“Ruh”: Sevara Nazarxonning uzoq kutilgan konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 965
“Ruh”: Sevara Nazarxonning uzoq kutilgan konsertidan reportaj

2-3-4-may kunlari Humo Arena majmuasi Sevara Nazarxon muxlislari bilan toʻldi. Oʻzgacha formatdagi sahna, yangi taronalar, har kuni 10 mingdan ortiq muxlis. Afisha.uz muxbiri konsertning birinchi kunida qatnashib, undan foto va videoreportaj tayyorladi.

Konsert boshlanishidan oldin muxlislarni kuzatdik, ular kim bilan kelganiga qiziqdik. Koʻpchilik oilaviy kelganini aytdi. Zalda asosan oʻrta yoshdagi insonlarni uchratish mumkin edi, ularning aksariyati Sevarani yoshliklaridan bilishini ta’kidlab, eng sevimli qoʻshigʻi “Ulugʻimsan Vatanim” ekanini aytdi.

5−10 kishi bilan suhbatlashganimizdan keyin konsert ham boshlandi. 360 gradusli sahna muxlislar bilan yanada yaqin boʻlishga yordam berdi. Sevara Nazarxon “Sahrolarda” qoʻshigʻi bilan boshladi.

Konsert boshlanishidan oldin bosh musiqiy direktor Marat Maksudi bilan suhbatlashganimizda, Sevaraning bu safargi konserti boshqalaridan koʻplab yangi va yangi yoʻnalishdagi musiqalar bilan ajralib turishini aytgandi, shunday boʻldi ham. Konsertning taxminan 70 foiz repertuari yangi treklardan iborat. Ammo xitlar ham unutilgani yoʻq — “Koʻrgim kelar”, “Meni sev”, “Siz”, “Yur muhabbat” va “Ulugʻimsan Vatanim” oʻz joyida. Ammo bular ham yangi talqinda ijro etildi. Shoxrux bilan kuylangan “Asta-sekin"ga ham butun zal joʻr boʻldi.

“Ruh"da yana duetlar ham koʻp boʻldi, Sevara Nazarxon “Ovoz” loyihasidagi shogirdlarini ham unutmadi. Konsertda teleloyiha qatnashchilari bilan bir nechta duet kuylandi. “Meni sev” qoʻshigʻini ikkita Sevara (“Ovoz. Bolalar” loyihasi ishtirokchisi Sevara Narzullayeva ham) va bir Yulduz (Nazarxon) ijro etdi. Yosh Sevara teleloyihada aynan shu qoʻshiq bilan ishtirok etgandi. Bundan tashqari, “Ovoz” loyihasi 1-mavsumi gʻolibi Shohruhmirzo Gʻaniyev bilan ham duet boʻldi.

Konsert davomida Sevara Nazarxon sahnani biror marta tark etmadi. Sahna bezaklari, 360 gradusli sahna bilan qilingan yechimlar shunga imkon berdi. Dastur davomida sahnani yopib turadigan parda tushib-chiqib turdi. U tushgan paytda esa unda ham qoʻshimcha vizuallar namoyish etildi. Bu vaqtda esa dekoratsiya va liboslar oʻzgartirildi.

Toʻliq atmosferani YouTube sahifamizdagi reportajdan va quyidagi suratlardan his qilishingiz mumkin:

Mirjalol Qosimov
Muallif va fotosuratchi
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling