Toshkent yilning yorqin shousi arafasida: Jennifer Lopezning 2025-yilgi konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

Toshkent jahon super yulduzi Jennifer Lopezni kutib olishg tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tayyorgarlik ishlari keng miqyosda olib borilmoqda: 1-avgustdan 7-avgustgacha sahna va jihozlarni o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Bu jarayonga 150 dan ortiq sahna qurilmalari, ovoz, yoritish va video sohasidagi mutaxassislar jalb etilgan. Uskunalarning bir qismi esa 11 ta yuk mashinasida chet eldan keltiriladi.
Tomoshabinlarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlash maqsadida, tashkilotchilar 450 nafardan ziyod Milliy gvardiya xodimi va 100 dan ortiq xususiy qo‘riqchini jalb etadi. Odam oqimining harakatini nazorat qilish uchun 200 dan ortiq yo‘naltiruvchi mas’ul bo‘ladi, shuningdek to‘rt bosqichli chipta tekshiruvi amalga oshiriladi. Konsert kuni kassalar kuchaytirilgan ish tartibiga o‘tadi, 60 nafardan ko‘proq xodim esa chiptalarning haqiqiyligini tekshirish bilan shug‘ullanishi koʻzda tutilgan.
Stadiondagi tozalikni 130 dan ortiq tozalovchilar, tibbiy xizmatni 6 ta tez yordam brigadasi, yong‘in xavfsizligini esa 5 ta maxsus guruh ta’minlaydi. Jennifer Lopez bilan birga poytaxtga 90 dan ortiq kishidan iborat jamoa tashrif buyuradi va ular Hilton mehmonxonasiga joylashtiriladi. Ma’lumotlarga koʻra, 7 mingdan ziyod chiptalar xorijlik sayyohlar tomonidan xarid qilingan, shahardagi mehmonxona va restoranlar esa mehmonlar oqimiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shou-dasturga tayyorgarlik ko‘rishda shaharning asosiy xizmatlari — Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ishtirok etmoqda. Konsertni tashkil etishning barcha jarayonlari byudjet mablag‘laridan foydalanmasdan amalga oshirilmoqda.