Shovqini "Argentinagacha yetib borgan" Konsta konserti tafsilotlari

E’lon qilingan sana· 684
Shovqini "Argentinagacha yetib borgan" Konsta konserti tafsilotlari

12-oktyabr kuni “Alpomish” muz saroyida taniqli reper Konstaning navbatdagi katta konserti bo‘lib o‘tdi. Unda ijodkorning xit qoʻshiqlari, jumladan, Munisa Rizayeva, Lola, Shokir, Dilnoz, Timur Alixonov, Alinurlar bilan duet chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz reperning mazkur konsertidan ba’zi lavha va tafsilotlarni ulashadi.

Hip-hop ijrochisi uchun bu konsert ushbu maskandagi birinchisi emas, u 2023-yilda xuddi shu yerda ilk katta konsertini oʻtkazgandi. Bu yil ham Konsta ushbu zalni oʻz muxlislari bilan toʻldirishga muvaffaq boʻldi. Konsertda joylar deyarli to‘lganini ko‘rish mumkin edi. Muz saroy esa 5−6 ming kishiga mo‘ljallangan edi.

Oʻtgan yilgi konsertda “yil dueti” — Munisa Rizayeva bilan kuylangan “Oʻylamading” treki taqdim etilgandi. Bu safargi konsertda esa Munisa Rizayeva shaxsiy sabablarga koʻra Argentinada boʻlib turgani sababli ishtirok eta olmadi. Ammo muxlislar uning yoʻqligini deyarli bildirishmadi. Konsta esa trek boshlanishidan oldin “muxlislarning shovqini Argentinagacha yetib borishi kerak ekani"ni aytib oʻtdi. Reperning haqiqiy muxlislari buni yaxshi uddaladi.

Hip-hop ijrochisi uchun bu konsert ushbu maskandagi birinchisi emas, u 2023-yilda xuddi shu yerda ilk katta konsertini oʻtkazgandi. Bu yil ham Konsta bu ushbu zalni oʻz muxlislari bilan toʻldirishga muvaffaq boʻldi.

Konsta duetlardan oldin ham xitlar yarata olgan. Masalan, konsertlarda "sakraydigan" qoʻshiqlardan biri – "Sintetika" ham muxlislarga manzur boʻldi, buni hamma raqsga tushgani va joʻr boʻlib kuylaganidan bilish qiyin emasdi. 

Oxirgi paytlar "Insonlar" treki reperning tashrif qogʻoziga aylandi. Bu yilgi konsert nomi ham xuddi shunday edi. 

Konstaning azaliy muxlislari "Alximik" albomini yaxshi esalsa kerak, bu ijodkorning sotuvga chiqqan ilk albomi edi. Undagi Abbbose bilan kuylangan "Chekish oʻldiradi" treki oʻsha muxlislarning soʻzma-soʻz yodida ekani quyidagi videodan ma'lum.

Reperning oʻziga xos odati bor – har konsertini oʻziga yaqin boʻlgan trek – "Gulim" bilan tugatadi. Bu Vatan haqidagi qoʻshiq. Yuqorida aytilganidek, eski muxlislar buni juda yaxshi biladi. Konsta bu yil ham oʻsha ana'naga sodiq qoldi.

Umuman olganda, konsert davomida 30 ta trek kuylandi. Majmua muz saroyi boʻlishiga qaramay, zaldagi harorat juda qaynoq edi. 

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Shohruh Haydarov
Fotosuratchi
Shohruh Haydarov