Afsonaviy Daler Nazarovning Toshkentdagi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 3 975
Afsonaviy Daler Nazarovning Toshkentdagi konsertidan reportaj

“Chaki-chaki bo‘ron”, “Azizim” kabi qo‘shiqlari bilan o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish bo‘lgan tojikistonlik xonanda va bastakor Daler Nazarov Toshkentda yakkaxon konsertini taqdim etdi. 15-aprel kuni “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan jonli ijrodagi dasturdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Jonli ijroda o‘tgan konsertda Daler Nazarov nafaqat retro qo‘shiqlar, balki yangi taronalarini ham kuyladi. Zalda xonandaning qo‘shiqlarini tinglab ulg‘aygan va bugun keksalik gashtini surayotgan muxlislardan tashqari, yosh avlod vakillariga ham ko‘zimiz tushdi.

Dasturdan so‘ng Afisha.uz muxbiriga intervyu bergan Daler Nazarov konsert borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Konsert men xohlaganimdan ham ko‘ra yaxshiroq bo‘ldi. Aslida bunday ijodiy kechalarni baholash juda qiyin. Chunki zaldagi odamlar o‘zlari bilan qalbi, yuragi va his- tuyg‘ularini ham olib keladi. Shuning uchun ham istalgan konsert — bu katta bir sovg‘a hisoblanadi, sovg‘a uchrashuvidir. Bugungi konsertim oddiy, qulay va iliq hamda muxlislarning yaqin bo‘lgani bilan ham o‘ziga xos kechdi, deb o‘ylayman. Bundan albatta, mamnunman va zaldagilarning qo‘llab-quvvatlaganidan xursandman”, — dedi u.

Xonanda marhum do‘sti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozovni ham yodga olarkan, shunday dedi:

“Avvallari Toshkentda bo‘lgan konsertlarimda Ravshan menga yaqindan yordam berardi, yonimda bo‘lardi. Bu safar esa uning o‘rni juda sezildi. U menga ilhom bo‘lgan, mendan ilhomlangan inson edi. Ravshan bilan shunchaki judayam yaqin do‘stlar edik. U men uchun ajoyib va katta musiqachi, o‘z ortidan o‘ziga xos musiqiy ifoda qoldirgan inson edi”, — dedi san’atkor.

So‘nggi paytlarda o‘zbekistonlik xonandalar tomonidan tojikcha qo‘shiqlar aytish urfga aylangani hech kimga sir emas. Daler Nazarov bu borada ham o‘z qarashlarini qayd etib o‘tdi.

“Ikki xalq san’atkorlari bir-birimizning qo‘shiqlarimizni qancha ko‘p kuylasak, bu keyinchalik umumiy qo‘shiqlarga aylanadi. O‘zbekistonda qancha tojikcha qo‘shiqlar aytilsa, men xursand bo‘laman. Tojikistonda ham o‘zbek qo‘shiqlari ko‘p ijro etiladi”, — dedi xonanda.

Konsertdan toʻliq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ