"Ko‘k jiguli"ga 20 ming dollar sarfladim" - Ozoda Nursaidova bilan eksklyuziv intervyu

E’lon qilingan sana· 3 239
"Ko‘k jiguli"ga 20 ming dollar sarfladim" - Ozoda Nursaidova bilan eksklyuziv intervyu

Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 7−14-may kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. “Xalqlar do‘stligi” san’at saryida bo‘ladigan dasturda san’atkorning asosan, retro qo‘shiqlari ijro etilishi ma’lum qilindi. To‘liq jonli ijroda o‘tishi rejalashtirilgan konsert oldidan Ozoda Nursaidova jurnalistlarning savollariga javob berdi. Afisha.uz muxbiri ham intervyu davomida xonandaga bir qancha savollar berib, ularga izoh oldi.

— Joriy yilgi konsertingizga qancha muddat tayyorgarlik ko‘rdingiz? Jarayonlar qanday kechdi?

— Bu konsertga deyarli uch yil tayyorgarlik ko‘rdik. Har yili konsert qo‘yasam, 60 foiz yangi, 40 foiz eski qo‘shiqlarimni aytardim. Oxirgi yillarda retro konsertlar ommalashyapti, odamlarni ruhiyati shunga moslashdi. Shu sababli men ham nostalgiya konsert taqdim etishni niyat qilgandim. Bu yilga nasib qilgan ekan, mana, xalqimizga namoyish qilish arafasidamiz. Mazkur konsert hisobot dasturi emas, bu retro taronalardan iborat musiqiy kecha bo‘ladi. Bir paytlar o‘zim kuylagan, ammo yodimdan chiqqan va hit bo‘lgan qo‘shiqlarimdan iborat guldasta tayyorganmiz. O‘ylaymanki, joriy yilga konsertim ham muxlislarimga albatta, ma’qul keladi.

— Konsertda nechta qo‘shiqni premyera qilmoqchisiz? O‘tgan yilga dasturingizda o‘nga yaqin yangi tarona kuylagan edingiz.

— Bu safar ikkita tarona premyera bo‘ladi, konsert asosan, retro qo‘shiqlardan iborat. Bilasizmi, konsertda qo‘shiq premyera qilyapmiz, lekin keyin unga klip olsak, ommada qiziqish yo‘qolib qolyapti. Konsertda yangi qo‘shiq aytish xato ekan, buni to‘g‘ri tushuninglar. Qo‘shiq konsertda aytiladi, keyin qolib ketarkan. Bundan buyog‘iga har oyda bitta yangi qo‘shiqni klipi bilan ommaga namoyish etishga qaror qildim va shundan keyin konsert repertuariga kiritaman.

— “Ko‘k jiguli” qo‘shig‘i ancha ommalashdi. “Tarona Xamdam Sobirov uslubiga o‘xshash bo‘libdi”, degan gap-so‘zlar ham bo‘ldi. Munosabatingiz qanday?

— Bunday fikrlarni o‘zim ham eshitdim. Ikkalamizga Doniyor ismli bitta aranjirovkachi ukamiz yozib bergan. Sound o‘xshashi mumkin, lekin qo‘shiq boshqa-boshqa. Xamdam Sobirovni ukamdek yaxshi ko‘raman, uning qalbi go‘zal yigit. Bir kuni instagram orqali yozib, bitta qo‘shig‘ini jo‘natdi. Eshitib ko‘rsam, menga yoqdi va “Yomg‘irlar” taronasini kuyladim, ancha ommalashdi. Shundan keyin hamkorligimiz boshlandi. Lekin “Ko‘k jiguli"ni Xamdam yozib bergani yo‘q. Bu galgi konsertimda Xamdamning bitta yangi qo‘shig‘ini aytaman.

— “Ko‘k jiguli” qo‘shig‘i dunyo miqyosida ommalashdi. Uning muvaffaqiyat siri nimada, deb o‘ylaysiz?

— 2000-yilda “Ketma” qo‘shig‘ini ijro etganman va u ham butun MDHda keng tarqalgan. U davrda internet rivojlanmagan, YouTube tarmog‘i yo‘q edi. “Ketma” bilan ko‘plab davlatlarga xizmat safarlariga borganman. To‘g‘ri, “Ko‘k jiguli” qo‘shig‘im “Ketma"dan ham ko‘ra ancha hit bo‘ldi. Sababi hozir internet rivojlangan davrda yashayapmiz. Shuningdek, klipda nostalgiyaga ahamiyat qaratganimiz uchun ham tinglovchilarga yoqdi, odamlar zamonaviy texnologiyalardan charchadi, deb o‘ylayman. Xalqimiz soddalikka, retroga qaytishni xohlayapti, sog‘ingan nazarimda. Ular talab qilayotganligi tufayli ham shu uslub bizdayam ommalashyapti.

— “Ko‘k jiguli” uchun qancha mablag‘ sarfladingiz?

— 20 ming dollardan ortiq mablag‘ ketdi. Kiyimlar tiktirganmiz, mosovkalar bor, klipni turli joylarda suratga olganmiz.

-Suhbat uchun rahmat!

Ozoda Nursaidova bilan suhbatning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube`dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ