“Popuri”dan “Lazgi”gacha: Og‘abek Sobirov konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 279
“Popuri”dan “Lazgi”gacha: Og‘abek Sobirov konsertidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov 14−15-iyun kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini namoyish qildi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan dasturda yigirmadan ziyod qo‘shiq ijro etildi. Afisha.uz muxbirlari jonli ijrodagi konsertdan foto va video reportaj tayyorladi.

Muxlislari tomonidan “Xorazm bulbuli” deya ta’riflanuvchi Og‘abek Sobirovning bu yilgi konsertiga jiddiy tayorgarlik ko‘rgani yaqqol sezildi. U qo‘shiqlar repertuariga ham, sahna bezaklariga ham alohida ahamiyat bergan.

“2024-yil boshidan konsertimizga hozirlikni ko‘rishga kirishdik, hammasi reja bo‘yicha bo‘ldi. Joriy yilgi dasturda nafaqat qo‘shiqlar, balki sahna dekoratsiyasi, raqslar masalasida ham yangiliklar qildik, bunga qattiq e’tibor qaratdik”, — dedi xonanda.

“Konsert bu — ijodkorning xalq oldidagi hisoboti. San’atkor ikki-uch yilda bir marta bo‘lsa ham o‘zini imtihondan o‘tkazib turishi zarur. „Yil davomida qilgan ijodimni, yaratgan qo‘shiqlarimni muxlislar qanday kutib olarkin?“, deya konsert ruhiyati orqali yil mobaynidagi ijodini baholab oladi. Konsertni hech qanday tijoriy maqsadda qo‘ymayman. Konsert san’atkor va muxlislarni bog‘lab turuvchi, diydoriga sabab bo‘luvchi bir ko‘prik, deb hisoblayman”, — dedi Og‘abek Sobirov.

Ijodiy kechada jami 23 ta qo‘shiq kuylandi. Ular orasida “Lazgi"dan “Popuri"gacha bor, o‘nlab qo‘shiqlar esa sahnada premyera qilindi. Shuningdek, Og‘abek Sobirov xonanda Malika Egamberdiyeva hamda Xurshida Eshniyozovalar bilan hamkorlikda yaratgan duet qo‘shiqlarini ham ijro etdi.

Dasturni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Dildora Rustamova hamda aktyor va boshlovchi Hamza Hasanovlar olib bordi.

“Og‘abek Sobirovning ijodga bo‘lgan hurmati uni boshqa san’atkorlardan ajratib turadigan hislati, deb bilaman. Chunki o‘zining umrini shu san’atga, ijodga baxshida etib kelyapti. Xorazm san’atining buyuk namoyondalari yo‘llaridan borib, ularga munosib izdosh bo‘lib kelmoqda. Har bir qo‘shig‘ining musiqasi, so‘zlariga alohida ahamiyat qaratadi, jiddiy yondashadi. Og‘abek akani bundan bir necha yillar oldingi konsertlarida ham boshlovchilik qilganman. Ularni yana bir go‘zal konserti bilan tabriklayman”, — dedi Dildora Rustamova.

Konsertda so‘z ustasi Zokir Ochildiyev ham chiqish qilib, o‘z repertuari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.

Og‘abek Sobirov konsertidan tayyorlangan reportajning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ