"The Last Dance": "Black Sabbath" afsonaviy metal-guruhlar ishtirokida xayrlashuv konsertini berdi

Xevi-metal tarixidagi eng mashhur guruhlardan biri bo‘lgan “Black Sabbath” o‘zining so‘nggi konsertini ona shahri Birmingemda o‘tkazdi. Bu haqda Independent xabar bermoqda.
“Back to the Beginning” festivali 10 soat davom etdi va bir sahnada “Metallica”, “Lamb of God”, “Slayer”, “Tool”, “Gojira” va “Guns N' Roses”, “Korn”, Stiven Tayler kabi janr afsonalarini to‘pladi. Kechani Jeyson Momoa boshlovchi sifatida olib bordi.
Kecha “Black Sabbath” guruhining original tarkibdagi konserti bilan yakunlandi. Unda Ozzi Ozborn, Toni Ayyommi, Geyzer Batler va Bill Uord chiqish qildi. Ular afsonaviy “War Pigs,” “NIB,” “Iron Man” va “Paranoid” xitlarini ijro etdi. Ozborn Parkinson kasalligi tufayli butun konsert davomida qora taxtda o‘tirdi.
Chiqishdan so‘ng xonandaga bayramona tort sovgʻa qilindi, stadionda mushakbozlik boshlandi. “Bu la’nati sahnada yana turish juda ajoyib, siz buni tasavvur ham qilolmaysiz”, — deb tan oldi musiqachi tomoshabinlarga. Tushgan mablag‘lar xayriya tashkilotlariga, jumladan, “Cure Parkinson’s” fondiga yo‘naltiriladi.
Ozborn konsert oldidan bergan intervyusida “Back to the Beginning” nomi ramziy ekanini, shou muxlislarga minnatdorchilik bildirish usuli bo‘lganini ta’kidladi. “Men Birmingemdan boshqa hech qayerda so‘nggi konsertni berolmasdim — ildizlarga qaytish kerak edi”, — dedi qoʻshiqchi.