"Hech qaysi san’atkorga adovatim ham, raqobatchiligim ham yo‘q" – Xamdam Sobirov konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 3 441
"Hech qaysi san’atkorga adovatim ham, raqobatchiligim ham yo‘q" – Xamdam Sobirov konsertidan reportaj

O‘zbek estradasining taniqli xonandasi Xamdam Sobirov 24-may kuni Humo Arena’da yakkaxon konsertini taqdim etdi. “Janze” nomli dasturda nafaqat so‘nggi yillardagi xit qo‘shiqlar, balki yangi taronalar ham premyera qilindi. Afisha.uz muxbirlari konsertdan reportaj tayyorlab, Xamdam Sobirovdan bir qancha savollarga izoh ham oldi.

Oxirgi yillarda har bir qo‘shig‘i va klipi yoshlar orasida ommalashib borayotgan xonanda Xamdam Sobirovning bu galgi konsertida jami 25 ta tarona ijro etildi. Ularning 7 tasi duet qo‘shiq bo‘lib, u hamkasblari — Ziyoda Qobilova, Rayxon G‘aniyeva, Gulinur, Sevinch Ismoilova, Zohid Risqiyev, Mirjalol Ne’matov hamda Mirjon bilan duetlar kuyladi.

Shuningdek, u o‘tgan yilgi konsertida bo‘lganidek, bu yilgi dasturida ham muxlislariga kliplari va to‘y-tadbirlarga kiygan, omma uchun tanish bo‘lgan kostyumlarini sahnadan turib hadya qildi.

Konsert boshlanishidan oldin Xamdam Sobirov OAV vakillari, xususan, Afisha.uz muxbirining ham ommani qiziqtirgan bir qancha savollariga javob qaytardi. Quyida uning javoblarini havola qilamiz.

— Bu safar nega Humo Arena’da konsert berishga qaror qildingiz?

— Boshqa san’at saroylarini tanlasak ham bo‘lardi. Lekin ularda oldin sahnaga chiqqanligim uchun negadir Humo Arena’da konsert qo‘ygim keldi. Bu yerga salkam 12 ming nafar odam sig‘arkan, shu sababli ham tavakkil qildim. Bundan tashqari, bir necha kun konsert berishga vaqtimiz yo‘qligi uchun barcha muxlislarni bir kunlik konsertga taklif qilishni istadik. Menimcha, bu majmuadagi ijodiy imtihonimiz yaxshi o‘tadi. Bugun hammaning ko‘nglidan joy olgan qo‘shiqlarim yangraydi. Muxlislarning ko‘nglini qancha ko‘p ko‘tarsak, biz san’atkorlar o‘zimizni shuncha baxtli his qilamiz.

— Tarmoqlarda xonanda Lola bilan ijodiy hamkorlik qilayotganingiz aks etgan videolar tarqalmoqda. Bunga izoh berib o‘tsangiz?

— Lola bilan duet aytish rejamizda bor, albatta. Uni ham muxlislarimizga tez kunlarda havola qilamiz.

— O‘zingiz ijro etayotgan qo‘shiqlar ham, boshqa hamkasblaringiz uchun yozib berayotgan taronalar ham tez ommalashmoqda. Shu sabab bo‘lsa kerak, so‘nggi paytlarda siz bilan duet aytayotgan xonandalar soni ham ortib bormoqda. Sizningcha, duet aytish taklifini bildirayotganlar siz orqali omma nazarida ko‘proq bo‘lishni niyat qilmayaptimi?

— O‘zimni mashhur inson deb o‘ylamayman. Lola, Rayhon, Ozoda opalarimning ijodini kuzatib, katta bo‘lganman, boshqa hamkasblarimning ham ijodini qadrlayman. Ular men bilan duet kuylasa, yana-da mashhur bo‘ladi, degan fikrda emasman. Hammasining o‘z yo‘li, o‘z uslubi va o‘z obro‘-e'tibori bor. Men sababchi bo‘lib qololmayman, barchasiga Xudo sababchi bo‘ladi.

— Xamdam Sobirov bugungi kunda duetdosh tanlayaptimi?

— Yo‘q, tanlamayman. Chunki kim bo‘lishidan qat’iy nazar, chin dildan niyat qilib, taklif bildirsa, men albatta, rozi bo‘laman.

— Duet aytish taklifingizni rad etgan san’atkorlar ham bo‘lganmi?

— Oldin bo‘lgan, hozir ismlarini aytolmayman. Bugungi darajaga kelmasimdan avval rad javoblarini olganman. Hozircha esa hech kim yo‘q demayapti. Lekin o‘zim ham hammaga duet aytaylik, demayapman (kuladi).

— “Ko‘k jiguli” qo‘shig‘ining musiqasi ham, klipi ham sizning uslubingizga o‘xshab ketganligi bois bu taronani Ozoda Nursaidovaga siz sovg‘a qilganingiz haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bu qanchalik rost?

— Ko‘pchilik menga ham shunaqa deyapti. Lekin bu qo‘shiqning muallifi Ozoda opamning o‘zi. Unga mening aloqam yo‘q. Balki yo‘nalishi o‘xshab ketar.

— O‘zbek shou-biznesida aynan sizning yo‘nalishingizda ijod qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Bunga munosabatingiz qanday?

— Ajoyib, zo‘r (kuladi). Mayli, karvon ko‘p rizqi bo‘lak. Bemalol ijod qilishlarini, xalqimiz ko‘nglidan joy olishlarini chin yurakdan xohlayman. Hech qaysi bir san’atkorga ko‘nglimda zarracha bo‘lsa ham adovat yoki yomonlik yo‘q, raqobat yo‘q. Xalqimizning ishonchini oqlasam bo‘ldi, men o‘zimga biror san’atkorni raqobatchi deb hisoblamayman.

— Siz avval “Mango” guruhida faoliyat yuritgansiz. Guruh qayta tiklanishi mumkinmi?

— Bu guruh yoshligimiz, sahnaga endi chiqqan paytlarimizni eslatadi. Guruh tarkibida bo‘lgan do‘stlarimni yaxshi ko‘raman. Ularga oilaviy baxt va omad tilayman. Ammo hammamizning yoshimiz ulg‘ayib qoldi, oilali va farzandlik bo‘ldik. Shuning uchun guruh endi qayta tiklanmaydi, deb o‘ylayman.

— Guruhdan ketganingizdan so‘ng shou-biznesda Xamdam Sobirov nomi paydo bo‘ldi, yakkaxon xonanda sifatida tanildingiz. Guruhning ajralishi sizga omad olib keldi, nazarimda. Siz bu haqda nima deysiz?

— Hech qachon bunday deb hisoblamaganman. Chunki “Mango” guruhi ham elimiz nazarida bo‘lgan, uning ham o‘ziga yarasha muxlislari va yutuqlari bo‘lgan.

— Yo‘nalishingiz qachondir o‘zgarishi mumkinmi?

— Albatta, mumkin. Lekin zamonaviy bo‘lmaydi. O‘sha eskicha deyilayotgan qo‘shiqlar, raqslar xalqimiz qalbiga ancha yaqin. Buni ham qaysidir ma’noda milliylik desak bo‘ladi. Zamonaviy musiqalarni 10 foiz odam eshitishi mumkin, ammo milliy qo‘shiqning muxlislari ancha ko‘p. Shu bois qachondir stilimni o‘zgartirsam ham u zamonaviy bo‘lmaydi.

Xamdam Sobirov konsertidan tayyorlangan reportajning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ