"Tashqarida qor, zalda esa bahor atmosferasi": Yulduz Usmonova konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 17 651
"Tashqarida qor, zalda esa bahor atmosferasi": Yulduz Usmonova konsertidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 16−29-fevral kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Har yili bahorning mart oyida konsert berishga odatlangan Yulduz Usmonova 2024-yilgi musiqiy kechasini fevralda o‘tkazmoqda. Ammo tashqarida qor va harorat sovuq darajada bo‘lishiga qaramay, zal muxlislar bilan to‘lganiga guvoh bo‘ldik.

San’atkor bu yil ham sahna bezaklariga, ayniqsa, gullarga alohida urg‘u berib, muxlislariga bahoriy kayfiyat bag‘ishlamoqda. Konsertni “Bahor” qo‘shig‘i bilan boshlayotgani ham bejiz emas.

Yulduz Usmonova konsertda o‘ttizga yaqin qo‘shiq ijro etmoqda. Ularning aksariyati o‘z davrida shlayger bo‘lgan ijod mahsullarini tashkil etadi.

“Retro konsertga hamma o‘tmishga qaytish uchun keladi. Bu qo‘shiqlarda yillar bor, bularning hammasi yillarni oshib o‘tgan, siz bilan meni ham yashab o‘tgan. Ushbu qo‘shiqlarni eshitgan inson vafot etgan yaqinlarini, ota-onasini, sevganini, o‘sha yillarda nimalar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, hammasini yodga oladi, barchasi ko‘z oldidan birma-bir o‘tadi. Inson esimdan chiqdi, kechirdim, deganda ham hech qachon otib yuborolmaydi, bu qalbda qoladi. Yashab o‘tilgan hayot va taqdir har bir inson uchun qiymatli bo‘ladi, unutolmaydi”, — dedi xonanda.

Konsert to‘liq jonli ijroda o‘tkazilayotgani tufayli sahnada san’atkor bilan birga yuz nafardan ziyod ijodkor mehnat qilmoqda. Yulduz Usmonova bu yil ham taniqli dirijor Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, baletmeyster Zarina Ahmedova rahbarligidagi “Navro‘z” raqs ansambli hamda xor jamoasi bilan ishlamoqda. Bu hamkorlik esa konsertni chiroyli o‘tishida muhim rol o‘ynamoqda.

Musiqiy kechada “Olma-olma”, “Nastarin”, “Dunyo” kabi retro taronlardan tashqari, oxirgi yillarda yaratilgan sho‘x hit qo‘shiqlarning ayrimlari ham kuylanmoqda. Xonandaning sho‘x taronalarga raqqos va raqqosalar bilan birga tengma-teng raqs tushayotgani esa zaldagilarning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.

Dasturni doimgidek taniqli so‘z ustasi Shukrullo Isroilov olib bormoqda.

“2017-yildan beri konsertlarida birga hamkorlik qilib kelamiz. Konsertlari har yili o‘ziga xos va boshqacha o‘tkaziladi. Haqiqatan Xudo bu ayolga yuqtirgan. Doim harakatda va charchamaydi. Konsert juda fayzli bo‘lyapti. Tashqarida qor bo‘lsa ham ichkarida haqiqiy bahor atmosferasi bor. Tabiat injiqligiga qaramay, haqiqiy muxlislar kech qolib bo‘lsa-da, konsertga kelishyapti, zal to‘la”, — dedi Shukrullo Isroilov.

Konsertga nafaqat viloyatlar, balki Tojikiston, Qozog‘iston, BAAdan ham muxlislar kelmoqda. Lekin zalda mehmon san’atkorlarni deyarli uchratmadik. Buning sababi esa bizga noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, konsert 29-fevralga qadar davom etadi.

Toʻliq reportajni YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ