Jaloliddin Ahmadaliyevning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 549
Jaloliddin Ahmadaliyevning jonli ijrodagi konsertidan reportaj

“Eh, jo‘ralar”, “Dadamning soyasida”, “19 yil” kabi qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev 26−30-may kunlari yakkaxon konsertini taqdim etdi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “Yetmasmidi?” nomli dasturda barcha taronalar jonli ijroda kuylandi. Afisha.uz muxbirlari konsertdan foto va video reportaj tayyorladi.

Nafaqat yoshlar, balki keksa avlod vakillari orasida ham o‘z muxlislariga ega Jaloliddin Ahmadaliyev 2022-yildan buyon “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert qo‘yib kelmoqda. Ikki yil davomida konsertlarida ko‘proq oddiylikka ahamiyat qaratgan xonanda bu yil dasturda biroz o‘zgarishlar qilishga qaror qildi. Xususan, joriy yilgi konsertda sahnada raqs ijrochilarini ko‘rish mumkin.

“Mazkur konsertimizda tashqi ko‘rinishim, sahna va raqqosalar masalasida yangiliklar qilganimiz uchun bu odamlarga sal erish tuyulgan bo‘lishi mumkin, lekin yaxshi qabul qilishdi, deb o‘ylayman. Ikki yil mobaynida konsertimda raqslardan umuman foydalanmadik. Ammo ijodkor yangiliklar qilib turishi kerak, chunki bir xillik muxlislarni zeriktirishi mumkin. Nazarimda, bu yilgi o‘zgarishlarni zaldagi tinglovchilar ijobiy qabul qilishdi”, — dedi u.

Oxirgi paytlarda o‘zbek shou-biznesi vakillari orasida Humo Arena’da konsert qo‘yish ommalashib bormoqda. Lekin Jaloliddin Ahmadaliyev nega u yerda konsert taqdim etmagani haqidagi savolga quyidagicha izoh berdi:

“Kimning rizqi qayerda bo‘lsa, kimga qayer ma’qul kelsa, o‘sha yerda konsert qo‘yadi. Men uchun „Xalqlar do‘stligi“ san’at saroyi qulay bo‘lgani sababli yana shu majmuada konsert namoyish qilyapmiz. Balki, vaqti-soati kelib, Humo Arena’da ham qo‘yib qolarmiz”, — dedi xonanda.

Konsertga chiptalar narxi 50 ming so‘mdan 850 ming so‘mgacha sotilgani tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi. Xonanda chiptalar narxi nega qimmatligi yuzasidan ham munosabat bildirdi.

“Bu kabi savollar oldin ham bo‘lgan. Men konsert chiptalariga aralashadigan odam emasman, dastur tashkilotchisi bor. Men faqat tashkilotchidan gonorarimni olib, huddi to‘yga kelgandek, bu yerda qo‘shig‘imni aytib ketaman xolos. Hamma narsani tashkilotchi qiladi. Faqatgina o‘zim uchun sahnaga dekoratsiya yasataman”, — dedi u.

Jonli ijrodagi konsertda eski hit qo‘shiqlardan tashqari, yangi taronalar ham premyera qilindi, jami 30 ga yaqin qo‘shiq aytildi. Dasturda “Bravo” jamoasi a’zosi Umid Umarov, “Dizayn” jamoasi a’zosi Elmurod Haqnazarov hamda qiziqchi Jamshid Normatovlar o‘z repertuari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.

Shuningdek, konsertga Jaloliddin Ahmadaliyevni qo‘llab-quvvatlash uchun qator san’at vakillari, xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Qurbonov, vodiylik xonandalar Tohir Mahkamov, Otabek Muhammadzohid, aktrisa Durdona Qurbonova hamda boshqalar tashrif buyurdi.

Jaloliddin Ahmadaliyev konsertidan tayyorlangan reportajning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ