Eksklyuziv: Botir Qodirov yubiley konsertiga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda?

E’lon qilingan sana· 1 005
Eksklyuziv: Botir Qodirov yubiley konsertiga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda?

Taniqli xonanda Botir Qodirov 25−30-aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida ijodining 20 yilligi munosabati bilan yubiley konsertini taqdim etmoqda. Ayni paytda jonli ijrodagi dasturiga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan xonanda tayyorgarlik jarayonlariga OAV vakillarini taklif qildi.

Afisha.uz muxbirlari ham repititsiya jarayonini kadrlarga muxrlab, Botir Qodirovdan bir qancha savollarga javob oldi.

Botir Qodirov 20 yillik yubiley konsertiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘ndan ziyod sozandalar jamoasi bilan mehnat qilayotgan xonanda mazkur ijodiy imtihoni to‘liq jonli ijroda o‘tishini ma’lum qildi.

“20 yillik faoliyatim davomida ko‘plab qo‘shiqlar yaratganman. Konsertimda ularning aksariyati, ya’ni muxlislar va xalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hitga aylangan taronalar ijro etiladi. Bizning hozirgi rejamizga ko‘ra, dastur uch blokdan iborat bo‘lib, har birida 7−8 tadan qo‘shiq kuylanadi. Ammo taronalarni saralashga juda qiynalyapmiz. Chunki tinglovchilar talab qilgan va sevib eshitadigan qo‘shiqlarimning barchasini repertuarga sig‘idirishning iloji yo‘q. Bu yilgi dasturni ikki soat emas, balki uch soat qilib, muxlislar bilan ko‘proq qo‘shiqlar ijro etishni rejalashtiryapman”, — dedi xonanda.

U 20 yil davomida san’atdan nimalar topgani va yo‘qotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

“O‘tgan davr ichida san’atdan ko‘p yaxshi narsalar topdim. Ya’ni o‘z qo‘shiqchilik maktabimga erishdim, yuzlab shogirdlarni tarbiyalashga muvaffaq bo‘ldim, ko‘plab hit qo‘shiqlarim orqali haqiqiy muxlislar olqishini olish baxtini his qildim va yana ko‘p yaxshiliklarga sazovor bo‘ldim. Lekin san’atda katta yo‘qotishlar qilganim yo‘q”, — dedi Botir Qodirov.

Qo‘shiqchi konsertida Yulduz Usmonova bilan duet ijro etishi haqidagi gap-so‘zlarga nisbatan munosabat bildirdi. “Yulduz opam bo‘sh vaqtiga qarab, konsertimizga kelsa, qo‘shiq aytmasa ham duo qilib yoki birrovga mehmon bo‘lib ketsa ham boshimiz osmonga yetadi”, — dedi u.

Konsertga tayyorgarlik jarayonidan reportajning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ