sahnada birga katta bo‘ldik, desam xato bo‘lmaydi. Salkam yigirma yildan beri hamkorlik qilamiz, ko‘p duetlar aytganmiz va bu allaqachon an’anaga aylangan. Rayhonning bu safargi konsertida ham sho‘x duet taronani ijro qildik. O‘ylaymanki, bu muxlislarga ma’qul keladi”, — dedi Jahongir Poziljonov.

Jahongir Poziljonov hamkasbi Rayhonning “bu so‘nggi konsertim”, degan fikrlariga munosabat bildirarkan, “Rayhonga ijod qilish, konsert qo‘yish yarashadi. U juda yaxshi ijodkor. O‘tgan yili kuzda konserti bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan paytda jahl ustida shunday fikrlarni aytgandir balki. Ammo uning konsertlari davom etadi, deb o‘ylayman. Agar „yo‘q“, desa biz hamkasblari yana konsert taqdim etishiga majburlaymiz”, — dedi u.

Rayhon bu konsertida ham raqslar va sahna liboslariga katta ahamiyat qaratgan. U deyarli hamma qo‘shig‘iga raqqosalar bilan teng harakat qilib, raqsga tushdi. Sahnada olti xil libosda ko‘rinish bergani, turli obrazlari va ularga mos hatti-haraktalari bilan ham zaldagilarning yodida qolgani shubhasiz.

Uch kunlik shou davomida Rayhonni o‘nlab hamkasblari muxlislari singari zalda o‘tirib qo‘llab-quvvatladi. Xususan, ular orasida Ziyoda, Shahlo Zoirova, Dildora Rustamova, Manzura, Lola, Mavluda Asalxo‘jayeva kabi shou-biznes vakillarini uchratish mumkin.

Bu Rayhonning so‘nggi konserti bo‘lib qoladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi…

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ