74 yoshli G‘ulomjon Yoqubovning yakkaxon konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 10 403
74 yoshli G‘ulomjon Yoqubovning yakkaxon konsertidan reportaj

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov 1−2-mart kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbirlari bahorning ilk kunlari o‘tkazilgan dasturda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Har yili tug‘ilgan kuni, ya’ni 1-mart sanasida muxlislari oldida ijodiy imtihon topshirishni odatga aylantirgan ustoz san’atkor 2024-yil ham o‘z an’anasini davom ettirdi.

74 yoshli G‘ulomjon Yoqubov konsertida jami 30 ta qo‘shiq ijro etdi. Ularning aksariyati yangi taronalar bo‘lib, oxirgi ikki yil davomida yozilgan va barchasi konsertda premyera qilindi.

“Uzoq vaqt davomida tayyorlangan konsertimizni xalqqa ko‘rsatdik. Muxlislarimga ma’qul kelgan bo‘lsa, mening ham ko‘nglim to‘lgan bo‘ladi, bahoni albatta, xalqimiz beradi. Zaldagilarning deyarli barchasi oxirigacha o‘tirib, tomosha qilishdi. Bundan xursand bo‘ldim va hammaga minnatdorchilik bildiraman”, — dedi san’atkor.

G‘ulomjon Yoqubovning san’at va hayotdagi ko‘p yillik qadrdoni, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev ham konsertga tashrif buyurib, do‘stini sahnada tavallud kuni bilan tabrikladi.

“1969-yili institutda o‘qib yurgan paytimizda Namangan viloyatiga paxtakorlarga xizmat qilgani borganmiz. O‘shanda G‘ulomjon qo‘shiq aytganida, bir odam o‘rnidan turib, „Siz kim bo‘lasiz?“, degan. „Xudo xohlasa, men G‘ulomjon Yoqubov bo‘laman“, deya javob qaytargan va mana shunga ham 55 yil bo‘libdi. G‘ulomjon shuncha yildan beri xalqimizga halol va pok xizmat qilib kelayapti. O‘zbekistondagi yagona „Oltin disk“ mukofoti sohibi G‘ulomjon Yoqubovni bugungi tug‘ilgan kuni va konserti bilan muborakbod etaman, uzoq umr tilayman”, — dedi Yodgor Sa’diyev.

Dasturda bir qancha duetlar ijro etildi. Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan “Do‘stim”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar — Ilhom Farmonov, G‘iyos Boytoyev, Ravshan Komilov va Yahyobek Mo‘minov bilan “Muhammad Yusuf” nomli qo‘shiqlar kuylandi. Shuningdek, G‘ulomjon Yoqubov yosh hamkablari Jahongir Poziljonov va Umar Shamsiyev bilan ham “Meningdek” duetini aytdi.

Konsert mehmoni sifatida so‘z ustasi Avaz Oxun qatnashib, o‘z repertuari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.

“Ustoz bilan turli davralar va xizmatlarda ko‘p ko‘rishganmiz, muloqotda bo‘lganman. Ammo birinchi marta ijodiy hamkorlik qilyapmiz. Ular har doim katta-yu kichikka bir xil muomala qiladi. Zamon bilan hamnafas ijod qiladi, yangi-yangi qo‘shiqlar yaratib, ommaga taqdim etadi. Mazkur konsertiga 21 ta yangi tarona tayyorlabdi. Bu — rekord, „74 yoshida bir yilda 21 ta qo‘shiq yaratgan ijodkor“ deb Ginnes kitobiga kiritish kerak. Bunday insonlarga hech kim e’tibor bermayapti-da”, — dedi Avaz Oxun hazilaralash.

Konsert salkam uch soat davom etdi. Zaldagilarning aksariyati oxirigacha qolib, ba’zan kulib, raqs tushgan bo‘lsa, goh yig‘lab, o‘smirlik davrlarini yodga oldi.

Toʻliq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ