Botir Qodirovning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 11 924
Botir Qodirovning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

Taniqli estrada xonandasi Botir Qodirov 25−30-aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Botir Qodirov ijodining 20 yillik yubileyiga bag‘ishlangan jonli ijrodagi dasturda qo‘shiqchining hitga aylangan taronalari kuylanmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Xonanda Botir Qodirov 20 yillik ijodiy faoliyati mobaynida qancha konsert taqdim etgan bo‘lsa, ularda ayrim taronlarini jonli ijroda, aksariyatini fonogramma orqali taqdim etgan. Ammo 2024-yilgi konsertida esa hamma qo‘shiqlarni jonli ijroda kuylamoqda.

“Bu safar konsertga sozandalar bilan uch oy davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Shu sababli ham sahnada barcha qo‘shiqlarimni jonli kuylashda qiynalganim yo‘q. To‘liq jonli ijrodagi konsertdan ko‘nglim to‘lyapti. Bundan battarroq o‘tsa kerak, degan tahminda edim. Lekin men o‘ylaganimdan ancha yaxshiroq bo‘lyapti. Sahnaga chiqqanimda albatta, hayajon bor. Bir qancha qo‘shiqdan keyin muxlislar tafti, energiyasi, olqishlarini ko‘rib, hayajon bosilyapti, kayfiyatim ko‘tariyapti”, — dedi xonanda.

Dastur uch blokdan iborat bo‘lib, jami 21 ta tarona ijro etilmoqda. Konsert repertuaridan xonandaning “Adashdim”, “Ey dil”, “Onam”, “Ey odam”, “Aldamadim” singari hit bo‘lgan va tinglovchilarning sevimli qo‘shiqlariga aylangan taronalar o‘rin olgan. U xorazmcha qo‘shiqlarning ba’zi qismlarini zalning old qatorida o‘tirgan mehmonlar — O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov va xonanda Dilmurod Sultonovlar bilan birga kuylamoqda.

“Bu yilgi konsertimda asosan, o‘zimning qo‘shiqlarimni ijro etmoqdaman. Muxlislar qalbiga kirib borgan va hitga aylangan ijod mahsullarimni repertuarga kiritishga harakat qildik. Konsertda yangiliklar qilish ham rejamda bor edi. Uni ham amalga oshirdim, ya’ni milliy va xorazmcha qo‘shiqlar popurilarini tayyorlab, kuyladim. Nazarimda, bular ham zaldagilarga ma’qul keldi. Chunki ko‘pchilik raqsga tushib, qarsaklar bilan iliq qarshi olyapti”, — dedi Botir Qodirov.

Xonanda oxirgi martga besh yil oldin yakkaxon konsert taqdim etgan edi. Nima sababdan shuncha vaqt davomida muxlislariga ijodiy imtihon topishmagani haqidagi savolga ham izoh berdi.

“Haqiqatan so‘nggi marta 2019-yilda konsert qo‘yganman. Undan keyin pandemiya boshlanib qoldi. Koronavirusdan so‘ng hali konsert namoyish etmagan edik. Shu kabi sabablar bilan dastur orqaga surilaverdi, mana, 2024-yilga nasib qilgan ekan, taqdim qilyapmiz. Shuningdek, bu kabi tanaffuslar ijodkor uchun kerak, deb o‘ylayman. Chunki o‘zingizni anglab olishingiz, kattaroq ishlar qilishingiz uchun ham bunday tanaffsularning foydasi bor”, — dedi qo‘shiqchi.

Konsertda boshlovchilik va qiziqchilik vazifasini xonandaning yaqin do‘sti, taniqli so‘z ustasi Avaz Oxun bajarmoqda. Raqslarni esa “Tumor” ansambli vakillari ijro etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, konsert 30-aprelga qadar “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida davom etadi.

Toʻliq video — YouTube kanalimizda:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ